Breaking News

Isroil-XAMAS urushining 21-kun tafsilotlari


Isroil XAMASga tegishli inshootlarga zarba berishda davom etayotganini bildirmoqda. Bugun qiruvchi samolyotlar va dronlar sektor markazida tankga qarshi raketa uchiriladigan joylar, harbiy qo’mondonlik va boshqaruv markazlari hamda XAMAS jangarilarini nishonga olgani aytiladi.

Xalqaro hayot - 27-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:27 0:00

Isroil qo’shinlarini G’azoda nimalar kutmoqda?

Isroil armiyasi G’azoga kirishga hozirlanmoqda. Ba’zi xabarlarga ko’ra, Bayden ma’muriyati mintaqada qo’shimcha hafo mudofaasi tizimlarini o’rnatishga ulgurish uchun Isroildan G’azoga qo’shin kiritishni kechiktirishni so’ragan. Ushbu tizimlar Iroq va Suriyadagi bazalarda joylashgan amerikalik askarlarni Eronga xayrixoh guruhlar hujumlaridan himoya qilishga qaratilgan.

Isroil amaliyotining keyingi bosqichi muzokarachilarga garovdagilarni ozod etishga kelishishda vaqt berish uchun ham kechiktirilayotgani aytiladi.

Ba’zi xabarlarga ko’ra, Isroil armiyasi G’azoga bugun kiritilishi mumkin.

G’azoliklar qattiq qarshilik ko’rsatishini bildirmoqda.

"Bizga qarshi qo’llayotgan birorta chorasi yordam bermaydi. Uysiz qolsak ham, bu yerda birorta ayol va bola qolmasa ham, ularni tuproqlarimizdan haydab chiqarishga majburlaymiz”, - deydi Isroil havo hujumida uysiz qolgan bir ayol.

"Agar Amerika va arab davlatlari bizga e’tibor bermayotgan bo’lsa, Isroilning biz bilan nima ishi bor? Biz ham inson, fuqaro, bizdan nimani xohlashyapti?”, - deydi BMT maktabida jon saqlayotgan yana bir g’azolik.

XAMAS Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, yer bilan yakson bo’lishi haqida ogohlantirmoqda.

Ayrim mutaxassislarga ko’ra, XAMAS sektorda 80 metr chuqurlikda yuzlab kilometrlik tunellar tarmog’ini tashkil etgan. XAMAS ozod etgan yahudiy ayollardan biri uni “o’rgimchak to’ri” deya ta’rifladi.

Sektor O’rta Yer dengizi bo’yida joylashgan bo’lib, 360 kvadrat kilometr maydonga teng, uzunligi 41 kilometr, eniga 6 kilometrdan 12 kilometrgacha, g’arbiy qismi Misr bilan chegaradosh.

Tahlilchilar tunellar orqali Isroildan bexabar qurol-yarog’ olib kirilishini aytadi.

Isroil havo hujumlarida tunel infratuzilmasi deyarli zarar ko’rmagan.

“G’azo ostida bir necha kilometrlik o’nlab tunellardan iborat alohida bir shahar qurishgan. U yerda hamma narsa bor – idoralari, omborlar, raketa uchirgichlar bilan aloqa”, - deydi Isroil armiyasining iste’fodagi generali Amir Avivi.

Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetining geologiya bo’yicha professori Joel Roskinning aytishicha, ilmiy va texnologik yutuqlarga qaramay, tunellarning bir necha qavatdan iborat ekani ularga zarar yetkazishni va qayerdaligini aniqlashni qiyinlashtiradi.

XAMAS Isroilning 2014 va 2021-yillardagi hujumlaridan saboq olib, bu urushga puxta hozirlangani, Isroilga jiddiy qarshilik ko’rsatishga tayyor ekani aytiladi.

Makron XAMASga qarshi xalqaro koalitsiya tuzishga chaqirmoqda

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron so’nggi kunlarda Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda bo’lib, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashgan xalqaro koalitsiyaga XAMAS bilan olishish vazifasini ham yuklashni taklif etmoqda.

“Orttirilgan tajribamiz asosida bugun Isroilga yordam berishga tayyor barcha davlatlar bilan birga XAMAS va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurashaylik, ma’lumot almashaylik, terrorchilarni aniqlab yo’q qilaylik”, - dedi Makron.

Fransuz rasmiylari Makron mintaqaga qo’shin yuborishni emas, razvedka ma’lumotlarini almashib, terrorizmni moliyalashga qarshi chora ko’rishni taklif etayotganini aytadi.

AQSh Davlat departamenti XAMASni 1997-yilda terrorchi guruhlar ro’yxatiga qo’shgan. Yevropa Ittifoqi va G’arbdagi boshqa mamlakatlar ham uni terror tashkiloti deb biladi. Biroq Turkiya, Qatar va Eron kabi mamlakatlar uni so’z va pul bilan quvvatlab keladi.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida aksilterror bo’yicha mutaxassis Bryus Xoffman Isroilning G’azoga ayovsiz hujumlaridan g’azabga tushgan arab davlatlari Makron taklifini qabul qilishiga ishonmaydi.

"G’azodagi tartibsizlik, xarobalar, vayronalar, aholining uylaridan ajralishini hisobga olganda ko’p mamlakatlarni G’azo kelajagida faol rol o’ynashga yoki XAMASga qarshi kurashishga ko’ndirish juda qiyin bo’ladi”, - deydi u.

AQSh Prezidenti Jo Bayden G’azo urushi tugashi bilan Falastinda mustaqil davlat barpo etishni ko’zda tutgan Isroil-Falastin tinchlik jarayonini jonlantirishga chaqirmoqda.

Ushbu g’oyani Xitoy, Rossiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham qo’llab-quvvatlaydi.

Makron Markaziy Osiyoga nega bormoqchi?

Makron bugun Gretsiya va Kiprda ham bo’ldi. Kelasi hafta esa Qozog’iston va O’zbekistonga borishi kutilmoqda. Rossiya va Niger bilan aloqalari sovuqlashishi ketidan Fransiya o’z atom elektrostansiyalari uchun uranni Markaziy Osiyodan ko’proq olishga umid qilmoqda.

Qozog’iston uran qazish bo’yicha jahonda birinchi o’rinda. Dunyoda ishlab chiqarilayotgan uranning beshdan bir qismi O’zbekiston hissasiga to’g’ri keladi. Fransiya elektr quvvatining uchdan ikki qismini 56 ta yadro reaktori hisobiga ishlab chiqaradi.

Qozog’iston Markaziy Osiyoda birinchi atom elektrostansiyasini qurish ustida o’ylanarkan, Rossiya va Fransiya inshootni qurib berishda yordam taklif etgan.

Makron 2035-yilga qadar mamlakatining yadro energiyasiga tobeligini 50 foizga qisqartirishga so’z bergan. Ya’ni keyingi 12 yilda 14 ta reaktorni yopish ko’zda tutilgan.

AQShda G’azodagi urushga munosabat qanday?

Umrbod urushlarga chek qo’yish va’dasi bilan AQShda prezidentlikka kelgan Jo Bayden boshqaruvi paytida Qo’shma Shtatlar uch yilda bevosita bo’lsa ham ikkita urushga aralashdi – Ukrainada va G’azoda. Shu davr ichida Amerikaning Xitoy bilan ham aloqalari sovuqlashdi.

Baydenning G’azoda o’lgan odamlar soni bo’yicha falastinliklar bergan ma’lumotga ishonmasligi haqidagi chorshanba kungi bayonoti Amerikada yashovchi arablar va musulmonlar tomonidan keskin qoralandi.

"Falastinliklar qancha odam o’lgani haqida rost so’zlayotganiga ishonch yo’q menda. Begunoh insonlarning nobud bo’lishi tabiiy, urush boshlashning jazosi shu”, - degan edi u.

Amerika-islom aloqalari kengashi vakili Robert Makko bunga shunday munosabat bildirdi:

“Bu mutlaqo hayratlanarli va noinsoniy bayonotdir. Agar Falastinda o’lgan bolalar soni mingta bo’lsa, prezident o’zini yaxshiroq his qilarmidi?”, - dedi u.

Kongressda asosan Demokratik partiyaga mansub progressiv qonuchilar ham g’azabda. Ular Isroilni qo’llab-quvvatlovchi va XAMASni qoralovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi, chunki hujjatda nobud bo’lgan falastinliklarga hamdardlik bildirilmadi.

Mamlakatda o’tkazilgan qator ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, aholi Falastindan ko’ra Isroil bilan hamdardroq. Biroq bu masalada yoshlarning fikri bo’lingan ko’rinadi.

“Amerikalik yahudiylar Demokratlar partiyasiga ovoz beruvchi va moliyaviy hissa qo’shuvchi eng muhim guruh ekan, ular Prezident Baydenni va uning hozirgi siyosatini mutlaqo olqishlashmoqda”, - deydi Virginiya universitetidan siyosatshunos Larri Sabato.

Kongressdagi respublikachilar, jumladan yangi saylangan spiker Mayk Jonson Isroilga xayrixoh, ammo Ukrainaga shartsiz qo’shimcha pul berilishiga qarshi.

XAMAS Isroilga hujum qilganidan beri Baydenni qo’llab-quvvatlayotgan amerikaliklar soni to’qqiz foizga oshdi. Bayden 2024-yilda ikkinchi muddatga saylanishga umid qilyapti. G’azodagi urush qanday tus olishiga qarab, u Baydenning saylov kampaniyasiga foyda yoki zarar keltirishi mumkin.

“Agar boshimiz mana shu umrbod urushlardan chiqmasa, Bayden zarar ko’radi. Muhimi amerikalik askarlarni jangga tashlamasin. Shunda Yaqin Sharq mojarosi saylovchilar uchun muhim omil bo’lmaydi”, - deydi Sabato.

Respublikachi nomzodlar orasida peshqadam Donald Tramp uning prezidentligi paytida dunyoda urush bo’lmaganiga e’tibor qaratarkan, Oq uyga qaytib kirsa, Rossiya-Ukraina urushini bir kunda to’xtatishga so’z bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG