Xolmurat Xarri Elsoy 2018-yil bahorida ota-onasi Xitoy lagerlariga tashlangani haqida eshitgach, Shinjondagi ota-onasi uchun kurashda foydasi tegishi mumkin bo'lgan yagona choraga murojaat qildi: ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish.
"Dastlab, men Xitoyning qasos olishidan qo'rqardim, ammo ota-onam hibsga olingach va Xitoy uyg'urlarning hibsga olinganini qayta-qayta inkor etgach, yo'qotadigan boshqa narsam yo'q deb o'yladim", - deydi Finlyandiyada qochqin sifatida yashovchi 35 yoshli shifokor Elsoy.
Ikki yildan beri Elsoy uyg'urlar diasporasini tashkil etish va Xitoyning shimoli-g'arbiy Shinjon avtonom viloyatida ko'pchilik turkiy etnik guruh bo'lgan uyg'urlarning ahvoli to'g'risida ogohlikni oshirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanib kelmoqda. Uning ota-onasi 2018-yil dekabrida qo'yib yuborilgan, lekin u Xitoy hukumati o'z siyosatini o'zgartirmaguncha internetdagi ijtimoiy faolligini davom ettirishini aytmoqda.
“Uyg'urlarga nisbatan Xitoyning zulmi davom etar ekan, ota-onam va boshqa qarindoshlarim Xitoyning shafqatsizligidan qochib qutula olmasliklarini yaxshi bilaman", - dedi u.
Hibs va zulm
Elsoy Shinjonning sharqida joylashgan Turpan shahrida o'sgan va keyinchalik 2008-yilda Urumchidagi 3-sonli kasalxonada shifokor bo'lib ishlagan. Ish boshlaganiga bir yil to’lmasdan xalqaro aloqalarni yo’lga qo’ygani uchun politsiya tomonidan hibsga olingan.
“Bir kuni ishdan so’ng meni kvartiramda hibsga olishdi. Hibsga olinishimga sabab mening chet ellik do'stlarim juda ko'p edi, ular bilan elektron pochta orqali aloqada bo'lganman. Ota-onam davlat idoralariga 100 ming RMB (taxminan 15000 AQSh dollari) miqdorida pul to'laganlaridan keyin meni 10 kundan keyin qo'yib yuborishdi. Ushbu voqeadan keyin men Xitoyni tark etishga qaror qildim”, - dedi Elsoy.
U 2010-yilda Finlyandiyaga ko'chib o'tdi va 2014-yilda birinchi farzandi tug'ilgandan so'ng Finlyandiya fuqarosi bo'ldi. Elsoyning so'zlariga ko'ra, uning "MeTooUyghur" kabi onlayn kampaniyalarda qatnashishi va ommaviy axborot vositalariga intervyular berishi ota-onasining erkinligini ta'minlashga yordam bergan.
“Mening ota-onam davlat xizmatchilari edi. Ular terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash uchun Xitoy hukumati tashkil qilgan trening mezonlariga to'g'ri kelmaydi. Ular hatto dindor emaslar va ularni treningdan o’tkazish kerak emas”, - dedi u.
2019-yil dekabr oyida Xitoy hukumatining “Global Times” gazetasi Elsoyni Sharqiy Turkiston separatistik guruhiga a'zolikda va bedarak yo'qolgan uyg'urlar haqida noto'g'ri ma'lumot tarqatishda aybladi. Nashrga ko’ra, “Human Rights Watch” kabi huquqni himoya qilish tashkilotlari ham "bu mish-mishlarni tarqatishda faol ishtirok etgan".
Bir million uyg'ur
2017-yildan beri xalqaro hamjamiyat Xitoy hukumatini bir milliondan ortiq uyg'urni majburiy lagerlarda saqlayotganlikda va tashqarida bo'lgan uyg’ur faollariga qattiq bosim o’tkazayotganlikda ayblab keladi. Huquqni himoya qilish tashkilotlarining ta'kidlashicha, hibsda bo'lganlar targ'ibot dasturlarida qatnashgan va milliy-diniy o’zliklaridan voz kechishga majburlangan.
Xitoy rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, uyg’urlarga faqat "kasbiy tayyorgarlik" mashg’ulotlari o’tilayotganini aytadi.
Yaqinda amaldorlar lagerlardagi barcha "talabalar" o'qishni tugatib, ish topganliklarini aytishdi. Ammo xalqaro huquq tashkilotlari fikricha, lagerdagilar yo uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etilgan yoki arzon ishchi kuchi sifatida turli sohalarga majburan yuborilgan.
Elsoyning aytishicha, Shinjondagi 45 yoshli xolasi Shazadigul Tomur hibsdan chiqarilib, paxta zavodiga yuborilgan va u yerda vafot etgan.
"Xolamning eri 15 yil qamoq jazosiga hukm qilindi va xolam konslagerlarda biroz vaqt ishlagandan keyin eng kam ish haqi evaziga Turpondagi paxtani qayta ishlash zavodiga majburan jo’natildi", - dedi Elsoy.
Uning aytishicha, xolasi 2017-yildan beri bevaqt vafot etgan to’rtinchi qarindoshidir.
Milliy o’zlikning boy berilishi
Vashingtondagi Uyg'ur inson huquqlari loyihasi xodimi Elis Andersonning aytishicha, faollar "Xitoyda uyg'urlar duch keladigan madaniy va boshqa yo'qotishlardan" chuqur xavotirda".
"Ko'plab yosh uyg'urlar yaqin va uzoq qarindoshlari g'oyib bo'lgani uchun bugun ochiq gapirish yo’liga o’tmoqda", - deydi Anderson "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Ba'zi uyg'ur faollariga ko'ra, Xitoy hukumati uyg'ur diasporasining global kampaniyalariga bosim o’tkazishga urinishini allaqachon tan olgan. Shunday faollardan biri Arslan Hidoyatning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, chet ellardagi faollar muntazam ravishda kuzatuv ostida va nternet orqali qo'rqitishga duch keladi.
"Xitoyning tahdidi va dunyodagi uyg'ur faollariga qarshi targ'iboti haqiqat", - deydi uyg'ur-avstraliyalik musiqa o'qituvchisi, 32 yoshli Hidoyat.
Trollar hujumi
Hidoyat internetdagi faollikni 2018-yilning noyabrida, Shinjonda mashhur uyg'ur qiziqchisi, qaynotasi Adil Mijit hibsga olinib, lagerga jo’natilganidan keyin boshladi. Uning “Facebook”dagi "Sharqiy Turkiston bilan suhbat" sahifasi minglab izdoshlarga ega. U xitoylik millatchilar va hukumat idoralari tomonidan tez-tez tahdidga uchrashini ham aytadi.
Facebook Forum