Breaking News

AQSh Isroilni G'azo aholisini ayashga undamoqda


G'azo sektori, 30-oktabr, 2023
G'azo sektori, 30-oktabr, 2023

AQSh Isroilni XAMASga qarshi urushda G'azo aholisini ayashga, unga yordamni oshirishga undamoqda. Uch haftadirki, yahudiy davlat sektorni o'qqa tutmoqda. Uning hujumlarida 8000 dan oshiq falastinlik halok bo'lgan.

Oq uyga ko'ra, Prezident Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefon muloqotda xalqaro qonunlarni eslatib, tinch aholiga zarar yetmasligi uchun harakat qilishga chaqirgan.

Norozi tomonlar esa Amerikani Isroilni shartsiz quvvatlab, qon to'kilishiga hissa qo'shayotganlikda ayblaydi.

Oq uy XAMAS terrorist guruh deya, uni yo'q qilish uchun Isroildan yordamni ayamasligini bildiradi.

7-oktabrdagi hamlada XAMAS 200 nafardan ziyod odamni garovga olgan, deydi rasmiylar, ularni qutqarish - birlamchi vazifa.

G'azo sektori, 30-oktabr, 2023
G'azo sektori, 30-oktabr, 2023

Yahudiy davlatga ko'ra, XAMAS uning 1400 fuqarosini o'ldirgan. Guruh va falastinliklarning boshqa to'dalari, qolaversa Livandagi Hizbulloh Isroil kuchlariga raketa otib turibdi.

Vashington nazarida yahudiy davlat o'zini himoya qilishga haqli. Biroq hozirga kelib, Bayden ma'muriyati G'azo ahliga gumanitar yordam yetkazish zaruratiga ham urg'u bermoqda.

Sektorda ahvol dahshatli deya tasvirlanmoqda, chunki Isroil uni tok, suv, oziq-ovqat va dori-darmon ta'minotidan kesgan.

Misr orqali yordam kirmoqda, lekin bu yetmaydi. Isroil chegaralarni ochishi kerak. Bayden va Netanyaxu orasida bu masala muhokamada.

Amerika rasmiylarining tushuntirishicha, Isroilni quvvatlash xalqaro qonunlarga zid qadam tashlayvering, degani emas.

AQSh Falastin ahli ezilmasligini istaydi, deya qayd etmoqda Milliy xavfsizlik kengashi.

"Isroil G'azodagi begunoh insonlar hayotini ehtiyot qilishga majbur", - deydi Jeyk Sallivan, Prezident Baydenning maslahatchisi.

Sallivan deydiki, Isroil terrorist va tinch fuqaroni ajrata olishi shart. Harbiy amaliyotlarni rejalaganda va o'tkazganda aholi zarar yetmasin, deydi u.

"XAMAS nishonda bo'lishi kerak, begunoh insonlar emas".

Xon Yunus, G'azo janubi, 30-oktabr, 2023
Xon Yunus, G'azo janubi, 30-oktabr, 2023

Falastinliklarning yerlariga kelib o'rnashganlar orasida ekstremistlar bor, deya tan oladi Sallivan, ular arab aholiga zo'ravonlik qilishiga yo'l bermaslik kerak.

BMT va ko'plab davlatlar Isroil va XAMAS orasida sulhga chaqirmoqda.

Kongressda demokratlar Prezident Baydenni bunga erishish uchun barcha choralarni ko'rilsin, deya bosimni oshirmoqda.

XAMAS oddiy aholi orasiga kirib olgan va uni qalqon sifatida qo'llamoqda, deydi Sallivan, shu bois ham o'lim ko'lami keng.

"Isroil uchun bu qiyinchiliklar tug'diradi, ammo G'azo aholisining aksariyati begunoh. Demak, ularni ehtiyot qilishingiz kerak".

BMT olib kirayotgan yordam G'azoda talash, chunki 2,3 million odam yashaydigan sektorda iqtisod va tirikchilik izdan chiqqan.

O'tgan kunlar ichidagi hujumlar milliardlab dollarlik zarar keltirgan. Turar joylar vayron bo'lgan. Yuzlab ming aholi boshpanasiz.

Sallivan deydiki, Isroil va Amerika bir-biri bilan ochiq va dangal muloqotda.

"Begunoh insonlar qirilmasligi uchun Isroil nima qilmog'i shart bo'lsa, buni uqtirayapmiz", - deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG