Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi o'rinbosari Mett Pottinjer xitoy tilida bu xalqqa murojaat qilib, Pekinni repressiyada aybladi.
Xitoy erkin so'zlagani uchun o'z fuqarolarini jazolaydi, bunday siyosat esa endi global maydonda ham o'z zararini ko'rsatmoqda, deydi Pottinjer.
Koronavirus chiqqanidan beri kimki bu haqda og'iz ochsa va tuzumni tanqid qilsa, Xitoy hukumati ularga bosim va tazyiq o'tkazmoqda, deydi Pottinjer. Shifokorlar, tibbiy xodimlar va jurnlalistlar doimiy nishonda.
“Xalq esa bunga chidab o'tirmaydi. Adolatsizlik baribir ijtimoiy portlashga olib boradi", - deydi Pottinjer.
Uning fikricha, aynan shunday holatlar Britaniyani 2015-yilda Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berishga, 2016-yilda esa Amerikada Donald Trampning prezidentlikka saylanishiga sabab bo'lgan. Ko'plab siyosatdonlar bunday tahlildan yiroq lekin ular ham Xitoy pandemiyaga qarshi kurashda avvalo o'z fuqarolarini ezayotganini qayd etadi.
Pottinjer AQSh harbiy dengiz flotida xizmat qilgan, keyin esa Xitoyda AQShning "The Wall Street Journal" gazetasiga muxbirlik qilgan.
Oxirgi paytlarda Davlat departamenti ham Xitoyga nisbatan shunday pozitsiyada.
Davlat kotibi Mayk Pompeo deydiki, Xitoy xalqi aqlli va mehnatkash lekin hukumati zolim, o'z odamlarini qadrlamaydi.
Pekin bu tanqidlarni qanchalik inkor etmasin, Kommuninistik partiya majlislarida hozir asosiy mavzu - koronavirus pandemiyasi oqibatida Xitoyga nisbatan qarshilik kuchayganini qanday yengish.
"Reuters" axborot agentligi xabarlariga ko'ra, Xitoy hukumati undan norozilik oxirgi 30 yilda eng yuqori darajaga chiqqanini tan ola boshlagan. Amerika bilan aloqalar ham misli ko'rilmagan darajada salbiylashgan.
Vashington Pekinni koronavirus haqida noto'g'ri ma'lumot berganlikda, Jahon Sog'likni Saqlash Tashkilotini o'ziga bo'ysundirib, dunyo ahlini aldaganlikda va vaziyatni o'rganish uchun chetdan mutaxassis kiritmaganlikda ayblaydi.
Facebook Forum