"Wall Street Journal" nashrining yozishicha, Indoneziyaning Xitoy hukumatidan moliyaviy yordam olgan musulmon tashkilotlari uyg'urlar masalasida sukut saqlashni afzal ko'rmoqda. Mamlakat musulmonlarining yetakchi tashkiloti bu iddaoni rad etdi.
"Islomiy tashkilotlar katta miqdorda mablag' olishi haqidagi da'vo juda og'riqli va ayni paytda bizni obro'sizlantiradi. Bu shaxsiyatga hujum qilish bilan bir xil", - dedi Indoneziyadagi Musulmon imomlar kengashining Xalqaro aloqalar bo'limi rahbari Muhyiddin Junaydiy.
O'tgan yili Xitoy hukumati moliyalagan dastur doirasida Shinjonga borgan Muhyiddin "Amerika Ovozi"ga Indoneziya musulmonlari pul orqali hech kimga sotilmasligini bildirdi.
Dastlabki hisobot
"Wall Street Journal" tomonidan 11-dekabr kuni chop etilgan hisobotga ko'ra, Xitoy xalqaro miqyosda obro'sini yaxshilash maqsadida bir guruh indoneziyalik diniy yetakchilarning Shinjonga sayohatiga homiylik qilgan.
Nashrning keyinroq yozishicha, Shinjondagi bir necha qayta tarbiyalanish lagerlariga uyushtirilgan tashrif hamda Xitoy rasmiylari taqdimotlaridan so'ng Indoneziyada imomlarning uyg'urlar ahvoliga oid bayonotlarida o'zgarishlar yuz bergan.
Imomlar: uyg'urlar tazyiqqa uchraganini ko'rmadik
Shinjon safaridan ko'p o'tmay Indoneziyaning eng katta islomiy tashkiloti - "Nahdatul ulamo"ning ijrochi kengashi rahbari Robikin Emhas "Amerika Ovozi"ga intervyu berib, Xitoy hukumatining musulmon uyg'urlarni hibsga olayotani va ularga zulm o'tkazayotgani haqidagi ma'lumotlar asossiz ekanini aytdi. U Shinjonda konsentratsion lagerlar borligini ham inkor etdi.
"Yangiliklarda aytilganidek lagerlarni va qamoqlarni ko'rmadim", - dedi u.
Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga ko'ra, Xitoy bir million atrofidagi uyg'ur va boshqa etnik ozchilik bo'lgan musulmon xalqlarni lagerlarda hibsda saqlamoqda. Ularning diniy hamda madaniy haq-huquqlari poymol etilgan.
Robikin Emhas Shinjon viloyatining Hotan va Qashqar shaharlariga borgan va mahalliy rasmiylardan uyg'urlarga o'z diniga e'tiqod qilishi uchun ruxsat berishni so'ragan.
"Biz umid qilamizki, qayerda va qachon bo'lishidan qat'i nazar, dinning tan olinishi ayni paytda shu dinga e'tiqod qilish erkinligining ham berilishiga olib keladi", - deydi u.
"Mustaqil tekshirish imkoni bo'lmadi"
Xitoydagi uyg'urlar ahvoli bo'yicha xolis axborot olish imkoni bo'lmaganini aytayotgan imomlar ham bor. Muhyiddin Junaydiyning aytishicha, Indoneziya delegatsiyasi Xitoydan uyg'urlar bilan nazoratsiz va cheklovsiz gaplashishni so'ragan. Maqsad aniq va xolis ma'lumot olish edi, deydi u.
"Ammo kun tartibi juda cheklangan edi. Rasmiylar ishtirokisiz mahalliy jamoatchilik vakillari bilan gaplashishning imkoni bo'lmadi", - dedi u.
"Lagerlarda ularning ibodat qilishi, ro'za tutishi va Qur'on o'qishi taqiqlangan. Ular har burchakka o'rnatilgan kameralarning qattiq kuzatuvi ostida. Ularning faoliyati doim nazorat qilinadi", - deya qo'shimcha qildi u.
Muhyiddin ayni paytda safar xulosalari Xitoy hukumatiga ma'lum qilinishi uchun Indoneziya Tashqi ishlar vazirligiga topshirilganini aytadi.
Hukumat pozitsiyasi
Indoneziya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Inda Nuriya Savitrining aytishicha, Jakarta uyg'urlar taqdiri yuzasidan xavotirlarga ega.
"Biroq Xitoy bilan o'zaro maslahat va muloqotni muhim deb bilamiz. Xitoyning ichki tartiblari bor va biz buni hurmat qilamiz", - dedi u.
Indoneziya Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakat Xitoyda musulmonlar saqlanadigan lagerlar borligi haqidagi ma'lumotlarni inkor ham etmaydi, qabul ham qilmaydi.
Facebook Forum