Breaking News

AQSh Kiyevga klaster bombalarini yetkazib beradi


Klaster bombasi
Klaster bombasi

Klaster bombalari sochma portlovchi bo’laklardan iborat. Yuzlab mamlakatlarda taqiqlangan xavfli qurol sanaladi.

Ukraina mudofaasi o’q-doriga ehtiyoj sezib turgan bir paytda, AQSh Kiyevga klaster bombalarini yetkazib berishga qaror qilgan. Bu haqda “ABC” telekanalida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi ma’lum qildi.

Klaster bombasining portlash tarzi
Klaster bombasining portlash tarzi

“An’anaviy artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarsihni kuchaytirar ekanmiz, orada uzilish bo’lmasligi uchun, klaster bombalarni yo’llayapmiz”, - dedi u.

Ukraina hududiga klaster bombalarni uloqtirganlikda ayblangan Rossiyaning o’zi Vashington qarorini qoralamoqda.

Inson huquqlari himoyachilari klaster bombalarini tinch aholi vakillariga hayotiga tahdid deb biladi. “CNN” telekanalida so’zlagan demokratlar vakili ham shu fikrda.

“Portlamay qolgan bo’laklarni keyin bolalar bosib olishi mumkin”, - deydi qonunchi Barbara Li.

“ABC” telekanali bilan suhbatda Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy xorijiy mamlakatlardan turli xildagi harbiy yordamning ahamiyatiga to’xtaldi.

“F-16 yoki boshqa vositalar hujum shiddatini oshiradi, ko’proq inson hayotini va safimizni muqim saqlab qoladi”, - dedi u.

Zelenskiy NATO ning Vilnyus sammitida blokdan aniq xavfsizlik kafolatlari berilishini kutayotganini ta’kidladi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden “CNN” telekanalida so’zlar ekan, Ukrainaning yaqin kelajakda blokka a’zo bo’lish ehtimolini past baholadi.

“Urush ketayotgan bir davrda Ukrainani NATO oilasiga qo’shish borasida yakdillik yo’q. Blokka a’zolik vaqt oladi, uning talablarini bajarish kerak. Demokratizatsiyadan boshlab yana qator talablar bor”, - dedi Bayden.

Respublikachilar vakili Maykl Makkoul ham shunday fikrda.

“Ular zulm va adolatsizlikka qarshi kurashda o’z irodasini namoyish etdi. Biroq NATO ga zudlik bilan qabul qilmasdan, Ukrainani avvalo to’g’ri yo’lga solish lozim”, - dedi u.

Kiyevni NATO alyansi safiga qanday qilib yaqinlashtirish masalasi Vilnyus sammitida muhokama qilinishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG