Breaking News

Kreml: Putin "Vagner" rahbari Yevgeniy Prigojin bilan uchrashdi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Kremlning ma'lum qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin "Vagner" guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin va bir necha "Vagner" qo'mondonlari bilan uchrashgan. Uchrashuv qisqa vaqt davom etgan Prigojin qo'zg'oloni nihoyasiga yetganidan bir necha kun o'tib yuz bergan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, uch soat davom etgan uchrashuvda Putin “24-iyun voqealari” yuzasidan oʻz bahosini bergan va qoʻmondonlarning bu haqdagi hisobotini tinglagan.

Peskovga ko’ra, “Vagner” qo‘mondonlari Rossiya uchun kurashni davom ettirishga va’da bergan.

“Vagner”ning Moskva sari boshlagan harbiy yurishi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida to’xtatilgan edi. Kelishuvga ko’ra, Prigojin va uning jangchilariga Belarusga o’tishga ruxsat berilgan.

Qo‘zg‘olon kelishuv bilan yakunlangani Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati o’zgarishi mumkinligiga oid taxminlarni o’rtaga chiqardi. Chunki Prigojin o’z qo’zg’oloni aynan Rossiya armiyasi yetakchilariga qarshi qaratilganini aytgan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligi dushanba kuni bosh harbiy shtab boshlig‘i, mamlakatning eng yuqori martabali generali Valeriy Gerasimov aks etgan videotasvirni qo‘zg‘olondan keyin ilk bor ommaga namoyish qildi.

Videoda Gerasimov hisobot olayotgani va Rossiya aerokosmik kuchlari va harbiy razvedka xizmatiga ko‘rsatmalar berayotgani aks etgan.

Gerasimov Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan birga Prigojin tanqidining asosiy nishonlaridan biri edi.

Gerasimovning o'rinbosari, Prigojin bilan uzoq vaqt aloqada bo'lgan general Sergey Surovikin esa hamon jamoatchilik oldida ko’rinish bergani yo’q.

NATO sammiti

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an dushanba kuni agar Yevropa Ittifoqi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun yo‘l ochsa, Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytdi.

Turkiya va Vengriya Shvetsiyaning alyansga a’zoligini hanuz ma'qullamagan NATO a'zolari bo'lib, Anqara Shvetsiyani Turkiya terrorchi deb hisoblagan guruhlarga qarshi yetarli chora ko'rmaganlikda ayblamoqda.

“Turkiya 50 yildan ortiq Yevropa Ittifoqi eshigi oldida kutmoqda va NATOga aʼzo boʻlgan deyarli barcha davlatlar allaqachon Yevropa Ittifoqiga aʼzo, - dedi Erdogʻan shu hafta Litvada boʻlib oʻtadigan NATO sammiti oldidan. - Men bu chaqiriqni Turkiyani 50 yildan ortiq Yevropa Ittifoqi darvozalarida kuttirib turgan mamlakatlarga qarata aytyapman”.

Yevropa Ittifoqi va Turkiya aʼzolik boʻyicha muzokaralarni 2005-yilda boshlagan. Demokratiya va inson huquqlari bilan bogʻliq xavotirlar tufayli jarayon 2016-yilda toʻxtab qolgan.

Shvetsiya o'tgan yili Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Finlyandiya bilan birga NATOga a'zo bo'lish uchun ariza bergan edi. Finlyandiya aprel oyida qabul qilindi. Shvetsiya rasmiylarining aytishicha, ular Turkiya bilan islohot o‘tkazish, jumladan, terrorga qarshi yangi qonunni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga amal qilgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Erdog‘an va Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson bilan muzokaralar o‘tkazishi belgilangan.

Stoltenbergning aytishicha, Litvada bo'lib o'tadigan Vilnyus sammitida liderlar, shuningdek, Ukrainaga "ko'p yillik yordam paketi"ni berish bo’yicha kelishib oladi.

Ushbu paket Ukrainaga mudofaa va xavfsizlik sektorini qayta qurishda yordam beradi, toki u keyingi tajovuzlardan himoyalana olsin”, dedi Stoltenberg.

"Bu Ukraina qurolli kuchlarining NATO kuchlari bilan to'liq o'zaro ishlashini ta'minlaydi", - deya qo’shimcha qildi u.

NATO rahbarining ta'kidlashicha, alyans yangi NATO-Ukraina kengashining birinchi yig'ilishiga mezbonlik qiladi.

"U qarorlar qabul qilish va inqirozli maslahatlashuvlar uchun platforma bo'lib xizmat qiladi. NATO ittifoqchilari va Ukraina umumiy xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun teng ravishda muloqot qiladi", - dedi u.

Stoltenbergga ko’ra, NATO a'zolari kun kelib Ukrainaning ittifoqqa qo'shilishi masalasida yakdil; shu bilan birga, Rossiya bosqini davom etayotgan bir paytda Ukrainani harbiy alyansga qo'shish kun tartibida emas.

AQSh prezidenti Jo Bayden yakshanba kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida, agar Ukraina urush tugashidan oldin NATOga a'zo bo'lsa, butun ittifoqni Rossiyaga qarshi mojaroga tortishini aytdi. Bayden, shuningdek, Ukraina NATOga a'zo bo'lish uchun, "demokratlashtirishdan tortib, boshqa bir qator masalalarni o’z ichiga oluvchi talablarga javob berish uchun vaqt kerakligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG