G’azo Sektori rasmiylari va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aloqador guruhlar 7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida G’azoda 7000 dan ortiq odam o’lgani haqida ma’lumot tarqatganiga qaramay, AQSh Prezidenti Jo Bayden falastinliklar uzatgan raqamlarga ishonmasligini aytdi.
"Falastinliklar qancha odam o’lgani haqida rost so’zlayotganiga ishonch yo’q menda. Begunoh insonlarning nobud bo’lishi tabiiy, urush boshlashning jazosi shu. O’ta ehtiyot bo’lishimiz kerak deb o’ylayman. Ya’ni biz emas, isroilliklar. Isroil unga qarshi urush olib borayotganlarni nishonga olishga urg’u berishi kerak. Falastinliklar berayotgan raqamlarga ishonch yo’q menda”, - dedi Bayden.
G’azoliklar vayronalar ostida ko’p odam qolib ketganini, Isroil hujumlarida o’lgan bolalar soni 3000 dan oshganini bildirmoqda.
Kasalxonalarda suv, yoqilg’i, dorilar, elektr quvvati tugab borayotgani, hujumlarda yaralangan ayrim odamlar kasalxonalardagi yetishmovchiliklardan jon berayotgani, bemorlar narkozsiz operatsiya qilinayotgani, ayrim kasalxonalarda shifokorlar qo’l yuvish uchun suv yo’qligidan shikoyat qilishayotgani aytilmoqda.
Isroilning G'azoda navbatdagi hujumlari
Bugun Isroil Xon-Yunus shahridagi qochqinlar lageriga zarba bergan. Isroil XAMAS infratuzilmasi, operativ qo’mondonlik markazlari, tunnel shaxtalari, raketa uchirgichlar, XAMASga tegishli jami 250 dan ortiq nishon urilganini ma’lum qildi.
Harakat shuningdek 7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida garovdagilarning kamida 50 nafari nobud bo’lganini bildirmoqda.
Isroilning chorshanba kungi hujumida nobud bo’lgan 25 odam orasida al-Jazira telekanali jurnalistining rafiqasi, o’g’li va qizining borligi aytilmoqda.
“Ular Isroilning G’azo shahridan chiqib ketish buyrug’idan so’ng uy-joyini tashlab Nuseyrat lageriga chiqgan edi”, deyiladi al-Jazira bayonotida.
Kanal hujumni keskin qoraladi.
Isroil XAMASNI qanday yengmoqchi?
Isroilning G’azoga qo’shin kiritish rejasi cho’zilib bormoqda. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Benyamin Netanyaxu hukumati AQSh mintaqaga zarur harbiy kuchlari va qurollarini yetkazishini kutyapti.
Tahlilchilar XAMASning bir necha kilometrlik yer osti tunellari va tuzoqlari Isroilga katta talafot yetkazishi haqida ogohlantirarkan, amerikalik taniqli jurnalist Seymur Xersh o’z manbalaridan olingan ma’lumotga ishora qilib, Isroil tunellarni suv bilan bostirmoqchi ekanini aytdi.
Falastinlik manbalar esa Isroil AQSh yordamida tunellarni asab gazi bilan zaxarlamoqchi ekaniga ishora qiladi. Isroil rasmiylari hech bir ma’lumotni tasdiqlagani yo’q.
Isroilda tuzilgan urush kabinetiga kirgan sobiq mudofaa vaziri Benni Ganz G’azo ichidagi harbiy amaliyot uzoq vaqt olishini aytdi.
BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya matniga kelisha olmayapti
Bu o’rtada BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh va Rossiya alohida taklif etgan ikkita rezolyutsiya loyihasining birontasi qarshi taraf e’tirozi tufayli qabul qilinmadi. AQSh taklif etgan rezolyutsiya loyihasi tinch aholiga qarshi barcha zo’ravonliklarni qoralab, barcha davlatlarning o’zini mustaqil yoki kollektiv ravishda himoya qilish huquqini urg’ulaydi.
Biroq hujjatda sulhga da’vat yo’q. Xitoy va Rossiya unga veto qo’ydi.
Rossiya esa davomiy gumanitar sulhga chaqiruvchi, Isroilni G’azo shimolidagi aholiga hududni tark etish buyrug’ini bekor qlishga da’vat etuvchi rezolyutsiya loyihasini taklif etdi. AQSh va Britaniya qarshiligi sabab ushbu hujjat ham qabul qilinmadi.
Bu o’rtada Moskvaga XAMAS harakati siyosiy byurosining a’zosi Abu Marzuk va Eron tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ali Bagiri Kaniy borgani haqida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.