Breaking News

AQSh-O'zbekiston hamkorligining istiqbollari. Amerikalik yosh olim bilan suhbat


2022-yil siyosiy voqealarga boy davr bo’ldi. Nafaqat Markaziy Osiyo uchun, balki dunyo uchun ham. Rossiyaning Ukrainadagi urushi ko’plab boshqa jarayonlarga turtki berdi. Xususan o’tgan yil avgustida qo’shinlarini shosha-pisha Afg’onistondan chiqarib, mintaqaga qiziqishini yo’qotgan deb o’ylangan AQSh Markaziy Osiyoning Rossiya ta’siriga yanada qattiqroq tushib qolmasligi uchun endi yana e’tiborini hududga qaratmoqda. Markaziy Osiyo va O’zbekistonchi? Ular kimning tarafida bo’ladi?

AQSh-O'zbekiston hamkorligining istiqbollari. Amerikalik yosh olim bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:55 0:00

Vashingtondagi “Newslines” deb nomlanuvchi strategik va siyosat instituti tadqiqotchisi Sem Xarshbarger yaqinda mana shu mavzuda bir maqola muallifi bo’ldi. “Amerika Ovozi” yosh mutaxassis bilan “Skype” orqali gaplashdi.

Odil Ruzaliev (Amerika Ovozi): Sem, sizning “Newslines” instituti uchun tayyorlagan maqolangiz “AQSh-O’zbekiston hamkorligi istiqboli” (“The Potential for a US-Uzbekistan Partnership”) deb nomlanadi. Agar O’zbekiston tashqi siyosatini Mustaqillikdan beri kuzatgan bo’lsangiz, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik uchun istiqbollar bir nechta bo’lganini bilsa bo’ladi.

Birinchisi, O’zbekiston mustaqillikka erishishi bilan bo’ldi. Keyingisi AQShda 2001-yil 11-sentabr voqealari va AQShning Afg’onistonga qo’shin kiritishi ketidan bo’lib, bu ikki mamlakat o’rtasida xavfsizlik bobida o’ta yaqin hamkorlikka turtki berdi. Ammo O’zbekistonda AQSh harbiy bazasining yopilishiga sabab bo’lgan 2005-yil Andijon voqealari ikki tomonlama munosabatlarda uzoq tanaffusga olib keldi. Hamkorlik uchun uchinchi istiqbol va imkoniyat prezident Islom Karimovning o’limidan so’ng o’zbek jamiyatining nisbatan ochilishi va siyosiy cheklovlarning yumshashi oqibatida vujudga keldi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini hozir to’rtinchi istiqbolga yo’l ochdi.

Sizningcha, muammo AQShda Markaziy Osiyo bo’yicha uzoq muddatli strategiyaning yo’qligida, aksar tashabbuslarining Vashingtonning qisqa muddatli ehtiyojlariga bog’liqligidami?

Sem Xarshbarger (“Newlines” strategik va siyosat instituti tadqiqotchisi, Prinston universitetining tarix bo’yicha 3-kurs talabasi):

Nazarimda, AQShda uzoq muddatli strategiyaning yoq’ligi muammoning bir bo’lagi. O’zingiz aytib o’tganingizdek, AQSh-O’zbekiston munosabatlarida yaxshi kunlar ham bo’lgan, yomon kunlar ham. Ko’p hollarda oqlanmagan umidlar ham bo’lgan deb o’ylayman. 2005-yildan keyin AQSh-O’zbekiston hamkorligiga nuqta qo’ygan Andijon voqealarini tilga oldingiz. Nazarimda, aloqalarda hamisha nomutanosiblik ham bo’lgan.

Ukrainadagi voqealar, Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamda o’tgan yil avgustida Afg’onistonning Tolibon nazoratiga o’tishi ketidan munosabatlarda sinxronizatsiya, sozlash ko’p kuzatilyapti. Nazarimda, Toshkent bilan Vashington munosabatlarida mana shuni burilish nuqtasi deb ko’rish mumkin.

Odil Ruzaliev: Sem, Qo’shma Shtatlar har safar O’zbekistonga qiziqish bildirganida yoki aloqalarni kuchaytirmoqchi bo’lganida asosan mudofaa va xavfsizlikka urg’u beradi. Bu safar ham shundaymi? Ayni paytda AQShning Markaziy Osiyo va, xususan O’zbekistonda hozirgi manfaatlari nimadan iborat?

Sem Xarshbarger: Urg’u hamisha mudofaaga berilganiga kelganda siz haqsiz. (2001-yil) 11-sentabr voqealaridan so’ng biz bu sohada O’zbekistonga katta sarmoya kiritdik.

AQShning yangi tayinlangan elchisi [Jonatan] Xenikning Toshkentga borganida aytgan gapiga e’tibor bersangiz, mening nazarimda o’zgarish bo’layotgandek. U O’zbekiston va AQSh o’rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, AQSh kompaniyalari tomonidan O’zbekistonga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoya qilishga g’ov bo’layotgan ayrim muammolarni bartaraf etish haqida gapirdi. O’zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish AQSh uchun yangi tashabbusga qo’l uryapti deb o’ylayman.

