AQSh Mudofaa vazirligi Qora dengizga qulagan harbiy droni rus samolyoti bilan yuzlashuv paytida tushirgan videoni chop etdi. Unda Su-27 qiruvchi samolyotining “MQ-9 Reaper” droni ustidan kerosin sepib, unga zarar yetkazishga uringani tasvirlangan.
Hujumda ikkita samolyot ishtirok etgani, ulardan biri dron vintiga tegib, apparatning suvga qulashiga sabab bo’lgani aytilmoqda.
“Xavfsiz va noprofessional harakatlar tasvirlangan hodisalar videolarini oldin ham chop etganmiz. Rossiyaning ehtiyotsiz va xavfli xatti-harakatini namoyish etish uchun mana shu videoni ko’rsatishni muhim deb bildik”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder.
AQShning da’vo qilishicha, dron xalqaro suvlar uzra uchgan. Biroq Moskva bu xulosaga qo’shilmaydi.
“Maxsus harbiy amaliyot boshidan beri Qora dengizdagi ayrim hududlarni har qanday uchuvchi apparatlar uchun cheklab qo’yganimizni also pisand qilishmadi”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
AQSh Rossiya cheklovlarini tan olmasligini, ularning noqonuniy ekanini ta’kidlaydi. Moskva, shuningdek, uning samolyoti dron vintiga tegib ketganini inkor etarkan, dron qoldiqlarini dengiz tubidan chiqarishini, AQShning kelajakda bu kabi provokatsiyalariga tegishli ravishda javob berishini bildirdi.
Oq uy yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga harakat qilayotganini ma’lum qildi.
“Rossiya bilan qurolli to’qnashuv tarafdori emasmiz. Bunday vaziyatda aloqa qilish va taranglikni yumshatish uchun to’g’ridan-to’g’ri aloqa liniyalarimiz mavjud”, - dedi AQSh prezidentining matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Ayrim tahlilchilar nazarida, AQSh dronining xalqaro suvlar uzra qulatilishi ikki yadroviy mamlakat o’rtasida Ukrainadagi urush sabab aloqalardagi mavjud taranglikni yanada kuchaytirishi mumkin.
“Ukrainaga urushda razvedka ma’lumotini uzatish uchun dron uchirishimiz bizni mojaroda bilvosita ishtirokchi qilib ko’rsatadimi yoki bevosita? Aytish qiyin. Har ikki tarafni mana shu “kulrang zona”da deb bilaman. Bunday hodisalardan so’ng taranglikni muzokara orqali hal qilamiz”, - deydi Vashingtondagi “Stimson markazi” eksperi Kelli Griko.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSh dronini qulatishga muvaffaq bo’lgan uchuvchilarni davlat mukofotlari bilan taqdirlashi haqida ma’lum bo’ldi.
Facebook Forum