Breaking News

Xitoy - Tojikiston uchun asosiy investor


Xitoy oxirgi 10-12 yil davomida 65 davlat ichida Tojikistonga eng ko’p investitsiya kiritgan davlatga aylandi. Xitoydan keyingi o’rinlarni Rossiya, Britaniya, AQSh, Qozog'iston va yana bir qator Yevropa davlatlari egallaydi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, "Xitoy Tojikiston uchun har tomonlama strategik sherik". 1993-yildan boshlab hozirgacha Prezidenti Emomali Rahmon Xitoyga 13 marta safar qilgan, Xitoy rahbari ham to’rt marta Tojikistonga tashrif buyurgan.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko’ra, 2007-2021 yillar oralig’ida mamlakatga 65 davlatdan jami 11 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgan. Xitoy ulushi – 3,2 milliard dollar, Rossiya – 1,6 milliard, Britaniya – 714 million, AQSh – 712 million va Qozog’iston – 585 million dollar.

Xitoy Tojikistonda asosan yo’l va binolar qurgan, qoshma yirik sanoat korxonalari tashkil qilgan. Umuman, Xitoy sarmoyasi Tojikistonda aloqa, qurilish, iqtisod, tog’-kon sanoati va zamonaviy texnologiyalar sohalariga yo’naltirilgan.

Xitoyning Dushanbedagi elchixonasi malumotlariga kora, hozir Tojikistonda 300 dan ortiq Xitoy shirkati yoki Xitoy fuqarolari nomiga rasmiylashtirilgan kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

Xitoy tasiri

Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o’rtasida hamkorlikning yangi sahifasi boshlanmoqda. Bu fikrni ilgari surayotgan siyosatshunos Umed Ibrohimzodaning aytishicha, joriy yilning may oyi Sian shahrida bo’lib otgan Xitoy- Markaziy Osiyo (S+C5) sammiti ortidan Rossiyaning ta’siri kamayib borishi bilan mintaqada Xitoyning mavqei ortib borishi yana ham yaqqolroq namoyon bo’ldi.

"Xitoy ilgari ikki tomonlama hamkorlikka ko’proq etibor qaratib kelar edi. Ya’ni mintaqaning u yoki bu davlati bilan ikkitaraflama kelishuvlar asosida alohida ishlab kelar edi. Endilikda Xitoy-Markaziy Osiyo formatida Markaziy Osiyo va Xitoy rahbarlari hamkorlikda munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollarini, dolzarb mintaqaviy muammolarni muhokama qilishlari va kun tartibining dolzarb masalalari bo’yicha pozitsiyalarini o’rtoqlashishlari yoki muvofiqlashtirishlari mumkin", - deydi Ibrohimzoda.

Sianda Prezident Si Zinpin Markaziy Osiyo rahbarlariga transchegaraviy savdoni kengaytirish taklifi bilan chiqib, mintaqa davlatlariga 4 milliard dollarga yaqin yordam ajratishga va’da berdi.

Xitoyning Markaziy Osiyoga iqtisodiy ta’siri muntazam ortib bormoqda. Bugungi kunda mintaqaning barcha davlatlari Xitoydan milliardlab dollar qarz va bu qarz o’sib bormoqda.

2023-yilning ortalariga kelib, bu qarz Qozogistonda 9 milliard dollarga yaqin, Ozbekistonda 4 milliard dollar atrofida, Qirgizistonda 1,7 milliard dollar va Tojikistonda 1 milliard dollarga yaqinlashib qolgan.

Turkmanistonning Xitoydan qarzlari jamoatchilikka ochiqlanmaydi. Ammo norasmiy manbalarga ko’ra, boshqa davlatlarinikidan kam emas.

Xitoy Markaziy Osiyoning energetik tizimi, qishloq xo’jaligi, yo’l qurilishi, sanoat va tog’-kon sanoati kabi sohalariga katta investitsiya kiritib kelmoqda, jumladan “Kamar va yo’l” loyihasi doirasida. Yaqinda Tojikistonning O’zbekiston va Afg’oniston bilan chegaradosh Shahrituz tumanida Xitoy tomonidan iqlim va atrof muhitni kuzatuvchi super kuzatuv qurilmasi o’rnatildi.

Kelishuv shartlari haqida ma’lumot oz

Tojikistonda Xitoy sarmoyasi jamoatchilikning ziyoli qatlami orasida tashvish va xavotir uyg’otmoqda. Davlat organlari mas’ullarining fikricha, Xitoy past foiz bilan uzoq muddatga va imtiyozli to’lov tizimi bilan qarz berishi sababli Tojikiston bu imkoniyatdan foydalanib kelmoqda.

