Breaking News

Zelenskiy: Ukraina AQShga tayana olishi kerak


Milliy mudofaa universiteti, Vashington, 11-dekabr, 2023
Milliy mudofaa universiteti, Vashington, 11-dekabr, 2023

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressini uning davlatiga yordam berishni ko'ndirish harakatida ekan, Vashingtonga tashrifini harbiylarga murojaat bilan boshladi.

Zelenskiy deydiki, Rossiya uning davlatiga bostirib kirib, uni butkul egallab olmoqchi. Agar Vladimir Putin bunga erishsa, deydi u, Ukraina bilan cheklanmaydi.

“Putinning sizga qarshi quroli hozirda propaganda va dezinformatsiya. Biroq imkoni bo'lsa, yanayam uzoqqa ketishi mumkin",- deydi Zelenkiy.

Bu urushda erkinlik ustun kelishi shart, deydi u. Ukraina Amerika yordamidan minnatdor.

“Dunyo ko'zi bizda. Ukraina hayot-mamot uchun kurashmoqda, bundan aslo to'xtamaydi. Bizning maqsadimiz aniq. Bizga ishonsangiz bo'ladi. Biz ham sizga ishonishni xohlaymiz", - deydi Zelenskiy Amerika zobitlari orqali xalqqa yetib borishga urinar ekan.

Prezident Volodimir Zelenskiy AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi, Vashington, 11-dekabr, 2023
Prezident Volodimir Zelenskiy AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi, Vashington, 11-dekabr, 2023

Ukraina prezidentiga ko'ra, hozirda uning armiyasi Rossiya bosqini ostidagi hududlarning yarmini qaytarib olgan.

“Bu yil Rossiya g'alaba qilishiga yo'l bermadik. Askarlarimiz frontda tinimsiz harakatda, jangda", - deydi Zelenskiy.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin deydiki, Kreml agressiyasiga munosib javob bermoq zarur.

"Aks holda agressiya yanayam kuchadi va qon to'kilish ko'lami, urush kengayadi".

“Shuncha jinoyatlariga qaramay, yakkalanganiga qaramay, Putin hamon Ukrainani yutish niyatida. U Amerikaga ham bas kela olishiga ishonadi. Putin adasmoqda", - deydi Ostin.

Xalqaro Valyuta fondi rahbariyati ham Vashingtonda Zelenskiy bilan muloqot qildi. Fond Ukrainaga 15,6 milliard dollarlik qarz berishga bel bog'lagan.

Moliyaviy institut nazarida Ukraina urushga qaramasdan, iqtisodiy jihatdan ildam. Fond mamlakatda ijobiy o'zgarishlar kelasi yil ham davom etishiga ishonadi.

Prezident Zelenskiy Xalqaro Valyuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva bilan, Vashington, 11-dekabr, 2023
Prezident Zelenskiy Xalqaro Valyuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva bilan, Vashington, 11-dekabr, 2023

Kongress va Oq uydagi uchrashuvlarda Ukrainaga zarur 61 milliard dolliklar ko'mak taqdiri muhokamada.

Zelenskiy bu tashrifi bilan yordam borasida ikkilanib turgan respublikachilar ko'ngliga yo'l topmoqchi.

Vashington bugungacha Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga 111 milliard dollar ajratgan, uning yarmidan ko'pi harbiy maqsadlar uchun sarflangan.

“AQSh Ukrainaga madadni aslo to'xtatmaydi, chunki u Rossiyadek yovuz va xavfli kuch bilan olishmoqda", - deya bildiradi Oq uy.

Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra esa Ukraina uchun oldin berilgan mablag' tugab bormoqda.

Aslida Kiyevga ko'zlangan pulning 90 foizini Amerikaning o'zi ishlatadi, deydi u.

“Ukrainaga zarur qurol-aslaha o'zimizda ishlab chiqariladi, shu bois madad ortidagi xarajat aslida o'zimizda qilinadi”.

Bu orada Putin Rossiya shimoliga borib, davlatning suvosti arsenaliga nazar tashlagan, xususan arktik port Severodvinskda bo'lgan.

Rossiya hozirga kelib, qo'lidagi strategik qurollarini yangilash, sinovdan o'tkazib, ko'z-ko'z qilish bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG