AQSh Kongressi Ukrainaga o'nlab milliard dollarlik yordam ustida bahslashar ekan, amerikaliklarning deyarli yarmi nazarida Rossiya bilan urushayotgan bu davlatga keragidan ortiqcha pul ajratilmoqda.
"Associated Press" axborot agentligi va "NORC Center for Public Affairs Research" nomli tadqiqot markazi birgalikda olib borgan ommaviy so'rovlarda respondentlarning salmoqli qismi Ukrainaga ketayotgan moliya Amerika xalqining o'z ehtiyojlari uchun ishlatilsin, degan.
Bunday fikrlarni aslida respublikachilar olg'a surib keladi. Biroq so'ralganlarning 45 foizi fikricha ham Bayden ma'muriyati Ukrainaga bu qadar ko'mak ko'rsatishi to'g'ri emas. Oktabr oyidagi so'rovlarda respondentlarning 52 foizi shunday degan edi.
Respublikachilar orasida bu ko'rsatkich o'tgan oy 69 foiz edi, noyabrda esa 59 foiz.
Kolorado shtatidan 40 yoshli Erik Mondello Ukraina xalqiga hamdard, ammo unga hozirgacha berilgan yordam yetadi.
"O'zimizda ham muammo yetarli. Talablarimiz kun sayin ortib bormoqda. Ittifoqchilar kerak, tushunaman, ammo oldin o'z ehtiyojlarimizni qondiraylik", - deydi Erik.
Amerikaliklarning 38 foizi nazdida Ukrainaga ko'rsatilayotgan madad to'g'ri, ma'nan va moddiy jihatdan.
Respublikachilar orasida har 10 kishidan uch nafari shunday fikrda.
69 yoshli Pola Greyvs deydiki, "Vladimir Putin shayton".
"Biz Ukrainaga so'zsiz yordam berishimiz kerak. Putin diktator. Inson huquqlari uning uchun bir tiyin. Ukrainani unga boy bersak, u yanayam haddidan oshadi. Bosqinchilikni davom ettiradi", - deydi Kaliforniya shtatilik bu ayol.
Greyvs biror partiyaga a'zo emas, ammo ko'proq respublikachilarga ovoz berib keladi.
U AQSh global yetakchilikni boy bermasligini xohlaydi.
"Amerika avvalo o'zini o'ylashi kerak, albatta, lekin birinchi o'rinda faqat bir masala turishi kerak deb kim aytdi?”
Oq uy Kongressdan Ukraina uchun 61 milliard dollar ajratishni so'ramoqda.
Bayden ma'muriyatiga ko'ra, madad vaqtida ko'rsatilmasa, Kiyev Rossiyaga qarshi vaqtida va joyida zarba bera olmaydi va Putin ustun kela boshlashi mumkin.
Bu hafta Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga safar qilib, 100 million dollarlik harbiy yordam yetkazilayotganini ma'lum qildi.
“Aggressorlarga munosib javob berilmasa, yanayam ko'p qon to'kiladi, vayronagarchilik va beqarorlik avj oladi", - deydi Oq uy rasmiysi Jon Kirbi.
Uning so'zlariga ko'ra, Ukraina zaiflashsa, bundan yaqin va uzoq muddatda Amerika ham ulkan zarar ko'radi. Zolim davlatlarga qarshi kurashda AQSh xavf ostidagi tuzumlarga hamisha madadkor bo'lishi lozim, deydi u.
Kongress o'tgan oylar ichida Ukrainaga so'ralgan mablag'ni ikki bor ajratmadi. Sentabrda 40 milliard dollarlik taklifni chetga surdi, noyabrda esa qisqa byudjetni ma'qullar ekan, Bayden ma'muriyatidan kelgan iltimosning Kiyev bilan bog'liq qismini umuman inobatga olmadi.
Senatorlarning bir guruhi, har ikki partiya vakillaridan iborat doira Ukraina masalasi bilan shug'ulanayotgani ma'lum. Palata liderlari zarur yordam ajratilishi mutlaq quvvatlashini aytadi.
Respublikachi senator Jon Tun deydiki, bu borada yangi yilgacha bir qarorga kelinadi va u ijobiy bo'lishi kerak.
Vakillar palatasining yangi spikeri Mayk Jonson Ukrainaga ko'makni savolga tutib kelayotganlardan, ammo keyingi paytlarda pozitsiyasini yumshatgani kuzatiladi. Ammo u endi o'z partiyadoshlarini ham ko'ndira olishi kerak.
Jonson va boshqa konservativ siyosatchilar Oq uyga boshqa talablarni ham qo'yishi kutilmoqda, xususan Meksika bilan chegarada tartibni keskinlashtirish borasida.
Ommaviy so'rivlar natijasidan ma'lumki, ayni damda amerikaliklarning yarmi Rossiyani AQShga tahdid solayotgan tomon deb hisoblaydi.
Demokratlar ichida bu xavfni o'ta yuqori darajada ko'radiganlar ko'pchilik, 53 foiz. Respublikachilar orasida esa 51 foiz.
Demokratlarning aksariyati nazarida Ukraina AQSh kabi demokratiyani qadrlovchi jamiyat.
Ukrainaga qurol uzatish ma'qul deb biladiganlar amerikaliklar orasida 48 foiz.
Har 10 amerikalikdan to'rt nafari Ukrainaga to'g'ridan-to'g'ri moliya uzatishni ham to'g'ri qaror deb hisoblaydi.
Biroq amerikaliklarning 45 foizi AQSh bu urushga aralashmasin yoki kamroq aralashsin, deydi. 16 foizi esa yanayam faolroq bo'lsin, deydi.
Oklaxoma shtatidan Piter Ensig deydiki, AQSh global maydonda dadil bo'lsin, ammo hozirgidek ko'p xarajat qilmasin.
Ukrainaga berilgan yordam, har shaklda, qanday ishlatilayotgani qattiqroq nazorat qilinsin, deydi Ensig.
“Ko'makni berayapmiz, lekin u qayerga ketayotgani haqida bilmaymiz", - deydi 40 yoshli bu amerikalik.
Amerikaliklarning 40 foizi fikricha, Ukraina va Amerika bir qadriyatlarga ega jamiyatlardir. Liberallar ular orasida ko'pchilik.
Respublikachilar alohida so'ralganida, ularning aksariyati Ukrainani sherik deb hisoblashini aytgan, biroq qadriyatlar yuzasidan u qadar yakdil emas, deb biladi.