Siyosatshunos Umed Ibrohimzodaning aytishicha, Xitoy sarmoyasi ikki davlat orasidagi bahsli chegara mintaqasi to’liq demarkatsiya va delimitatsiya qilinganidan so’ng sezilarli darajada orta boshlagan.

"Etiborni tortadigan bir jihat, Xitoydan Tojikistonga sarmoya oqimining sezilarli darajada o’sishi 2011-yil ikki davlat o’rtasidagi chegara masalalari hal etilganidan song, yana ham aniqrog’i, Tog’li Badaxshon muxtor viloyatining Murg’ob tumanida Tojikiston hududining bir foizi Xitoyga berilganidan keyin boshlangan. Shundan beri o’tgan vaqt davomida ikki davlat o’rtasida misli ko’rilmagan yaqinlashuv kuzatildi va sarmoyalar doimiy ravishda ortib bormoqda", - deydi tahlilchi.

Xorijdagi tojik muxolifatchilar mamlakat rahbariyatini mamlakat hududining bir qismini Xitoyga sotib yuborganlikda ayblab keladi. Bu yer Xitoydan olingan qarzlar evaziga berilgani haqida ham norasmiy ma’lumotlar mavjud. Hukumat Xitoy foydasiga hal qilingan yerlar ikki davlat orasidagi bahsli hududlardan bo’lganligini bildirgan.

2012-yilda Tojikiston rahbarining Pekinga safari paytida Xitoy Tojikiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoya miqdorini bir milliardga yetkazishga va’da bergan edi.

2019-yilda Si Zinpinning Tojikistonga tashrifi paytida Dushanbeda parlament va hukumat binolari qurilishi boshlangan. Har ikki inshootning qurilishi uchun Xitoy 1,5 milliard dollar miqdorida mablagajratgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o’z bayonotida bu mablag’ni "qoshni va do’st mamlakatning g’arazsiz moliyaviy qo’llashi", deb atadi, ammo bu mablag’ qanday huquqiy asnoda berilgani ma’lum emas.

"Xitoyning saxovatpeshaligidan eyforik holatda bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlari hushyor bo’lishlari kerak. Chunki "dunyo kuch markazlaridan muvozanatli teng masofada bo’lish" tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatning asosiy konsepsiyasini unutib qo’yish va boshqa kuch yig’ayogan davlat tuzog’iga tushib qolish xavfi bor", - deydi Ibrohimzoda.

Umuman, Xitoy bilan sheriklikdagi loyihalar haqida ma’lumotlar juda kam. Maxsusan, kelishuvlarning iqtisodiy va huquqiy tomonlari Tojikistonda deyarli ochiqlanmaydi.

Qirgiziston tajribasi

2021-yili Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi bir qator yirik va strategik muhim inshootlar Xitoy ixtiyoriga o’tib ketishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi.

"Davlat xizmatida mening advokatim, do’stim yoki qarindoshim degan prinsip bo’lmasligi kerak. Mamlakatimiz 30 yil davomida shu tamoyil asosida yashab kelmoqda va hozir yo’q bolib ketish xavfi ostida. Tashqi qarzimiz 5 milliard dollarga yaqin. Ularning bir qismini o’z vaqtida tolamasak, ko’plab obyektlarimizdan ayrilib qolamiz", - degan edi prezident.

Deputat Aqilbek Japarovning aytishicha, Bishkek issiqlik elektr stansiyasining bir qismini modernizatsiya qilish loyihasi, shuningdek, "Datka-Kemin" va "Shimoliy-Janubiy" avtotrassa loyihalari uchun kredit olishda butun obyekt garovga qo’yilgan.

"Qarzni to’lashda bir daqiqa, hatto bir soniya kechiksak, bu qurilgan yoki modernizatsiya qilingan obyektlar ularga o’tishi mumkinligi haqida shartnoma imzolagan edik. Issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish uchun 380 million dollar sarflangan, 492 million dollar qilib qaytarish kerak. Shuningdek, "Datka-Kemin" elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi yoki, masalan, "Shimoliy-Janubiy" muqobil shoh yo’li. Iqtisodiyotimiz asosini tashkil etuvchi ushbu uchta yirik infratuzilma loyihasi bo’yicha qarzlarni o’z vaqtida tolamasak, ularni boshqarish, jumladan, tarif hajmini belgilash Xitoyning Eksport-import banki (Eksimbank) ixtiyoriga o’tadi. O’shanda (shartnoma bog’lashda) biz bu haqda chuqurroq o’ylamagan ekanmiz", - degan Aqilbek Japarov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG