Breaking News

Zelenskiyga ko'ra, hozir Ukrainada saylov o'tkazish mavridi emas


Urush ichidagi Ukrainada prezidentlik saylovi bo’ladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00

Ukrainada navbatdagi prezidentlik saylovlari o’tkazilmasligi mumkin. Prezident Volodimir Zelenskiyning bayonotiga tayanilsa, shunday. Prezident ukrainlarga murojaatida urush paytida saylov o´tkazish mas’uliyatsizlik ekanligini ta’kidladi.

Ammo u saylov o’tishi ehtimolini aniq inkor ham etmagan, saylovlar o’tkazilgan taqdirda ikkinchi muddatga o’z nomzodini surishini ham bildirgan edi.

Zelenskiyning prezidentlik muddati 2024-yilning mayida yakunlanadi. Ukraina qonunchiligida urush davrida mamlakatda saylovlar o’tkazilmasligi belgilab qo’yilgan, ammo urushga qaramasdan prezidentlik saylovini o’tkazish lozimligi haqidagi chaqiriqlar ham kam emas, mamlakatdagi ayrim muxoliflar, shuningdek, Ukrainaning xorijdagi hamkorlari, jumladan AQSh senatorlari tomonidan ham.

Avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba prezident urush paytida saylovlarni o´tkazishning ijobiy va salbiy tomonlarini o’rganayotgani haqida bildirgan edi. Zelenskiyning bu boradagi so’nggi murojaati prezident urush paytida saylov o´tkazishni xatarli topganidan darak beradi.

8-noyabr kuni Ukraina parlamenti mamlakatdagi harbiy holat va umumiy mobilizatsiyani yana 3 oyga, ya’ni 2024-yilning fevral oyiga qadar cho’zdi. Qonunchilikka ko’ra, navbatdagi prezidentlik saylovi 2024-yilning mart oyida o’tishi kerak. 2019-yilda hokimiyatga kelgan Zelenskiyning prezidentlik vakolati may oyida nihoyasiga yetadi.

Zelenskiy hokimiyatga kelar ekan, faqat bir muddat prezidentlik qilishini bildirgan edi, ammo 2021-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uning tinchlik davridagi va’dalarini, saylovlar taqdirini ham mavhum qilib qo’ydi.

Ukrain jamoatchiligida urush davrida saylov o’tkazishga nisbatan munosabat turlicha. “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan kiyevliklarning aksariyati saylovga hojat yo’q degan fikrda. Bunga nafaqat urush, balki Zelenskiyga munosib raqobatchi yo’qligi ham sabab qilib ko’rsatiladi.

Birinchi muddati yakunlanayotgan Zelenskiyni ayni paytda 80 foizdan oshiq ukrainlar qo´llaydi, uning prezidentlikka kelishida esa bu ko’rsatkich 70 foiz atrofida edi.

Shunga tayanilsa, haqiqatda urush davrida saylovlarni o`tkazish, Zelenskiyni qayta saylash ortiqcha muammodek ko`rinadi. Salkam ikki yildirki davom etayotgan urush mamlakatda siyosiy kurashlarga o´rin qoldirmadi.

Muxolifat yetakchisi, sobiq prezident Petro Poroshenko ham hukumatga, amaldagi prezidentga nisbatan tanqidlarini deyarli to’xtatgan, urush paytida siyosiy kurashga o’rin yo´qligini ta’kidlab chiqqan.

Ammo yaqindan Ukrainada yana siyosiy kurash yuzaga qalqiy boshladi. Saylovlarni o´tkazishga chaqiriqlar, o’z nomzodini prezidentlikka surish qaroridagi muxoliflar ham paydo bo’ldi.

Avval Zelenskiy jamoasida ishlagan, prezident devonining sobiq maslahatchisi Aleksey Arestovich o’z saylov kompaniyasini e´lon qilar ekan, saylovlar o’tkazilmagan taqdirda Zelenskiy Ukrainada avtoritar boshqaruvni o’rnatishi haqida ogohlantirib chiqdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG