Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan qochqinga aylangan ukrainalik o’quvchilar orasida ta’limni o’z vatanida davom ettirishni istaydiganlar ko’p. O’rta maktabni bitirgan bu o’quvchilar o’quv yurtlariga kirish imtihonlarini qochqinlikda ham topshirishlari mumkin.
Polsha Ukrainadan yarim millionga yaqin maktab yoshidagi bolalarni qabul qildi. O’rta maktab bitiruvchilariga Ukraina universitetlariga kirish imkoniyatini beruvchi yagona davlat imtihonlarini o’tkazish Ukrainada ham, xorijda ham sinab ko’rildi.
Polshadagi ukrainalik bitiruvchilar davlat imtihoni topshirishiga bir soatdan oshiq vaqt bor. Ammo ular Varshavadagi test markazi oldida to’planib bo’lishgan.
17 yoshli Darina Grexno test markaziga onasi va buvisi hamrohligida kelgan. Ular o’tgan yili Baxmutdan qochishgan, o’shandan buyon Polshada yashashadi.
“Ortiq asabiylashmayapman, qanday o’tsa, shunday qabul qilaman”, - deydi Grexno.
Bu markaz Yevropa, Kanada, AQShga qochgan ukrainalik o’quvchilar uchun ochilgan test markazlaridan biri. Bu yerdagi imtihonlar, bitiruvchilar Ukrainada yoki xorijda bo’lsin, hamma uchun bir soatda boshlanadi.
“Imtihonda ukrain tili va matematika majburiy, uchinchi fanni esa o’quvchining o’zi tanlashi mumkin, test topshirish uchun 180 daqiqa vaqt belgilangan”, - deydi Varshavadagi ukrain maktabi direktori Oksana Kolesnik.
Urushgacha ukrainalik o’quvchilar har bir fandan alohida imtihonlar topshirishgan. Urush ortidan yagona imtihon tizimi joriy etildi. Urush sharoitida o’quvchilarni bir necha bor imtihonga yig’ish ancha xatarli.
“Barcha tushunadi, afsuski urush imtihonlar paytida ham davom etaveradi, bunga tayyor turish kerak. Bu test maktab dasturlari qanchalik o’zlashtirilganini aniqlovchi yakuniy xulosa hisoblanadi”, - deydi Kolesnik.
Yagona imtihon tizimi Ukrainadagi oliy o’quv yurtlariga kirish uchun majburiy hisoblanadi. Urushga qaramasdan ayrim yoshlar ta’limni Ukrainada davom ettirish niyatida. Yevropadagi ba’zi o’quv yurtlari ham test natijalarini qabul qiladi.
Yevgeniya Dmitrik Rossiya nazoratidagi Xerson viloyatining Novaya Kaxovka shahridan. Bir yildan buyon Polshada yashayotganiga qaramasdan ukrain maktabida o’qigan. U imtihonlarga bir yil davomida tayyorlangan.
“Bu testdan o’tish menga Polshadagi universitetga kirish uchun kerak. Oliy ta’limni Yevropada olmoqchiman. Urush tugagandan so’ng uyga qaytib, ishlamoqchiman”, - deydi Yevgeniya.
Urush ukrainalik o’quvchilarning o’qish jarayonini ancha qiyinlashtirgan.
“Ayrimlar bosqindagi shaharlardan, ayrimlar bevosita jang kechayotgan hududlardan qochishgan. Bu juda xavotirli, tahdidli vaqtlar. Ular bir qadar tinchlanganini sezyapman, ammo bu vaqtincha, uydan navbatdagi xavotirli xabar kelguncha”, - deydi Varshavadagi ukrain maktabi o’qituvchisi Svetlana Levkovska.
Polsha Fan va ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko’ra, ukrainalik qochqinlardan iborat maktab bolalarining deyarli yarmi Polsha ta’lim tizimidan tashqarida. Polshada ukrainalik bolalarning mahalliy maktablarda o’qishi majburiy emas.
Shu bois ham ko’plab o’quvchilar onlayin tarzda yoki Polshadagi ukrain ta’lim tizimiga asoslangan maktablarda o‘qimoqda.
Facebook Forum