O’zbekistondagi faoliyatini yakunlayotgan AQSh elchisi Daniel Rozenblum O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni asosida “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
U mahalliy matbuotga yaqinda bergan intervyusida elchilik faoliyati davrida O’zbekistonda olib borilgan islohotlar haqida ham fikr bildirdi.
“Afsuski, biz dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, tarixda islohotlarning orqaga qaytish holatlari ko‘p bo‘lgan. Chunki islohotlarni fuqarolar va jamiyatning turli institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan siyosiy rahbar boshlagan. Demak, fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan siyosiy rahbarlar ortga siljitishi ham mumkin”, - dedi u.
Elchi Rozenblum islohotlar taqdiri O’zbekistonda kutilayotgan navbatdagi saylovlarga bog’liqligiga ishora qilgandek bo’ldi.
So’nggi konstitutsiyaviy islohotlardan kelib chiqilsa, bu islohotlarni uchinchi muddatga saylangan Mirziyoyevning o’zi davom ettirishi haqiqatga yaqin.
O’zbekiston konstitutsiyasida bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishiga taqiq qo’yilgan. Lekin konstitutsiyaga kiritilayotgan o’zgartirishlar ortidan bu taqiq Mirziyoyevning avvalgi muddatlariga amal qilmasligi aytilmoqda.
Daniel Rozenblum O’zbekistondagi faoliyatini yakunlar ekan, matbuotda ancha faollashgan.
“Alter Ego” nashridagi suhbatda elchi O’zbekistonda kutilayotgan referendum, konstitutsiyaviy islohotlardagi asosiy diqqat prezident muddatlariga doir o’zgarish bo’lishini ta’kidlaydi.
Elchiga ko’ra, prezident muddatlariga doir o’zgarishning ijobiy va salbiy tomonlarini O’zbekiston hukumati, jamoatchilikning o’zi belgilashi kerak.
“Prezidentlik muddatidan cheklovlar olib tashlanishi yoki bu muddatlarning uzaytirilishi oqibatida xalqqa tobora kamroq hisobot beruvchi hukumatlar shakllanadi. Real hayotda shunday bo’lyapti. Shunday ekan, o’ylashimcha, O’zbekiston hukumati, xalqi bu masalada o’ta ehtiyot bo’lishi kerak”, - deydi elchi.
Rozenblum AQShning Qozog’istondagi elchisi lavozimiga tasdiqlangan.
Uning O’zbekistondagi elchilik faoliyati o’rtadagi munosabatlar jiddiy iliqlashgan paytda, Karimov diktaturasi ortidan hokimiyatga kelgan Mirziyoyev boshlagan islohotlarini olqishlash, qo’llash shiori ostida o’tdi deyish mumkin.
Elchining faoliyati yakunlanishi O’zbekiston va AQSh munosabatlarida yangi bir davr kutilayotgan manzaraga to’g’ri kelmoqda, deydi ba’zi kuzatuvchilar.
O’zbekiston referendumi, prezidentlik muddati, saylovlari ortidan kutilayotgan bu davr hokimiyatda yana Mirziyoyev qolgan taqdirda islohotlar olqishlanishi bilan kuzatilmasligi ehtimoli katta.
Prezidentlik muddatining uzaytirilishi, buning Mirziyoyev foydasiga ishlatilishi ortga, Karimov davriga qaytish ekanligini ta’kidlab kelayotgan siyosatchilar, jamoatchilik faollari ko’p.
O’zbekistonni salkam 30 yil davomida boshqargan marhum Islom Karimov davrida konstitutsiyada, jumladan, prezidentlik muddatlarida ham bir necha bor o’zgarishlar qilingan, bu saylovlarda Karimov nomzodining davomli tarzda prezidentlikka surilishiga xizmat qilgan edi.
“Amerika Ovozi” gaplashgan faollar Karimov davriga qaytish qiyosi nafaqat prezidentlik muddatlari, balki siyosiy tuzum o’zgarishi bilan ham kuzatilishidan xavotirlarini izhor qilishadi.
“Agar Mirziyoyev uchinchi muddatga ham prezidentlik qilishga qaror qilsa, bu Karimov davriga to’liq qaytishni bildiradi, buning ortidan O’zbekistonda tazyiqlar tiklanishi, faollarga nisbatan tahdidlar kuchayishi aniq. Chunki bu qabul qilish qiyin bo’lgan noqonuniy qaror O’zbekistonni yana bir necha yillarga ortga uloqtiradi”, - degan ishonchda yaqinda siyosiy faoliyatga o’tgan san’atkor Jahongir Otajonov.
Konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj, xususan, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishga doir o’zgarishlar - jamoatchilik orasida jiddiy munozara qo’zg’agan mavzu.
Mirziyoyevning o’zi konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyojni dunyodagi siyosiy maydonda beqarorliklar kuchaygani, tahdidlar oshib borayotgani bilan izohlagan edi.
Ammo bu tahdidlarning islohotlardagi asosiy o’zgarish - prezidentlik muddatiga qanchalik aloqadorligi aniqlashtirilmadi.
Mirziyoyev islohotlar shaxsan unga, uning prezidentlik muddatiga qanchalik aloqador bo’lishi yuzasidan ham biror tushuntirish bermagan, ammo jamoatchilikda mavjud aksariyat fikrlar o’zgarishlar shaxsan Mirziyoyev uchun qilinayotganiga doir ishonchdan iborat.
Facebook Forum