Breaking News

AQSh Kongressi Ukrainaga yordam yuzasidan hamon kelisha olmadi


Kiyev ko'chalarida, 18-dekabr, 2023
Kiyev ko'chalarida, 18-dekabr, 2023

AQSh Kongressida Ukrainaga yordam qizg'in muhokamada, ammo hozircha kelishuv yo'q. Bayden ma'muriyati Rossiya bilan qonli urush olib borayotgan davlatga madad ko'rsatish uchun qo'shimcha mablag' zarur, deya eslatib turibdi.

Senatda demokratlar sardori Chak Shumerga ko'ra, respublikachilar bilan muzokaralar vaqt oladi. Muxolifat tashqi yordamni ma'qullash uchun AQSh-Meksika chegarasini mahkamlashni va immigratsion tizimni keskin o'zgartirishni talab qilmoqda.

“Tizim ishdan chiqqanini bilamiz, ammo uni yangilash uchun o'z qadriyatlarimizdan voz kechmaymiz", - deydi Shumer.

"Har ikki tomon murosa qilishi kerak, har bir shart va talab qondirilmaydi".

Demokratlar nazarida respublikachilar Ukraina va Isroilga yordamni ichki masalalarga bog'lab, siyosiy o'yinlar bilan band. Respublikachilar esa AQSh avvalo o'zining eng dolzarb masalalarini hal etishi kerak, deya fursatdan foydalanmoqchi.

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnell deydiki, jarayon izchil va aniq natijalarga yetaklashi tayin. Uning taxminicha, qaror yangi yilga qolishi mumkin.

AQSh urush boshlanganidan beri Ukrainaga 111 milliard dollarga teng madad ko'rsatgan, harbiy va noharbiy. Hozirda Oq uy Kiyevni quvvatlash uchun 60 milliard dollar so'ramoqda. Respublikachilar fikricha Vashington endilikda ko'makni ozaytirishi kerak.

Senatda murosaga erishilsa, yangi yil oldidan ta'tilga ketgan Vakillar palatasi ishga qaytib, ovoz berishi mumkin. Biroq, agar immigratsiya bo'yicha salmoqli kelishuv bo'lmasa, palata hujjatni ma'qullamasligi ehtimoli yuqori. Vakillar orasida respublikachilarning qo'li baland va ularning katta qismi Prezident Jo Bayden taklifini yoqlamaydi.

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson, Vashington, 14-noyabr, 2023
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson, Vashington, 14-noyabr, 2023

Spiker Mayk Jonson deydiki, tashqi yordam shartlarini qayta ko'rib chiqish lozim.

"Bayden ma'muriyati milliardlab dollar so'rar ekan, g'alaba uchun strategiya nimadan iborat? Urush qay tomon yo'nalgan? Amerika xalqiga bu borada javob berishimiz kerak. Nazoratni kuchaytirmasak bo'lmaydi", - deydi spiker.

Bu orada Yevropa Ittifoqida ham Ukrainaga yordam borasida kelishuv yo'q. 50 milliard dollardan ziyod ko'makni o'z ichiga olgan paket Vengriya qarshiligi bilan tasdiqlanmadi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin deydiki, G'arbda Ukraina oldingidek quvvatlanmayotgani Kreml yutayotganini anglatadi.

Prezident Vladimir Putin Moskvada matbuot anjumanida, 14-dekabr, 2023
Prezident Vladimir Putin Moskvada matbuot anjumanida, 14-dekabr, 2023

"Ukraina bugungi kunda deyarli hech narsa ishlab chiqarmaydi. Hamma narsani tashqaridan tekinga xohlashayapti. Bu esa astalik bilan ozayib bormoqda", - deydi Putin AQShning "Associated Press" axborot agentligi bilan gaplashar ekan.

Amerikaning Ukrainaga aksariyat yordami harbiy vositalar ta'minotidan iborat. Kongress ajratadigan mablag' Amerikaning o'zida ishlatiladi, qurol-aslaha ishlab chiqarish va uni Ukrainaga yetkazib berish uchun.

Oq uyga ko'ra, Vashingtonda qonunchilar tortishib boy berayotgan vaqt Ukrainada frontda qimmatga tushadi. Kiyev urushdagi ustunlikni saqlab qolishi uchun, deya bildiradi AQSh rasmiylari, biror jihatdan zaiflashmasligi kerak.

Vashington yordami sekinlashsa, urushga qanchalik ta'sir qiladi, degan savolga ekspertlarning javobi turlicha, lekin Kiyevga ko'ra, Amerika ko'magi - Rossiyani chekintirishda o'ta muhim omil.

"Bayden ma'muriyati qo'lida oldin ajratilgan mablag' bor. U yangi yilning birinchi oyidagi xarajatlarni ham qoplashi kerak, biroq keyin ishlar og'irlashi tayin", - deydi xavfsizlik masalalari bo'yicha tahlilchi Nikolas Lokker.

Lokker va boshqa mutaxassislarga ko'ra, Ukrainada oq-dori kamayib bormoqda, xususan havo kuchlari talabini vaqtida qondirish zarur.

XS
SM
MD
LG