“BRINC Drones” - Ukrainaga yuzlab dronlarni jo'natayogan AQSh kompaniyalaridan biri. Bu vositalar Rossiya o’qqa tutgan hududlarni skanerlab, vayronalar ostida qolgan odamlarni topishga yordam beradi.
“Lemur 2” deb nomlangan dronlardan Ukrainada qidiruv-qutqaruv ishlarida foydalanilmoqda.
“Asosiy vazifasi - qisman yoki butunlay vayron bo’lgan binolarda qidiruv ushlarini olib borish. Omonat turgan binolarning ichiga odamlarni yuborish o’rnida qo’llaniladi, masalan zinapoyalar qulagan bo’lishi mumkin", - deydi “BRINC” kompaniyasi vakili Bleyk Reznik.
Qurilmaning ishlash mexanizmi quyidagicha: avval dron bino ichiga kiradi. Agar derazalar sinmagan bo'lsa, bino yopiq bo’lsa, ichkariga kirishning boshqa yo’li bo’lmasa, maxsus metal qismi bilan derazalarni ehtiyotkorlik bilan sindira oladi. Keyin maxsus lazerli radari bilan binolarni skanerlaydi, 3D xaritasini yaratadi.
“Bu - biz o‘tirgan binoning 3D xaritasi. Kattalashtirib ko’rishingiz mumkin, mana shu yerda o'tiribmiz. Aytaylik, videosini ko’rgingiz kelyapti. Mana bu video drondan kelyapti, maxsus qurilmada 3D xaritasini yaratib, jo’natadi”, - deydi kompaniya muhandisi Kolin Bell.
Dron maxsus kameralari bilan vayronalar ostidagi odamlarni topib, ular bilan aloqa o'rnata oladi.
“Unga bogʻlangan mikrofoni va ovoz kuchaytirgichi bor. Ikki tomonlama aloqa o’rnata oladi", - deydi kompaniya vakili Deyvid Benovits.
Dronlar birinchi bor 2023-yilning fevral oyida Turkiya va Suriyada sinab ko’rildi. Qurilma zilzilada vayronalar ostida qolgan odamlarni topishga yordam berdi. Kompaniya yaqinda Ukrainaga ham 60 ga yaqin dron yubordi.
“Muayyan funksiyalari bo’lishini so’rashdi, urush muhitiga javob beradigan. Masalan, GPSga tayanishni xohlashmaydi. GPSsiz ishlaydigan dronlar kerak”, - deydi Reznik.
“BRINC” muhandislari hozirda dronlarning yangi avlodi ustida ishlamoqda, Ukrainaga jo’natish uchun.
“Ukrainlarga foydalanishni o’rgatamiz, ulardan mahsulot haqida fikr-mulohaza olamiz. Bu “Lemur 2”ni yaratishimizga, 3D xarita va 2D xarita yaratish funksiyalarini qo’shishimizga sababchi bo’ldi”, - deydi Deyvid Benovits.
Kompaniya, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlarini bo’lajak mijozlari deb biladi. Nyu-York politsiyasi allaqachon buyurtma bergan. Yangicha dronlar odamlarni garovga olgan jinoyatchilar bilan muzokaralar chog’ida qo’llanilishi mumkin.