Odil Ruzaliev: AQSh va Yevropa O’zbekistonning liberal demokratiya bo’lishini xohlaydi. Markaziy Osiyoda bu masalada O’zbekistonga kim namuna bo’lishi mumkin? Va umuman O’zbekistonning o’zi liberal demokratiya bo’lgisi bormi?

Sem Xarshbarger: Bu yaxshi savol. Demokratiya bobida mintaqada yaxshi namuna bo’la oladigan mamlakatni aytish qiyin. Odamlar odatda Qirg’izistonga ishora qilishadi. Ammo Qirg’izistonning ham o’ziga yarasha muammolari bor. Nazarimda, ko’proq siyosiy va iqtisodiy ochiqlik kerak. AQSh O’zbekistondan yaqin kelajakda Sharqiy Osiyo, Yevropa Ittifoqi yoki Shimoliy Amerikadagi ayrim mamlakatlar kabi liberal demokratiya bo’lishini kutmaydi, ammo O’zbekistonning iqtisodiy tomondan gullashi uchun biznes muhit yaratilishini istaydi.

Odil Ruzaliev: Rossiyaning Ukrainadagi avantyurasi uning G’arb tomonidan yakkalanishiga olib keldi va Moskvaning har qachongidan do’stlar, ittifoqchilar, hamkorlarga ehtiyoji bor. O’zbekiston ana shunday mamlakatlardan biri. O’zbekiston Xitoy, Rossiya va G’arb o’rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilyapti. Sizningcha, O’zbekiston buning uddasidan chiqa olyaptimi va bu to’g’ri siyosatmi?

Sem Xarshbarger: O’zbekistonning Markaziy Osiyoga qiziqishi bor turli qudratli davlatlar bilan aloqalarni muvozanatda ushlashdan boshqa iloji bor deb o’ylamayman. Shu paytgacha O’zbekiston bu ishni a’lo darajada uddalab keldi. Toshkent orqali juda ko’p diplomatik harakatlar bo’lyapti. O’zbekistonning Afg’oniston mavzusidagi tashabbuslarini ko’rdik, sentabrda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qildi, yaqinda Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti yig’inini o’tkazdi. Nazarimda, O’zbekiston o’ta muhim diplomatik o’yinchi bo’lish uchun Markaziy Osiyodagi markaziy o’rni va ustunligini ishga solishga harakat qilyapti va o’ylashimcha, bu ishni yaxshigina uddalayapti.

Odil Ruzaliev: AQSh O’zbekiston bilan aloqalarini yangi shaklga solishi uchun siz tilga olgan istiqboldan qanday foydalanishi mumkin?

Sem Xarshbarger: Nazarimda, Qo’shma Shtatlar iqtisodiy va mudofaa hamkorligi, xavfsizlik sohalarida faollik ko’rsatmoqda. Ikki tomonlama savdoga qaraydigan bo’lsak, so’nggi bir necha yilda uning miqdori ancha oshgan. Afg’oniston va Ukrainadagi voqealar AQSh tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga suverenitetini himoya qilishda mudofaa salohiyatini oshirishga yordam berishga turtki bo’ldi.

O’ylashimcha, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida turli variantlarga ega bo’lishini xohlaydi. Vashington Markaziy Osiyoning Rossiya yoki Xitoy bilan aloqalarini uzishini istamaydi, ammo biz mintaqaning kuchliroq bo’lishini, barcha hamkorlari bilan muzokarachilik pozitsiyasining mustahkam bo’lishini, dunyodagi mamlakatlar bilan munosabatlarini shakllantirishda erkinlikka ega bo’lishini istaymiz.

Odil Ruzaliev: Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Tayvan masalasida Xitoy pozitsiyasining qattiqlashishi Afg’oniston mavzusining AQSh tashqi siyosatidan yo’qolishiga olib keldi deb o’ylaysizmi? Bunday vaziyatda O’zbekiston qanday siyosat yuritishi, Tolibon hukumati bilan qanday aloqa qilishi kerak?

Sem Xarshbarger: Yaxshi savol. Nazarimda, AQSh matbuotida Afg’oniston mavzusining yo’q bo’lib ketgani to’g’ri, ammo AQSh milliy xavfsizligi uchun bu hali ham muhim yo’nalish. Afg’onistonda terrorizm, giyohvand moddalar mavzulari AQSh va uning Markaziy Osiyodagi hamkorlari, jumladan O’zbekiston uchun o’ta dolzarbdir. Bu mavzular AQSh hukumati uchun ahamiyatini yo’qotgan deb o’ylamayman. Amerika matbuotida bu mavzular yoritilmayotgan bo’lsa-da, Vashingtondagi siyosatchilar aqlidan ketgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG