Xitoyning koronavirus epidemiyasi haqida ma’lumotlarni butun dunyodan yashirgani haqidagi da’volar AQSh prezident saylovi kampaniyasida qizg’in muhokama etilmoqda.
Prezident Donald Tramp va uning Demokratik partiyadan bo’lajak saylovlardagi ehtimoliy raqibi Jo Bayden bir-birini bu masalada Xitoyga nisbatan o’ta yumshoq munosabatda bo’lganlikda ayblamoqda.
“O’tgan saylovda ish bergan usul bu gal ham natija berishi mumkin degan tushuncha bor”, - deydi Michigan davlat universitetidan professor Mett Grossman.
Tramp 2016-yil saylov kampaniyasida ham Xitoyga hujum qilib, uni AQShda ish o’rinlarini olib qo’yayotganlikda, demokratlardan o’sha paytdagi nomzod Xillari Klintonni esa korporatsiyalar manfaatlariga xizmat qilganlikda ayblagan edi.
Tramp saylov shtabining Baydenga qarshi siyosiy reklamasida aytilishicha, Oq uy ma’muriyati koronavirus epidemiyasi oldini olish uchun Xitoy bilan bordi-keldini to’xtatgan bir paytda Bayden bu qarorni tanqid qilgan. Baydenning turli chiqishlaridan to’plangan videoda Tramp saylov shtabi uni Xitoyga nisbatan yumshoq qilib ko’rsatishga harakat qilgan. Siyosiy reklamada Baydenning o’g’li Xitoy hukumatiga tegishli kompaniya bilan bir milliard dollarlik shartnoma imzolagani ham aytiladi.
Koronavirus pandemiyasidan oldin Tramp prezidentligi davrida Amerika iqtisodiyotini yuksaltirgani haqida ko’p gapirgan. Biroq mamlakatda virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan choralar natijasida kompaniyalar ishini to’xtatib, millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi.
Aholining bir qismi uning sog’liqni saqlash va iqtisodiy inqiroz masalalaridagi siyosatini tanqid qilarkan, Tramp reytingi tushib bormoqda.
AQSh rahbari va Kongressdagi respublikachi qonunchilarga ko’ra, hosil bo’lgan vaziyatda yangi koronavirus tahdidini yashirgan va uni AQSh yaratgan deb yolg’on ma’lumot tarqatgan Xitoy aybdor va bu uchun u javob berishi kerak.
Tramp tanqidchilari bunday bayonotlarni 42 mingdan ziyod amerikalikni nobud qilgan pandemiyaga qarshi sust siyosatni tan olmay, aybni boshqalarga to’nkash harakati sifatida ko’rmoqda.
“Tramp ma’muriyatining tanqidi shundan iboratki, agar Xitoy koronavirus haqida shaffof bo’lganida edi, Qo’shma Shtatlar unga strategik ravishda hozirlangan bo’lardi. Biroq buning haqiqatdan yiroq ekanini bilamiz”, - deydi Vashingtondagi Uilson markazida Xitoy bo’yicha mutaxassis Robert Deyli.
Tramp tanqidchilari prezident va oilasining dunyo bo’ylab bizneslariga kelganda shaffoflik yo’qligiga ishora qiladi, Tramp o’z soliq deklaratsiyalarini jamoatchilikka hanuz oshkor etmaganini aytadi.
Biroq prezidentning aytishicha, shaxsiy boyligi uni birovlarning ta’siriga tushib qolish ehtimolidan himoya qiladi.
Sobiq vitse-prezident Bayden ham bo’sh kelmayapti. Uning siyosiy reklamalari Trampni AQSh razvedkasining koronavirus tahdidi haqidagi erta hisobotlarini inkor etib, Xitoy bilan endigina imzolangan savdo bitimini saqlab qolish maqsadida pandemiya o’rtasida bu mamlakat Prezidenti Si Zinpinni ko’klarga ko’targanlikda ayblamoqda.
Facebook Forum