Breaking News

Urush ehtiyojlari bois Ukrainada dron sanoati tezlikda rivojlanmoqda


Ukrainaning “dronlar armiyasi”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00

O’z yerlarini qaytarib olish uchun asosiy hujumlarini boshlagan Ukraina armiyasi ilg’or innovatsion harbiy texnologiyalarni ishga solmoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, Katerina Mixalko texnologiya kompaniyalarini hukumat bilan bog’lash sohasida endi ish boshlagan edi. Mamlakatni u tark etmadi. Tezlikda rivojlanayotgan harbiy texnologiya sanoatida ishlamoqda.

Mixalko - oltita kompaniyani birlashtirgan “Tech Force UA” bosh direktori.

“Bu dronlardan allaqachon ukrainalik harbiylar janglarda ustunlikka erishish uchun foydalanmoqda”, - deydi u.

Olti oydan qisqaroq muddat ichida ukrainlar katapulta yordamida uchiriladigan va parashyutda qo'nadigan “SHARK UAV” razvedkachi dronni yaratgan.

“Ukrspecsystems” kompaniyasi ishlab chiqargan bu dron Rossiya nazoratidagi hududlarga kirib, razvedka ma’lumotlari yig’adi, raketalar va Xaymars (HIMARS) tizimlari uchun nishonni belgilab beradi.

Ukraina hukumati yo’lga qo’ygan "Dronlar armiyasi" mablag' yig'ish kampaniyasi bu sanoatni rivojlantirishga turtki bergan.

“Urush davri - texnologiyalarni rivojlantirish uchun eng qulay fursat. Chunki muhandislarimiz uskunalar frontda qanday ishlagani to’g’risida darrov ma’lumot oladi”, - deya tushuntiradi suhbatdosh.

O‘tgan yil bahorda ishga tushgan “Breyv-1” nomli harbiy-texnik klasteri davlat, harbiy va xususiy korxonalarni birlashtiradi.

Bir necha oy ichida “Breyv-1” 300 dan ortiq prototip va loyihalarni muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazdi va ko‘plab grantlar oldi, deydi uning rahbari.

“Bosh shtab 12 ta ustuvor vazifa qo’ygan. Uchuvchisiz apparatlardan tashqari, ular yig’adigan razvedka ma’lumotlarini baholash ham muhim. Hammasi mudofaaga qaratilgan”, - deydi “Breyv-1” ijrochi direktori Natalya Kushnerska.

Dronlar, shuningdek, granatalarni Rossiya xandaqlari, tanklar va harbiy mashinalar ustiga tashlash uchun qulay. Bunday hujumlarga javoban ruslar sun'iy yo'ldosh navigatsiya tizimini buzmoqda.

Bu muammoga “Radio Bird” texnologik startap asoschisi Yevgeniy Naystetik yechim topgan. U sun'iy yo'ldosh navigatsiyasisiz harakatlanadigan, radio-elektron mudofaa tizimlarini aniqlaydigan dron yaratgan.

“Bu dronni radio to’lqinlarini tarqatuvchi nishonlarni aniqlash, elektron mudofaa uskunalari, zenit komplekslari, radarlar, oddiy bo’linmalar qayerda joylashganini aniqlash uchun yaratdik. Texnologiyamiz frontda o’zgarish yasaydi”, - deya ishonadi Yevgeniy Naystetik.

Ishlab chiqarishni optimallashtirish uchun “Radio Bird” Polshaning “Air Res Aviation” kompaniyasi bilan ishlayapti.

Yejji Novak ikki mamlakat muhandislarining ko’nikmasi va hamkorligi urushni tugatishga hissa qo’shishiga ishonadi.

“Urushni tugatishga yordam beradigan har qanday loyiha men uchun juda muhim”, - deydi u.

Naystetik ham shu fikrda. “Bu dronlar urushi”, - deydi u.

Texnologiya sohasidagi ukrain tadbirkorlarining harbiylarga ko’magi Rossiyaga qarshi turishda yordam beradi. Bu sohadagi innovatsiyalar Ukraina dushmanga bas kela olishida hal qiluvchi rol o’ynaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG