Breaking News

O'zbekiston G'azoga BMT orqali yordam beradi


Toshkent: 31-oktabr kuni Prezident Mirziyoyev BMT Yaqin Sharq agentligiga O'zbekiston 1,5 million dollar ajratayotganini ma'lum qildi
Toshkent: 31-oktabr kuni Prezident Mirziyoyev BMT Yaqin Sharq agentligiga O'zbekiston 1,5 million dollar ajratayotganini ma'lum qildi

Toshkentda 31-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston G'azo sektori aholisga madad ko'rsatish uchun BMT orqali 1,5 million dollar ajratayotganini ma'lum qildi.

Mirziyoyev bu oy Yaqin Sharqda avj olgan urushda Falastin va Isroil tomondan yaqinlarini yo'qotgan insonlarga hamdardlik bildirib, Falastin xalqi o'z mustaqil davlatini BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq barpo etishga haqli, deya ta'kidladi.

"Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi. Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin", - deydi Mirziyoyev.

Toshkent har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqirmoqda.

Mirziyoyev deydiki, Markaziy Osiyo - turli millatlar va konfessiyalar asrlar davomida tinch-totuv yashab kelayotgan mintaqa.

"Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman", - deydi prezident.

"Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur".

BMT Xavfsizlik kengashi Isroilning G'azodagi urushi va XAMASga qarshi harakatlari yuzasidan hali biror rezolyutsiya qabul qilmagan. Organning doimiy a'zolari orasida bu borada yakdillik yo'q.

BMT Bosh Assambleyasi o'tgan hafta rezolyutsiya chiqardi. Unda aksariyat a'zolar Isroil va XAMASni o'q otishni to'xtatishga chaqiradi. Biroq bu hujjat yuridik kuchga ega emas, ya'ni taraflar unga bosh egishga majbur emas.

BMT Bosh kotibiyati va agentliklari sulhga undab kelmoqda. Vaziyat daqiqa sayin og'ir, deydi tashkilotning Yaqin Sharqdagi vakillari.

7-oktabrdan beri ajv olgan urushda Isroil tomondan 1400, Falastindan esa 8000 dan oshiq insonning yostig'i qurigan.

G'arb terrorist deb tamg'alagan XAMAS qo'lida 200 dan oshiq odam asir ekani taxmin qilinadi. Isroil uchun ularni ozod etish va XAMASni yo'q qilish - birlamchi vazifa, deydi yahudiy davlat rasmiylari.

AQShga ko'ra, Isroil o'zini himoya qilishga haqli. Bayden ma'muriyati nazarida sulh hozir XAMASga kuch beradi. Biroq, deya undamoqda Prezident Jo Bayden, Isroil terrorchilarga qarshi urushda Falastin xalqini qirmasligi, tinch aholiga zarar yetkazmasligi zarur.

Shunday chaqiriqlar ostida Isroil va Amerika mutasaddilari yana bir narsaga urg'u beradi: XAMAS oddiy aholi orasiga yashiringan, undan qalqon sifatida foydalanmoqda.

XAMAS esa o'z bayonotlarida Isroil va uning quvvatlovchisi AQShni terrorizmda ayblaydi.

BMTning Yaqin Sharqdagi agentligi G'azoga kelayotgan yordam juda oz, avvalo urush darhol to'xtatilishi shart, deya bong urmoqda.

O'zbekiston: Falastin mustaqil davlat bo'lishga haqli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:34 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG