Breaking News

Tramp: Xitoy mening saylovda yutqazishimni xohlaydi


Prezident Donald Trampning ta’kidlashicha, Xitoy uni qayta saylanish imkoniyatidan mahrum qilish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilmoqda. “Reyter” axborot agentligi bilan suhbatda u koronavirus yuzasidan bu davlatni qanday jazolash yo’llarini ko’rib chiqayotganini aytdi.

Tramp AQShda kamida 60 ming odamni hayotdan olib ketgan global pandemiyada Xitoyni ayblab kelmoqda. So’nggi bir yarim oyda Amerikada 30 million odam ishidan ayrilgan va hukumatdan yordam so’ramoqda.

Prezidentning o’zi virus tarqalishiga tayyorgarlik ko’rmagani, yil boshida razvedka organlari unga yetkazgan ogohlantirishlarga beparvolik qilgani tanqid qilinmoqda. AQSh rahbarining aytishicha, Xitoy koronavirus haqida dunyoni ertaroq xabardor qilishi lozim edi.

Xitoy tovarlariga qo’shimcha tariflar qo’yilishi mumkinmi degan savolga, Tramp “men ko’ra oladigan choralar ko’p, ularni ko’rib chiqyapmiz”, deya javob berdi.

“Xitoy mening poygada yutqazishim uchun barcha chorani ko’radi”, - deydi prezident.

Uning fikricha, Pekin AQShdagi kuzgi saylovda demokrat Jo Bayden g’olib bo’lishini istaydi, chunki savdo va boshqa masalalarda ularga men tomondan bosim katta.

“So’rovlarga ishonmayman”

Donald Tramp Oq uy uchun poygada Jo Bayden peshqadam ekanini ko’rsatuvchi ommaviy so’rovlar natijasiga ishonmasligini aytmoqda. Saylovchilar pandemiyaga qarshi kurashni qanday eplaganimga qarab ham ovoz beradi deb o’ylamayman, deydi prezident.

“So’rovlarga ishonmayman. Odamlar aqlli. Noqobil rahbarni saylashmaydi”, - deydi Tramp.

Uning aytishicha, virus olib kelgan iqtisodiy tushkunlik AQShning Xitoy bilan savdo kamomadini kamaytirishga qaratilgan savdo kelishuviga ham jiddiy ziyon yetkazdi.

Ikki davlat rahbari koronavirus tarqalishini to’xtatish uchun hamkorlik qilishga va’da bergan edi. Biroq so’nggi kunlarda Vashington va Pekin virusning kelib chiqishi va unga qarshi qanday choralar ko’rilayotgani to’g’risida achchiq so’zlar almashmoqda.

“Hammasi a’lo edi”

Ayni damda AQSh hukumati iqtisodiyotni jonlantirish uchun oilalar va kompaniyalarga bir necha trillion dollarlik yordam bermoqda. Kasallik kamaygan shtatlarda sekin-asta karantinni bekor qilish rejalanyapti.

AQSh rahbari millionlab odam ishidan ayrilgan hozirgi vaziyatni atigi bir necha oy oldingi iqtisod bilan qiyosladi.

“Virus paydo bo’lishidan oldin hammasi a’lo edi. Tarixda bunaqangi iqtisodiy o’sish bo’lmagan”, - deydi u.

Prezidentning AQShga virus kirib kelgan ilk kunlardagi qarorlari va bayonotlari elakdan o’tkazilmoqda. 27-28-aprel kunlari o’tkazilgan so’rovda amerikaliklarning 43 foizi Trampning sa’y-harakatlariga ijobiy baho bergan.

Ayrim eksperimental dorilar koronavirus muolajasida yaxshi natija ko’rsatayotgani haqida ma’lumotlar bor. Tramp, shuningdek, vaksina ishlab chiqarishni tezlashtirishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG