Breaking News

Isroil hujumlarida 19 kunda 2500 dan ortiq falastinlik bola nobud bo'ldi


Israel Palestinians
Israel Palestinians

Isroilning G’azoga havodan hujumlari davom etarkan, AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroilni sektorga qo’shin kiritish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o’ylashga chaqirdi.

Xalqaro hayot - 25-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:01 0:00

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Bayden vaqtdan yutishga harakat qilmoqda va bu orada G’azoga gumanitar yordam yetkazishga, garovdagilarni ozod etishga va G’azoda qolib ketgan yuzlab falastinlik amerikaliklarni sektordan chiqarishga ulgurmoqchi.

Isroil hududida 7-oktabr kuni o’g’irlangan ikki yuzdan oshiq odamdan to’rt nafari ozod etilgan – ikki amerikalik va ikki isroillik ayol.

"XAMAS hujumi quruq joyda vujudga kelmaganini tan olish kerak. Falastin xalqi 56 yil davomida nafasni qisuvchi bosqinchilik bilan yuzlashib keldi”, - dedi kecha BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashiga murojaatida.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan Guterrishning bu so’zlarini keskin tanqid qilib, Isroildan uzr so’rashni yoki iste’foga chiqishni talab qildi.

“BMT o’z ishini uddalay olmayapati, siz esa, janob bosh kotib, ma’naviylik va xolislikni yo’qotibsiz”, - dedi u.

Guterrish Isroil elchisining tanqidiga bugun javob berarkan, gaplarining XAMAS harakatlarini oqlashga qaratilgani haqidagi ayblovlarning asossiz ekanini aytdi.

Kengash majlisida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Tehronni ogohlantirib, mojaroni kengaytirmaslikka chaqirdi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Eronga xayrixoh jangari guruhlar Iroq va Suriyada AQSh harbiy bazalariga hujum qilgan, amerikalik harbiylar orasida yaradorlar bor. Harbiy inshootlari xavfsizligini kuchaytirish maqsadida Vashington mintaqaga qo’shimcha “Patriot” havo mudofaasi tizimlarini safarbar etmoqda.

Blinken Isroilning o’zini mudofaa qilish huquqini qo’llab-quvvatlagan holda tinch fuqarolarga zarar yetkazmaslikka chaqirdi.

“G’azoda muhtojlarga oziq-ovqat, suv, dori va boshqa muhim gumanitar yordam yetkazilishiga imkon bo’lishi kerak”, - dedi u.

Oq uy gumanitar tanaffus sulh emasligini aniqlab o’tdi. Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, sulh XAMAS manfaatiga xizmat qilgan bo’lardi.

"Hozir urush ketyapti. Janglar bo’lyapti. Qonli janglar bo’lyapti. Urush davom etgan sari begunoh insonlar ham jabr ko’radi”, - dedi u.

Isroil 24 soat ichida hujumlarda 700 dan ziyod odam o’lganini ma‘lum qildi. G’azo Sog’liqni saqlash vazirligining aniqlashtirishicha, 756 falastinlik, jumladan 344 nafar bola o’lgan. G’azoda qurbonlarning umumiy soni 6000 ga yaqinlashmoqda, salkam yarmi bolalar.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, yanada ko’p odam qirilishini aytadi.

“Shunda hozirgi zo’ravonlik qatliomga aylanadi. Mintaqadan tashqarida turib olovga moy sepayotgan taraflarni es-hushini yig’ib olishga chaqiramiz. Birdamlik niqobi ostida Isroilni jinoyatlarga rag’batlantirayotganlar shu jinoyatlarga sherik bo’ladi”, - dedi Fidan Doxada Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon al-Taniy bilan uyushtirilgan matbuot anjumanida.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an XAMASni terrorchi guruh deb bilmasligini aytarkan, uni o’z yerlarini himoya qilish uchun jang qilayotgan ozodlik harakati deb atadi.

“Ular o’z tuproqlari va fuqarolarini mudofaa qilayotgan mujohidlar”, - dedi Erdog’an.

Turk matbuoti Isroilning 17 kunlik hujumlarida Rossiyaning Ukrainada salkam ikki yillik urushida o’lgan bolalar sonidan to’rt baravar ko’p bola o’lganiga e’tibor qaratadi. Avgust oyida Ukraina hukumati 2022-yil fevralidan beri Rossiya bilan to’qnashuvlarda salkam 500 ukrainalik bola o’lgani haqida ma’lum qilgan. G’azoda esa so’nggi kunlarda bomba va raketalardan 2000 dan oshiq falastinlik bola o’ldi.

“Vashington Post” gazetasi ketidan “Nyu-York Tayms” hamda yana bir necha mamlakat matbuoti AQShning hozirgi mojaroda Isroil tarafini olishini “ikkiyuzlamachilik” deb atadi.

Maqolalar mualliflariga ko’ra, Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishi ketidan AQSh va G’arbning minglab sanksiyalariga uchradi, Prezident Vladimir Putin ukrainalik bolalarni o’g’irlashga buyruq berganlikda ayblanib, Xalqaro jinoiy sud tomonidan xalqaro qidiruvga berildi, Qo’shma Shtatlar Rossiya xalqaro qonunlarni buzganiga ishora qilib, ukrainalik bolalar taqdiridan xavotir bildirib, rivojlanayotgan davlatlarni Moskvadan yuz o’girishga chaqirdi. Biroq Yaqin Sharq mojarosiga kelganda, qurbon bo’lgan falastinlilk bolalarga kelganda AQSh va G’arb teskari siyosat yuritayotgani, Isroil esa jazosiz qolayotgani aytiladi.

G’arbiy Sohil aholisi Abbosni Isroilga qarshi qattiqroq turishga chaqirmoqda

Iordan daryosining g’arbiy sohilida yashovchi falastinliklar Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbosning passivligidan norozi.

Mahalliy aholi Isroil bilan o’nlab yillar davomida bo’lgan muzokaralar natija bermaganiga ishora qilarkan, Abbos Isroilga nisbatan qattiqroq fikr bildirishi kerakligini aytishadi.

“U hech narsaga qodir emas. Na bizni himoya qilishga, na mudofaa qilishga. Ojiz. Umidimiz Isroilga gapi o’tadigan boshqa mamlakatlardan”, - deydi G’arbiy Sohildagi Qusra qishlog’i hokimining o’rinbosari Usmon Hasan.

11-oktabr kuni hududda yashovchi yahudiylar qishloqga hujum qilib, to’rt kishini o’ldirgan. 7-oktabrdan beri esa Isroil askarlari va yahudiy aholi zo’ravonliklarida jami 100 falastinlik jon bergan.

G’arbiy Sohil aholisi foydasiz muzokaralardan voz kechib, qattiqroq siyosat yuritish kerakligini aytadi.

“Falastinliklarga bosim kuchaygani sari Isroilga qarshilik ko’rsatishga tayyor har qanday guruhning obro’si oshadi. Partiyamiz obro’si meni qiziqtirmaydi. Meni zo’ravonliklarga barham berish muhimligini anglamayotgan dunyo ko’proq xavotirga solmoqda”, - deydi FATH partiyasi markaziy qo’mitasi bosh kotibining o‘rinbosari Sabri Saydam.

O’tgan hafta yuzlab odam Ramallohda ko’chaga chiqib, Abbos va muxtoriyatga qarshi namoyish qildi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilar bilan to’qnashdi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil G’azoga qo’shin kiritib uni XAMASdan tozalaganidan so’ng sektor maqomi qanday bo’lishi haqida haligacha bir qarorga kelmagan. Isroil G’azo boshqaruvini o’z qo’liga oladigan bo’lsa, ikki million alamzada falastinlikni boshqarish ham qiyin, ham qimmat bo’lishi aytilarkan, AQSh rasmiylari Abbosdan G’azoni ham boshqarishni so’ragani xabar qilinadi.

Isroil matbuotidagi bir maqolaga ko’ra, Abbos Falastinga mustaqil davlat maqomi berilsagina G’azoni boshqarishga rozi bo’lishini bildirgan, G’azoga Isroil tankida kirmasligini aytgan.

Aytish joiz, 87 yashar Abbosning falastinliklar orasida obro’si yo’q, muxtoriyat korrupsiyaga botgan. Abbosning 2009-yilda prezidentlik muddati tugaganiga qaramay, Markaziy kengash bergan vakolat bilan u cheksiz boshqaruv huquqini qo’lga kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG