AQShga tashrif buyurgan Isroil Prezidenti Is’hoq Gersog AQSh prezidenti va davlat kotibi bilan uchrashuvlardan so’ng Kongressda bo’lib, har ikki palata vakillari oldida nutq so’zladi.
“Eron Yaqin Sharq va boshqa mintaqalar barqarorligiga tahdid soluvchi yadroviy salohiyatini yaratmoqda”, - dedi u.
Isroil G’arbiy Sohilda yahudiylar uchun uylar qurishda davom etarkan, Gersog hukumatining ushbu siyosatini himoya qildi, qo’lga qurol olgan falastinliklarni “terrorchilar” deb atab, ular bilan tinchlik haqida gaplashmasligini aytdi.
“Haqiqiy tinchlikka zo’ravonlik orqali erishib bo’lmaydi”, - dedi u.
Oy boshida “Hizbulloh” harakatining yetakchisi Said Hasan Nasrulloh Livanning Isroil nazoratidagi barcha hududlarini ozod qilishga chaqirdi.
“Bu Livanning yerlari. Isroil ularni qaytadan ishg’ol qilib, atrofini to’sib devor qurdi”, - dedi u.
AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar Isroilning falastinliklarga munosabati va muomalasidan tashvish bildirgan. Gersog ayrim tanqidlar o’rinli ekanini aytdi.
“Isroilliklar va amerikaliklarning yangi avlodi rahbarlik lavozimlarini egallamoqda. Bu Isroil davlatchiligi boshidagi qiyinchliklarni ko’rmagan avlod. Ikki davlat xalqlarini bog’lab turgan ildizlarga kamroq qiziqadigan avlod. Ehtimol, AQSh-Isroil munosabatlarini odatiy hol sifatida qabul qiladigan avlod”, - dedi Is’hoq Gersog.
Isroil prezidenti Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo’layotgan sud tizimini isloh qilish rejasiga ham to’xtaldi.
“Yurtimda qizg’in munozara bo’lyapti. Bu Isroil demokratiyasining mustahkamligidan dalolat. Isroil demokratiyasi hamisha erkin va odil saylovlarga, odamlar tanlovini hurmat qilishga, ozchilikdagi guruhlar huquqlarini, fuqarolik huquqlarini himoya qilishga, kuchli va mustaqil sud tizimiga asoslangan bo’lgan”, - dedi u.
Biroq amerikalik yahudiy tashkilotining bir vakili Netanyaxu siyosatini tanqidga oldi.
“Bosh vazir va uning muammoli koalitsiyasi taklif etgan masalaga e’tibor bering. Ular sudyalarni tanlash jarayonini o’zgartirmoqchi, ya’ni sudyalarni o’zlari tanlab, bu bilan sud ishlarining qayta ko’rib chiqilishiga barham berishmoqchi”, - deydi Jona Pezner ismli ravvin.