Breaking News

Isroil hujumlarida G’azoda 5000 dan ziyod odam o’lgan


Isroil 24 soat ichida G’azoda kamida 320 ta nishonni urganini, jumladan XAMAS jangchilariga tegishli tunellar, o’ndan ortiq qo’mondonlik va nazorat punktlariga zarba berilganini ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 23-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:08 0:00

Falastin matbuoti G’azoning asosan markaziy va shimoliy hududlari hujumga uchrayotgani haqida xabar berib, Jabaliya qochqinlar lageri yonidagi bir uyga hujumda bir necha odam o’lganini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti sektorda oziq-ovqat, suv, dori-darmon oz qolayotgani haqida ogohlantirmoqda. O’nlab kasalxonalar elektr quvvatisiz qolgani, kun-sayin ko’payib borayotgan yaradorlar narkozsiz operatsiya qiinayotgani aytiladi.

G'azo shahridagi Shifo kasalxonasi
G'azo shahridagi Shifo kasalxonasi

“Chaqaloqlarning barchasi, ko’rib turganingizdek, zaif, ozg’in, surunkali diqqatga muhtoj. Ulardan biri 26 haftada tug’ildi, vazni 880 gram. Ampitsillin, gentamitsin kabi oddiy dorilar yetishmayapti; 17 ta ventilyatordan yettitasi ishlamayapti. 55 ta chaqaloqga qarayapmiz. Elektr quvvatudan ayrilsak, elektr quvvatiga muhtojlar besh daqiqa davomida nobud bo’ladi”, - deydi kasalxonalardan birining bosh shifokori Nosir Bulbul.

Shu kunga qadar Isroil hujumlaridan nobud bo’lgan falastinliklar soni 5000 dan oshib ketdi.

"Bizni G’azo shahridan ketishga majburlashdi. Xon-Yunus xavfsiz ekanini aytishdi, ammo Xon-Yunusga kecha qattiq hujum bo’ldi”, - deydi g’azoliklardan biri.

Yevropa rahbarlari Isroilga birin-ketin tashrif buyurib, u bilan birdam ekanini bildirishga oshiqmoqda. Bugun Gretsiya va Niderlandiya bosh vazirlari Benyamin Netanyaxu bilan ko’rishdi, XAMASning 7-oktabr kuni Isroilga hujumlarini qoralashdi.

Bugun ittifoqga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Lyuksemburgda to’planib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi, G’azoga yordam yetkazish uchun gumanitar tanaffus zaruratiga urg’u berdi.

"Kasalxonalar yopilayotgani, gumanitar yordamga yo’l to’silgani, suv, oziq-ovqatning yo’qligi bizni qattiq tashvishga solmoqda. Gumanitar sulh joriy etishga chaqiramiz”, - deydi Sloveniya vaziri Tanya Fayon.

Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqda kattaroq mojaroning oldini olish uchun mintaqada harbiy salohiyatini kuchaytirayotganini bildirmoqda. Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Amerika manfaatlariga qarshi har qanday tahdidga qat’iy ravishda javob berilishi haqida ogohlantirdi.

Falastinning XAMAS harakatini G’azoda tag-tugi bilan yemirishni o’z oldiga maqsad qilgan Isroil sektorga havodan zarba berishda davom etarkan, mojaroning kengayishi ehtimoli ko’plarni xavotirga solmoqda.

Qo’shma Shtatlar ehtimoliy tahdidlarga qarshi chora ko’rish maqsadida Yaqin Sharqda havo mudofaasi tizimlarini ko’paytirmoqda.

“Iroq va Suriyadagi harbiy bazalarimizga raketa va dron hujumlarini ko’rdik. O’zimizni himoya qilish huquqidan foydalanib, tegishli chora ko’rishga ikkilanmaymiz”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Qisqa vaqt ichida mintaqadagi bir necha mamlakatni aylanib chiqgan Davlat kotibi Entoni Blinken AQSh mintaqada harbiy salohiyatini oshirishini ehtimoliy hujumlarning oldini olishga qaratilgani bilan izohladi.

“Ikkinchi yoki uchinchi front ochilishini istamaymiz. Mintaqadagi harbiylarimiz o’qqa tutilishini xohlamaymiz. Biroq shunday bo’lsa, bunga tayyormiz”, - dedi u.

AQSh harbiy tayyorgarliklar ko’rayotgan bir paytda Turkiya va qator boshqa mamlakatlar falastinliklarga gumanitar yordam yuborish bilan ovora. G’azoning Misr bilan chegarasidan yordam yuki ortilgan avtokarvonlar o’ta boshlagan.

“Tunda 200 mingga yaqin odamni kechki ovqat bilan ta’minlashga muvaffaq bo’ldik. Biroq bu yetarli emas. Bu dengizdan bir tomchi xolos. Odamlar och”, - deydi BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Sindi Makkeyn.

AQSh Kongressining quyi palatasida spikerni saylash jarayoni cho’zilgani sari Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqga doir qonunlarni qabul qilishga ojizlik qilmoqda.

“Dunyo alanga ichida. Biz qilayotgan ish juda xavflidir va eng muhimi sharmandali, chunki bu dushmanlarimizga kuch-quvvat bermoqda”, - deydi palataning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Maykl Makkol.

Yangi spiker qachon saylanishi aniq emas. Spikerlikka dastlabki ikkita respublikachi nomzod bir haftada poygadan chiqishdi. Bugun to’qqizta yangi nomzod partiyadoshlarini nega spiker bo’lishga loyiq ekaniga ishontirishga harakat qiladi. Seshanba kuni ular ovozga qo’yilib, yagona nomzod tanlanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG