O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari yetakchiligidagi delegatsiya Afg’onistonga safar qilishi kutilmoqda. Bu haqda O´zbekistoning Afg´onistondagi elchisi Yodgorxo’ja Shodmonov afg’on matbuotiga bergan intervyusida ma´lum qilgan.
Ushbu intervyu ham, delegatsiya safari ham Tolibon hokimiyatni egallaganiga ikki yil to’lishi manzarasida kuzatilyapti.
Avgustda Afg’onistonda inklyuziv hukumatni shakllantirishni va´da qilgan Tolibon hokimiyatiga ikki yil to’ldi.
Hozirgacha Afg’onistonda nafaqat inklyuziv hukumat, balki oliy boshqaruv qanday shakllantirilishi va almashishi afg’onlarga ham, qo’shni davlatlarga ham, dunyo jamoatchiligiga ham mavhum qolyapti.
Toliblar hokimiyatga kuch bilan, saylangan prezident Ashraf G’ani harbiy bosqin tahdidi ostida mamlakatni tashlab qochishi ortidan keldi.
Afg’oniston islom amirligi bayrog´i ostida o’rnatilgan toliblar hokimiyati minglab afg’onlarni, turli etnik guruhlar yetakchilari, jumladan o’zbeklar jamoasi yetakchilarini, muxoliflarni, ijod vakillarini mamlakatni tashlab qochishiga majbur qildi.
Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni egallashini dastlab mintaqa davlatlari jiddiy xavotir bilan kutib oldi. Toliblar hokimiyatiga ikki yil to’lar ekan, bu xavotirlar bir qadar tinchigan, ammo oxirigacha emas.
Garchand Tolibon rahbariyati Markaziy Osiyo davlatlariga Afg’oniston hududidan mintaqaga xavf bo’lmasligiga kafolat bergan bo’lsa-da, turli radikal guruhlar, jumladan ISHID jangarilari tomonidan mintaqaga tahdid yo’qolmadi.
Jangari guruhlar ba'zan mintaqa, jumladan O’zbekiston hududini ham nishonga olib turishadi. Tolibon vakillari bu borada O’zbekiston chegarachilari bilan muzokara ham o’tkazib turishadi.
Tolibon hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaganiga qaramasdan, rasmiy muzokaralar doirasidan chetda emas, ayniqsa Markaziy Osiyo, O’zbekiston bilan aloqalar ancha iliq, muntazam.
O’zbekiston Tolibon bilan muloqotni yoqlab chiqqan dastlabki davlatlardan bo’ldi, toliblarni mamlakatda kutib oldi, muzokaralar o’tkazdi.
Toshkent Tolibon hukumatini bir tomonlama tan olmagan, ammo xalqaro miqyosda rasman tan olinishiga qarshi emas. Toliblar bilan uzoq muddatli strategik hamkorlik o´rnatish rejasi ham yopiq tarzda muhokama qilinganiga oid ma’lumotlar tarqagan edi.
O’zbekistonning Afg’onistonga oid asosiy manfaati Ashraf G´ani hokimiyati davrida ham, Tolibon hukmronligida ham o’zgarishsiz. Ya’ni Pokiston, Afg’oniston, O´zbekiston ishtirokidagi transafg´on koridorini ishga tushirish.
So’nggi xabarlarga ko’ra, loyiha yana o’zgarishlarga yuz tutgan.
Iyul oyida Pokistonda o’tgan uch tomonlama muzokarada loyihani amalga oshirish bo’yicha yo’l xaritasi tasdiqlangan, temir yo’lning Pokistonga kirish nuqtasi Nangarhor emas, Paktiya viloyatiga ko’chirilgan.
O’zbekiston tomoni uzunligi 760 kilometrni tashkil etuvchi bu temir yo’l koridorini amalga oshirishga salkam chorak asrdirki harakat qilib keladi. Loyiha bo’yicha Karimov davrida boshlangan muzokaralar Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni dastlab egallashi, mamlakatdagi urush ortidan to’xtatilgan edi.
Agar Pokistonda imzolangan yo’l xaritasi amalga oshadigan bo’lsa, transafg’on koridori baribir Tolibon nazorati ostida amalga oshadigan ko’rinadi.
Loyihadan O´zbekistonning umidi katta. Dengiz portlariga bevosita yo’li bo’lmagan mamlakat uchun bu dunyo bozoriga chiqishdagi yangi, muqobil yo’nalishdir.
Qiymati 6 milliard dollarga yaqin baholanayotgan loyiha 2027-yilda yakunlanishi, Pokistongacha yuk yetkazish hajmi besh kunga qisqarishi, yuk xarajati 40 foizga arzonlashishi kutilmoqda.
O’zbekiston hukumati Afg’oniston shimolidagi o‘zbeklar vaziyatiga, xususan ularning milliy, madaniy huquqlari toptalishiga ko’z yumib kelayotgani, faollarga ko’ra, shu loyiha bilan bog’liq.
Afg’onistondagi o’zbeklar Toshkentni “millat manfaatini temir yo’lga almashtirishda” aybli ko’rishadi.
Toshkentning Tolibonga nisbatan sukuti O’zbekistondagi jamoatchilik vakillari tanqididan ham xoli emas.
Afg’onistondagi o‘zbeklarga doir vaziyat bilan yaxshi tanish bo’lgan faol Anvar Nazirga ko’ra, Toshkentni toliblarga ko’rsatayotgan marhamati mamlakat ichkarisida ham radikal qarashdagi qatlam faollashishiga, Afg’onistonda toptalayotgan huquqlarni, xususan ayollar huquqini keskin cheklash tarafdorlari paydo bo’lishiga xizmat qilmoqda.