Isroil G'azoni bir oydan oshibdiki, o'qqa tutmoqda. Minglab falastinliklarning yostig'i qurigan. Har kuni yuzlab o'lim. Ko'plab davlatlar yahudiy davlatdan norozi, u yerdagi diplomatlarini chaqirib olmoqda.
“Xalqaro hamjamiyat bu genotsidga toqat qilmasligi kerak", - deydi Xumbudzo Ntshaveni, Janubiy Afrikaning siyosiy masalalar bo'yicha vaziri.
Turkiya, Chad, Iordaniya, Boliviya, Chili, Bahrayn, Gonduras, Kolumbiya va Janubiy Afrika Isroil siyosatini qoralab chiqqan va elchilarini qaytargan.
G'azoda 7-oktabrdan beri avj olgan hujumlardan halok bo'lganlar 10 mingdan ziyod, 4000 dan oshig'i bolalar.
Bir oy oldingi hamlada XAMAS Isroilning 1400 fuqarosini o'ldirgan. 200 dan ko'proq kishini guruh garovga olgan.
Yahudiy hukumat tinch aholi emas, terrorizm bilan band XAMASni nishonga olayotganini aytib, urushni to'xtatmoqchi emas. Sulhga ham rozi emas. XAMAS yer tishlamaguncha harbiy amaliyotlar tinmaydi, deydi Isroil rasmiylari.
Isroilni XAMASni begunoh odamlarni qalqon sifatida qo'llayotganlikda ayblaydi.
AQSh Isroilni mutlaq quvvatlab, unga yaqinda 14 milliard dollarlik ko'mak ko'rsatishga qaror qildi. Har yili Vashington Isroilga 3,3 milliard dollar miqdorda yordam beradi.
BMT Xavfsizlik kengashida AQSh Isroilni qoralovchi har qanday taklifga veto qo'ymoqda.
O'tgan oy BMTning 120 a'zosi G'azoga hujumlarni darhol to'xtatishga chaqirdi. AQSh va yana 12 davlat bu chaqiriqqa qo'shilmadi.
“Qo'shma Shtatlar bu borada ancha yolg'iz", - deydi Vashingtonning Bahrayndagi sobiq elchisi Uilyam Rebek.
“Lekin bu vaqtincha. Masala hal bo'lgunicha, sulh tuzilib, kuchga kirmaguncha munosabat shunday bo'ladi”.
Isroil va Amerika hukumatlari XAMASga qarshi yakdil. Sulh, deydi ular, terroristlarga madad bo'ladi.
Bayden ma'muriyati nishondagi hududlardan tinch aholi chiqib ketishi va G'azoga gumanitar yordam uzatish uchun hujumlarda tanaffus e'lon qilishni taklif qilgan. Biroq yahudiy davlat shart qo'ygan: oldin XAMAS garovdagilarni qo'yib yuborishi kerak.
Jons Hopkins universitetidan professor Sara Parkinson fikricha xalqaro hamjamiyatning Isroilga qarshiligi yaqin va uzoq muddatda qimmatga tushadi.
"Chunki bir tomondan G'azo oqqa tutilmoqda, ikkinchi tomondan aholi isroilliklar tomonidan siquvda, yerlarni yahudiylar egallab olgan. Buni dunyo ahli ko'rib turibdi va la'natlamoqda. Isroil bilan aloqani normallashtirishni boshlagan Saudiya Arabistoni ham hozir to'nini teskari kiyib olgan", - deydi Parkinson.
Bu oy BMT Xavfsizlik kengashida Xitoy rais ekan, o'zgarish qilishga urinadi. Pekin Falastin mustaqil davlat bo'lishi kerak, deya undab keladi. G'arb ham buni quvvatlaydi, ammo qay shartlar asosida? Bu borada kengash a'zolari tarqoq.
“AQSh veto qo'yishi aniq ekan, Xitoy BMT Xavfsizlik kengashida yangilik qila olmaydi. Ammo urush davom etib, qon to'kilishlari tinmas ekan, Vashington unga ishonch va hurmat so'nayotganidan xavotirga tushib, sulhga chaqiruvchi hujjatga ovoz berishi mumkin, lekin bunda ham faqat Isroil ayblanmasligi kerak", - deya tahlil qiladi Garvard universitetidan professor Stiven Volt.
Sobiq elchi Rebek nazarida esa Amerika azaldan Isroilni himoya qiladi. Oldingi urushlarda ham qarshilik keskinlashgan, Vashington yakkalangan, ammo vaziyat sal barqarorlashgach, diplomatik munosabat yana ijobiylashgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Rossiya va Xitoyni tanqid qilar ekan, Moskva va Pekinni inson huquqlarini tinimsiz buzganlikda va tashqaridan bu masalalaarga hech kim aralashmasligi kerak deb hisoblaganlikda qoralagan edi.
"Ular uchun inson huquqlari jamiyatma-jamiyat farq qiluvchi nisbiy tushuncha",- degan Blinken.
Hozirda u Yaqin Sharqda muzokaralar olib borar ekan, mintaqa rahbarlari Blinken va Bayden ma'muriyatini Isroilning huquqbuzar va qonunbuzar siyosatini oqlaganlikda ayblamoqda.
“G'arb ikkiyuzlamachi degan xulosa keng: Rossiyaning Ukrainani bosib olganiga qarshilik kuchli, ammo Isroilning G'azoni bosib olganiga ko'z yumiladi, degan qarash", - deydi professor Volt.
Dunyo poytaxtlari bo'ylab Falastin uchun namoyishlar tinmayapti, xususan Vashingtonda ham.
Isroildan norozi omma G'azoga hujumni darhol to'xtatishni, gumanitar yordam yetkazishni talab qilmoqda. Falastin mustaqil davlat bo'lsin, degan chaqiriqlar yangramoqda.
AQSh Xitoy va boshqa davlatlar bilan bir jihatdan yakdil: Isroil-Falastin mojarosi hal etilishi kerak.
“Biz mintaqada tinchlik o'rnatilishini xohlaymiz, jumladan Falastin davlati barpo etilishini", - deydi Blinken.