Breaking News

Yaqin Sharqdagi inqiroz neft eksportini izdan chiqarishi mumkin


Yaqin Sharqdagi inqiroz global neft ta’minotini izdan chiqarib, narxlar oshishi ehtimoli bor. Ammo 1973-yilda bo’lgani kabi benzin narxi osmonga sapchishi va uzun navbatlar bo’lishini kutmang, deydi ekspertlar.

Xalqaro energetika agentligiga ko’ra, Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazishni qisqartirgan va Xitoyda mahsulotga talab oshishi kutilayotgan bir paytda, Isroil-XAMAS urushi neft bozori uchun “yaxshi yangilik emas”.

Bozorda beqarorlik davom etadi va neft qimmatlashishi mumkin, deydi agentlik direktori Fatih Birol. Mahsulotni import qiluvchi rivojlanayotgan davlatlar bundan eng ko’p zarar ko’radi.

Brent markali neft narxi 19-oktabr kuni 91 dollardan oshdi, oy boshida 85 dollar edi. Isroil va XAMASning bir-biriga hujumlari ortidan neft 96 dollargacha ko’tarilgan.

Qora oltin narxi uning qanchalik ishlatilayotgani va qancha taklif etilayotganiga bog’liq. Urush yirik neft zaxiralariga ega Eron bilan ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin. Eronda ishlab chiqarish xalqaro sanksiyalar bilan cheklangan bo’lsa-da, uning neftini Xitoy va boshqa davlatlar sotib olmoqda.

Isroilning harbiy zarbasi natijasida Eron neft infratuzilmasiga har qanday zarar yetkazilishi yoki neft tankerlari qatnaydigan Xormuz bo’g’ozining yopilishi jahon miqyosida narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.

“Shunga o’xshash voqealar sodir bo’lmaguncha, hamma shunchaki Yaqin Sharqdagi voqealarni kuzatishda davom etadi”, - deydi tahlilchi Endryu Lipo.

1970-yillardagi kabi uzun navbatlar bo’lmasligiga bir sabab shuki, Amerikada hozirda katta miqdorda neft qazib olinmoqda – kuniga 13,2 million barrel. 2012-yil bilan qiyoslaganda haftalik ishlab chiqarish hajmi ikki baravar oshgan.

“1973-yildagi energetika inriqozidan ko’p narsa o’rganganmiz. Bir saboq shuki, Amerikaning energetik salohiyati - butun dunyo bo’ylab xavfsizlik, farovonlik va erkinlik manbai”, - deydi Mayk Sommers, Amerika neft instituti bosh direktori.

Unga ko’ra, AQSh ushbu strategik ustunligini qo’ldan boy bermasligi kerak. Sommers Prezident Baydenning iqlim tashabbuslari doirasida yangi hududlarda neft izlashni cheklash sa’y-harakatlarini tanqib qilib keladi.

“Amerika neft va gazi hozir har qachongidan ham ko’proq kerak. 1973-yilgi inqirozdan saboq olib, keyingi inqiroz urug’ini sepmaylik”, - deydi u.

Hozirgi vaziyat 1973-yildagidek emas. Arab mamlakatlari birgalikda Isroilga hujum qilayotgani yoki ta’minotni yoppasiga cheklayotgani yo’q.

Benzin qimmatlashishi va inflyatsiya kuchayishini bartaraf etish uchun AQSh Eron neftining Xitoy kabi mamlakatlarga eksport qilinishiga jimgina toqat qiladi.

Tehron Isroilni G’azoga bostirib kirmaslik haqida ogohlantirgan. Agar Eron Livandagi “Hizbulloh” guruhi orqali mojaroga moy quysa, AQSh pozitsiyasi o’zgarishi mumkin.

AQSh qonunchilari Eronning neft savdosini butunlay to’sishga chaqirmoqda.
Agar Eron neftini sota olmasa, Saudiya Arabistoni bunga qanday javob berishi ham noma’lum.

Tahlilchilar deydiki, neft narxi yuqori ekanligi Riyodga ma’qul, ammo u neft haddan ziyod qimmatlashishini, foiz stavkalari oshishini, xaridor davlatlarda bu iqtisodiy inqirozga olib kelishini istamaydi. Bunday holat neftga bo'lgan talabni ham pasaytiradi.

Yana bir omil – Venesuela nefti. AQSh yaqinda Venesuelaning neft, gaz va oltin sanoatiga nisbatan ayrim sanksiyalarni vaqtincha to’xtatishga qaror qildi. Evaziga bu davlat hukumati va muxolifat saylov islohoti bo’yicha hamkorlik qilishga rozi bo’lgan.

Ayrim qonunchilar Bayden ma’muriyatining bu qarorini qoralamoqda.

“Bayden Yaqin Sharqda terrorizmni moliyalaydigan Eronga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. Isroil hujum ostida ekan, Bayden bu siyosat oqibatlarini yashirishga urinmoqda. Amerika hech qachon sotsialistik diktatorlar yoki terrorchilardan neft so’ramasligi kerak”, - deydi senator Jon Barraso.

AQSh Moliya vazirligining bildirishicha, shu kungacha Eron tomonidan terrorizmni moliyalashga aloqador qariyb 1000 shaxs va kompaniya sanksiyalangan, jumladan, bu davlatning ittifoqchilari bo’lmish XAMAS va “Hizbulloh” guruhlari.

“Eronning mintaqa va butun dunyo bo’ylab beqarorlashtiruvchi faoliyatiga qarshi turish uchun tegishli choralarni ko’rishda davom etamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG