Breaking News

AQShda Xitoy sarmoyasi keskin kamaygan


2019-yilda Xitoyning AQShga qilgan sarmoyasi oxirgi o’n yillikdagi eng past nuqtaga tushdi, deyiladi yangi tahlilnomada. Bu dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o’rtasida pandemiyadan oldin boshlangan savdo bo’yicha keskinlikni aks ettiradi.

“Rhodium Group” tadqiqot guruhi hamda AQSh-Xitoy aloqalari bo’yicha milliy qo’mitaning qo'shma hisobotiga ko’ra, ikki mamlakat savdo kelishuvining birinchi bosqichi bo’yicha muzokaralarni yakunlagani 2020-yilda ko’proq investitsiya uchun yo’l ochgan bo’lsa-da, COVID-19 manzarani o’zgartirmoqda.

O’tgan yili Xitoydan AQShga har uch oyda o’rtacha 2 milliard dollar miqdorida to’g’ridan-to’g’ri sarmoya oqib kelayotgan edi. 2020-yilning birinchi choragida bu raqam 200 million dollarga tushgani oqim deyarli to’xtaganini ko’rsatadi. Yilning ikkinchi yarmida tiklanish ehtimoli bor, ammo pandemiya ta’siri yil bo’yicha to’liq raqamlarda aks etishi kutilmoqda.

Shuningdek, so’nggi uch oyda AQSh kompaniyalari Xitoyga 2,3 milliard dollar to’g’ridan-to’g’ri sarmoya qilgani ma’lum. 2019-yilda bu raqam 2,8 milliard dollar edi. Hisobotga ko’ra, Xitoydagi AQSh bizneslarining aksariyati hozircha o’z faoliyatida katta o’zgarish qilgani yo’q.

COVID-19 global ta’minot tizimining zaif jihatlarini ko’rsatib berdi. Natijada AQSh kompaniyalari ayrim zavodlarini Xitoydan ko'chirishi mumkin. Shu bilan birga, deyiladi tahlilnomada, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko’proq sarmoyaga ham yetaklashi ehtimoldan xoli emas.

Ikki tomonlama munosabatlar yo’nalishi muhimligacha qoladi: Savdo kelishuvining dastlabki bosqichidan keyin pandemiya AQSh va Xitoyga inqirozni va virusni yengish ustida birgalikda ishlash imkonini berdi, deyiladi tahlilda.

Ammo iqtisodiy raqobat va bir-biridan farqli siyosiy tizimlar kurashi munosabatlarni yaxshilash yo’liga to’siq bo’lishda davom etmoqda, hukumatlar muammolarda bir-birini ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG