Breaking News

Ukraina yahudiylari: Isroil va Ukraina global yovuzlikka qarshi turibdi


Ukraina yahudiylari bugungi urushlar haqida nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00

Ukrainadagi eng katta sinagogalardan biri 1865-yil mamlakat g’arbidagi Drogobich shahrida qurilgan. Ikkinchi Jahon urushi davomida shaharda istiqomat qilgan 17 000 ga yaqin yahudiylarning deyarli hammasi natsistlar va ularning tarafdorlari qirg’iniga uchragan.

Ko’hna Xoral Sinagogasi yahudiylar jamiyati qo‘llab-quvvatlovi bilan bugungi kunda ham faoliyatini davom ettirmoqda.

2019-yilning kuzi. Havaskorlar tushirgan bu tasvirlarda Konnektikut shtatining Nyu-Xeyven shahridan kelgan ravvin David Avigdor 80 yil oldin uning bobosi Drogobichning bosh ravvini Yakov Avigdor ibodat qilgan Xoral sinagogasiga kirishi tarixiy lahzalari muhrlangan.

“Bu nafaqat xolokostdan omon qolgan Avigdorlar oilasi, balki bugun yodga olinayotgan boshqalar uchun ham sharaf edi”, - deydi Leonid Golberg.

Drogobich - Ikkinchi jahon urushidan oldin Galisiyaning yahudiy markazlaridan biri bo’lgan Ukraina g'arbidagi shahar. Yakov Avigdor o'zining so'nggi xizmatini 1939-yil sentabr oyida Yom Kippurda, urush boshlanganidan ko'p o'tmay, shu yerda o'tkazgan.

Leonid Golberg - so’nggi yillarda Isroilda va Ukrainada kechayotgan har ikki urushning bevosita guvohi. U 2019-yilda Isroil janubidagi do‘stlarini ziyorat qilarkan, bombardimonga uchragan, uy ichidagi maxsus xonada yashiringan. 2023-yil Rossiya raketalari uning ona shahri ustiga yog’dirilgan.

“Irpen, Bucha, Mariupolda va Isroilning janubida o'ldirilgan bolalar - bu biz XXI asrda duch kelayotgan yangi natsizmdir. Ukraina 10 yildan beri urush holatida. Isroil tashkil topganidan buyon hujumlarni qaytarib keladi. Bu ikki davlat hozir global yovuzlikka qarshi turibdi”, - deydi Golberg.

Mahalliy gid va publitsist Golberg 158 yillik tarixga ega bu sinagogani bunyod etgan yahudiylardan emas. Uning otasi Xarkovdan, onasi Donetskdan. Bu oila Sovet Ittifoqi davrida Drogobichga ko'chib kelgan.

Xolokost paytida bu yerlik yahudiylarning aksariyati o’ldirilgan va bugungi kunda Golberg mintaqaning noyob tarixiy merosini saqlab qolish uchun qo’lidan kelgan ishni qilmoqda.

“Drogobichning urushdan oldingi avlod yahudiylaridan eng so’nggi vakili Alfred Shreyer 2015-yil olamdan o’tdi. U ajoyib sozanda va yuksak madaniyatli inson edi”, - deya eslaydi Andrey Yurkevich, teatr direktori.

“20-asr boshlarida Drogobichda uchta Rim-katolik, yettita pravoslav cherkovi va 17 sinagoga bo’lgan. Hozirda bu yerda amaldagi ravvinlar qolmagan, biroq urf-odatlarga g'amxo'rlar ko'p. Bu joylar esa ta'lim markazlariga aylangan”, - deydi Yurkevich.

2022-yilda Yurkevich Ukraina g’arbining mudofaasida turgan. Shunda sinagogadagi do'sti unga yaqindan yordam berganini yaxshi eslaydi.

“U doim frontga matza yuborardi. Oziq-ovqat ortilgan yuk mashinalari bizgacha yetib kelolmaganda, yigitlar albatta kelishardi va men safdagilarga ular keltirgan "yahudiy noni"ni tarqatardim. U bizni ko’p qutqargan, chunki matza aynimaydi”, - deya eslaydi Yurkevich.

Xayriya tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilgan o'n yillik restavratsiyadan so’ng Drogobich Xoral sinagogasi hozirda G'arbiy Ukrainadagi eng kichik yahudiy jamoalaridan biri tomonidan boshqariladigan eng yirik ibodatxona hisoblanadi.

Ukraina “uch tish”i bilan qorishgan Dovud yulduzi - bu emblema Goldbergning kipasida o’z aksini topgan. Shahar sinagogasiga qadam bosar ekan, uning bugungi orzusi - jahondagi barcha urushlar uning devorlari ortida qolsin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG