Breaking News

Zelenskiy Zalujniyni ishdan olish rejasi haqida Oq uyni xabardor qilgan


Zelenskiy bosh qo’mondon Zalujniyni lavozimdan olmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:41 0:00

Bosh qo’mondon general Valeriy Zalujniyni lavozimidan olishga uringan Prezident Volodimir Zelenskiy ancha murakkab vaziyatda qolgani ta’kidlanyapti.

Bu urinish bir tomondan Zelenskiy Zalujniyni ishdan olish qarorida qat’iy ekanligini, boshqa tomondan mashhur generalni lavozimidan olish oson emasligi, prezident o’z qarorini bekor qilishga majbur bo’lganini ko’rsatdi.

“Washington Post” nashrining xabar berishicha, Zelenskiy Zalujniyni ishdan olishga qaror qilgani haqida AQShni xabardor qilgan. Oq uy qarorni quvvatlagani ham, e’tiroz bildirgani ham yo’q, deya yozadi gazeta o'z manbalariga tayanib.

Mojaro Ukraina jamoatchiligi ishonchi o’ta yuqori bo’lgan ikki shaxs - Prezident Zelenskiy va general Zalujniy o’rtasida kechayotgani inobatga olinsa, gap faqat bosh qo’mondonlik lavozimida emas, balki qudratlar o’rtasidagi ziddiyatda ekanligi ham ko’rinadi.

Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining oliy qo’mondoni ekan, Zalujniy unga bo’ysunadi, Zelenskiy uni ishdan olish vakolatiga ega.

O’zaro ziddiyat anchadan buyon mavjudligi ta’kidlab kelinayotgan bo’lsa-a, Zelenskiy hozirgacha qaror olmay kelayotgan edi.

Prezident o’z vakolatini 29-yanvar kuni Kiyevda general Zalujniy va Mudofaa vaziri Rustem Umerov bilan uchrashuvda ishlatgan.

Xalqaro matbuotga sizdirilgan xabarlarga ko'ra, Zelenskiy bu uchrashuvda generalga uni ishdan olish qarorida ekanligini aytgan, ariza topshirishni so’ragan. Ayrim manbalarda Zalujniyga harbiy maslahatchi lavozimi yoki G’arb davlatlaridan birida elchilik maqomi taklif qilingani aytiladi.

Zalujniy prezident buyrug’iga bo’ysunishini bildirgan, taklif qilingan lavozimlarni rad etib, ixtiyoriy tarzda ariza yozishdan bosh tortgan.

Bu uchrashuv ortidan Zalujniy lavozimidan olingani, prezident shunday qaror imzolaganiga doir norasmiy xabarlar matbuotga, ijtimoiy tarmoqlarga sizdi, jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’aldi.

General iste’fosi haqidagi xabarlar зrezident devoni tomonidan bir muddat izohsiz qoldirilishi munozaralarni yanada avjiga chiqardi, buning ortidan prezident matbuot xizmati bosh qo’mondon Zalujniy lavozimidan olinganini rad etib chiqdi.

29-yanvardagi uchrashuv ortidan ikki bor ukrainlarga an’anaviy murojaat bilan chiqqan Prezident Zelenskiy general Zalujniy bilan bog’liq gap-so’zlar, uchrashuv haqida hech narsa degani yo'q.

Zelenskiy o’z qarorini bekor qilgani, Zalujniy lavozimida qolayotganiga qaramasdan, mojaro Ukrainaning ittifoqchilari va mamlakatdagi jamoatchilik tomonidan xavotir bilan kutib olingani kuzatiladi.

Xavotirlar asossiz emas. Zelenskiyning general iste’fosi bo’yicha qanday qarorda ekanligi aniq.

Ukraina qurolli kuchlari qo'mondoni Valeriy Zalujniy
Ukraina qurolli kuchlari qo'mondoni Valeriy Zalujniy

Prezident o’z qarorini boshqa nomzod topilmagani uchun bekor qildi degan farazlardan kelib chiqilsa, Zalujniyning bosh qo’mondonlikdan olinishi kun tartibidagi masala bo’lib qoladi.

Matbuotga sizgan ma’lumotlarga ko’ra, prezident bosh qo’mondon lavozimiga Ukraina quruqlik qo’shinlari qo’mondoni general Oleksandr Syrskiy va Ukraina razvedkasi rahbari general Kirill Budanov nomzodini surgan, ammo ular lavozimni qabul qilishmagan.

Zelenskiy o’z qarorini bekor qilishi general Zalujniyga nisbatan ishonch darajasi o’ta yuqoriligi bilan ham bog’liq ko’riladi. So’nggi ijtimoiy so’rovlar natijasi general mashhurlik va ishonch borasida Zelenskiyni ham ortda qoldirgani, jamoatchilik ishonchi eng yuqori bo’lgan shaxsga aylanganidan darak beradi.

Xorijdagi ittifoqchilarning iste’foga nisbatan munosabati qanday bo’lishi ham Zelenskiyni ancha sergaklantirgan. Zalujniy G’arb davlatlari uchun ham ancha nufuzli, ishonchli qo’mondon sanaladi.

Ittifoqchilarning yordami esa ayni paytda jiddiy kamaygan. Prezident va general o’rtasidagi ziddiyat bu yordam istiqbolini yanada mavhum qilishi mumkin.

Zelenskiy nima sababdan aynan hozir bosh qo’mondonni almashtirish qaroriga kelgani yuzasidan biror rasmiy izoh yo’q, ammo bu qarorning amalga oshishi frontdagi, shuningdek, Ukrainadagi ichki vaziyat uchun ham foydali bo’lishiga doir shubhalar kuchli.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG