Breaking News

AQSh 2024-yilda Markaziy Osiyoga qancha yordam ajratmoqchi?


Bayden ma’muriyati Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) uchun 2024-yil byudjet loyihasida Kongressdan 63,1 milliard dollar so’ramoqda. Shundan 32 milliard dollari tashqi yordam dasturlari uchun.

Yangi byudjetda Markaziy Osiyoga ajratiladigan umumiy yordam miqdori 146,3 million dollarni tashkil etishi kutilyapti.

“Markaziy Osiyoda regional hamkorlikni yaxshilash, shuningdek, besh davlat va G’arb o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Rossiyaning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishining regionga iqtisodiy ta’sirini yumshatish hamda hamkorlarimizning iqtisodiy diversifikatsiya tomon intilishlarini amalga oshirishga yordam berishni ko’zlayapmiz”, - deydi Maykl Shiffer, USAID rahbari o’rinbosari.

Shiffer va davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Elizabet Horst Kongressda bo’lib, qonunchilar savollariga javob berdi.

Kongressmen Jo Vilson deydiki, Rossiya boshliq tashkilotlarga a'zolik Markaziy Osiyo davlatlariga foydadan ko'ra ko'proq zarar
Kongressmen Jo Vilson deydiki, Rossiya boshliq tashkilotlarga a'zolik Markaziy Osiyo davlatlariga foydadan ko'ra ko'proq zarar

Tinglov Vakillar palatasining Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyo bo’yicha quyi qo’mitasida bo’lib o’tdi.

Qo’mita raisi Jo Vilsonga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi bosqinni davom ettirar ekan, bu davlat bilan chuqur tarixiy, geografik va iqtisodiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo respublikalari qiyin ahvolda qolgan.

“AQSh region davlatlari, xususan Qozog’iston, Tojikiston va O’zbekiston bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatiga ega. Markaziy Osiyo diversifikatsiyada rol o’ynashi, Yevropadagi ittifoqchilarimiz uchun Rossiya energiyasiga muqobil variant bo’lishi mumkin”, - deydi kongressmen.

Davlat departamenti rasmiysi Elizabet Horstning ta’kidlashicha, ayni paytda AQSh ishonchli hamkor ekanini ko’rsatishi uchun tarixiy imkoniyatga ega.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika va savdo bobida Moksvaning juda katta bosimi ostida. Lekin shunga qaramasdan ular Ukrainaga qo’shin yuborishdan bosh tortdi. Ular nafaqat Ukraina mustaqilligi va suverenitetiga urg’u bermoqda, balki ukrainlarga gumanitar yordam jo’natdi”, - deydi u.

AQSh davlat kotibi muovini Elizabet Horst Kongressdagi tinglovda, 13-iyul, 2023
AQSh davlat kotibi muovini Elizabet Horst Kongressdagi tinglovda, 13-iyul, 2023

2024-yilda Markaziy Osiyoga quyidagicha ko’mak ko’rsatish rejada:

  • O’zbekiston – 32 million dollar
  • Tojikiston – 30,4 million dollar
  • Qirg’iziston – 23,7 million dollar
  • Qozog’iston – 5,2 million dollar
  • Turkmaniston – 5,1 million dollar

O’zbekistonga ko’mak islohotlarni qo’llab-quvvatlash, Ukrainadagi urushning iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyani kamaytirish va ta’lim tizimini yaxshilashga qaratilgan.

AQSh yordamidan yana bir maqsad – O’zbekistonda biznes muhitni yaxshilab, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoya uchun zamin yaratish. Vashington buni Rossiyaga iqtisodiy qaramlikni kamaytirishning kaliti deb biladi.

“Yordamimiz muqobil savdo yo’llarini kengaytirish, minglab markaziy osiyoliklarga ingliz tilini o’rgatish, vataniga qaytgan mehnat muhojirlari uchun ish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi”, - deydi Elizabet Horst.

Demokrat kongressmen Ami Bera respublikachilarning tashqi yordam dasturlarini 15 foizga qisqartirish taklifini tanqid qilib deydiki, Markaziy Osiyo mintaqasiga Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga muqobil variantlarni taklif etish o’ta muhim, buning uchun turli dasturlarga yetarlicha moliya ajratish lozim.

Jekson-Vanik qonunini bekor qilish kerak, deydi kongressmen Ami Bera
Jekson-Vanik qonunini bekor qilish kerak, deydi kongressmen Ami Bera

Bera, shuningdek, Jekson-Vanik qonunini bekor qilishga chaqirdi. 1974-yilda qabul qilingan bu qonun AQShga erkin bozorga ega bo’lmagan davlatlar bilan biznes qilishni cheklaydi.

“Mintaqaga safar qilganman. Respublikalar hukumatlari Jekson-Vanik qonunini muntazam ravishda bekor qilishni so’rashadi”, - deydi Bera.

Bayden ma’muriyati “Kamar va yo’l” tashabbusiga, Xitoyning iqtisodiy ta’siriga qarshi qanday choralar ko’rayapti degan savolga mutasaddilar “muqobil variantlar taklif qilamiz”, deya javob qiladi.

“Infratuzilma va iqtisodiy taraqqiyot loyihalarini moliyalashning muqobil, xilma-xil usullarini taklif etish – eng ma’qul yo’l. Albatta, AQSh yordami shartlar bilan kelishi jarayonni biroz sekinlashtiradi, ammo tajribadan bilamizki, uzoq muddatda bu Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga javob beradi”, - deydi Elizabet Horst, davlat kotibi muovini.

XS
SM
MD
LG