Ukrainalik uchuvchilar F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o’rganmoqda, ammo ekspertlar bu samolyotlarning yaqin orada frontda paydo bo’lishiga shubha qilishadi. Hozircha ukrainlar sobiq ittifoq davridagi uchoqlardan foydalanishga majbur.
Rossiyaga qarshi urushda ukrain armiyasi boshqaruvsiz raketalar bilan o’qlanadigan ikki turbinali Mi- 8 vertolyotlaridan foydalanmoqda.
Ko’p maqsadli Mi-8 yuk tashishi, o’t o’chirish uchun xizmat qilishi ham mumkin, deb tushuntiradi vertolyot komandiri Yevgeniy.
“Amerika Ovozi” xavfsizlik nuqtai nazaridan Yevgeniy va boshqa jangchilarning ism-shariflarini to’liq keltirmaydi.
“Topshiriqni muvaffaqiyatli bajarish – nishonni yo’q qilish, tirik qolish va vertolyotni biror shikastsiz bazaga qaytarishni anglatadi”, - deydi Yevgeniy.
Har bir nishonning koordinatlarini tajribali qiruvchi belgilab beradi, deb izohlaydi yana bir komandir Maksim.
“Harbiy aviatsiya piyoda qo’shinlar bilan muvofiqlashib harakat qiladi. Uchishdan oldin biz nishon koordinatlarini olamiz, uni bir hamlada yo’qotish uchun sinchkovlik bilan tayyorlanamiz. Keyingi ishimiz kuchli radioelektron bosim ostida bo’ladi, bu esa ayrim nuqsonlardan xoli emas”, - deydi Maksim.
Uchuvchilar navbatdagi jangovar topshiriqdan qaytishdi. Qiruvchilar natijani keyinroq bilishadi. Agar nishon yo’q qilinmagan bo’lsa, vertolyot qayta o’qlanadi va navbatdagi amaliyotga hozirlanadi.
Maksimning aytishicha, bitta ekipaj bir kunda to’rt martagacha havoga ko’tarilishi mumkin.
“Men yana uchishni xohlayman, natijalarni bilishni va yana uchishni!”, - deydi u.
Nihoyat qiruvchilar jangovar topshiriq bajarilgani, nishon yo’q qilingani haqida xabar berishdi.
“Eng asosiysi g’alabaga erishish, dunyo Rossiya imperiyasi dushman ekanligini anglab yetishi kerak”, - deydi Maksim.
Ukrainalik harbiylar Mi-8 vertolyotlarida uchishda davom etmoqda. NATO vakillariga ko’ra, yaqin oylarda ukrainalik ayrim uchuvchilar F-16 samolyotlarini boshqarish tajribasiga jalb qilinishi mumkin.
AQSh Prezidenti Jo Bayden NATO davlatlariga F-16 samolyotini Ukrainaga yetkazish ruxsati berilishini aytgan edi, ammo hozircha hech kim Ukrainaga F-16 samolyotlarini berish qarorini ma’lum qilgani yo’q.