Breaking News

Ukraina: Yevropa Ittifoqiga a'zolik muzokaralariga start berildi, Vengriya yordamga veto qo'ydi


Yevropa Ittifoqi sammiti, Belgiya, 15-dekabr, 2023
Yevropa Ittifoqi sammiti, Belgiya, 15-dekabr, 2023

2023-yilning so’nggi oyi - dekabr Ukraina taqdirini hal qiluvchi pallaga aylanyapti. Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainani ittifoqqa a’zo qilish bo’yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olindi.

AQShda dekabr oyi tugaguncha Kongressda Ukrainaga yordam masalasi muhokamadan o’tishiga umidlar yo’q emas.

Ukrainaga yordam ko’rsatishni so’rab AQShda muzokaralar o’tkazgan Prezident Volodimir Zelenskiy yana bir necha davlatda bo’lib, Kiyevga qaytdi.

U Yevropa Ittifoqi sammiti ishtirokchilariga murojaatida Ukrainaga ajratilayotgan 50 milliard yevro mablag’ni, eng asosiysi Ukraina bilan Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo’yicha muzokaralar boshlashni tasdiqlashga da’vat etgan.

Zelenskiy o'z chiqishida, xususan, Ukraina Yevropa Ittifoqi tomonidan olg’a surilgan dastlabki tavsiyalarning hammasini bajarganini, muzokaralar boshlash tasdiqlanmagan taqdirda bu Vladimir Putinning g’alabasi bo’lishini ta’kidlagan.

Ukrainaning ittifoqqa qo’shilishiga doir muzokaralarni boshlashga qaror qilindi, ammo Vengriya 50 milliard yevroga teng yordam paketiga veto qo’ydi.

Yevropa Ittifoqi Kiyevga havodek zarur bu moliyaviy yordam bo’yicha muzokaralar kelasi yili davom etishini, Ukrainani qo’llab-quvvatlash va’dasini bajarishini bildirmoqda.

Frontdagi vaziyat ham Ukraina uchun tahlikali ahamiyat kasb etmoqda. Rossiya armiyasi Donbassdagi Marinka shaharchasini qo’lga kiritgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo bu xabarlarni Ukraina armiyasi inkor etib, shahar uchun janglar davom etayotganini bildirdi.

Ukraina armiyasi hujumlarni yakunlab, to’liq mudofaaga o’tishiga doir xabarlar mavjud. Xalqaro matbuot AQSh generallari Ukraina armiyasiga ayni paytda egallangan chiziqlarda mudofaani mustahkamlab, kelgusi hujumlar uchun kuch to’plash tavsiyasini berishayotgani haqida yozmoqda.

Bu Ukraina qarshi hujumlari maqsadga erishmagani, armiyaning hujum potensiali tugaganini anglatadi.

Prezident Zelenskiy Ukrainada jiddiy munozara bilan kutib olingan bu xabarga izoh berdi, buni armiyaning hujum potensiali tugagani bilan emas, qish mavsumi har qanday amaliyotni, xoh u hujum yoki mudofaa bo’lsin, sekinlashtirishi bilan izohladi.

Yil yakuniga kelib, Ukraina armiyasi harbiy va moddiy yordam bilan bog’liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ukrainaning eng yaqin ittifoqchisi AQSh va’da qilgan 60 milliard dollar yordam Konrgress tasdig’idan o’tgani yo’q. AQSh Ukraina uchun ajratilgan oxirgi mablag’larini sarflab bo’lish arafasida turibdi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan ko’rsatilayotgan harbiy-texnik ko’mak, moddiy yordam AQSh o’rnini bosa olmaydi. Zelenskiy AQSh yordamisiz ziddiyat partizanlik urushi ko’rinishiga o’tishi mumkinligini aytdi.

Partizanlik mohiyatidan kelib chiqilsa, Zelenskiy Ukrainaning qolgan hududlari ishg’ol qilingan taqdirda Rossiya bosqiniga qarshilik partizan harakatlari ko’rinishida davom etishini nazarda tutmoqda.

Ukrainaga moliyaviy yordam Vengriya tomonidan bloklanishidan qat’i nazar, ittifoq davlatlari Ukrainaga ikki tomonlama hamkorlik vositasida yordam ko’rsatishida davom etyapti.

Ittifoqning eng yirik a’zolaridan biri Germaniya yaqinda Ukrainaga harbiy-texnik, moddiy yordamining navbatdagi qismini yetkazdi. Germaniya hukumati Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG