Breaking News

Tolibon Afg'oniston tabiiy boyliklarini pullamoqda


Afg'oniston konchilari
Afg'oniston konchilari

Xalqaro sanksiyalar va og’ir iqtisodiy vaziyatni boshdan kechirayotgan Tolibon Afg‘onistonning ulkan tabiiy resurslarini o’zlashtirishga urinmoqda.

Hech bir davlat tomonidan rasman tan olinmagan Afg'onistonning amaldagi hukumati neftdan tortib mis, oltin va litiygacha bo’lgan zaxiralar uchun xorijdan xaridor qidirmoqda. Xitoy kompaniyalari bilan allaqachon kon qazib olish bo'yicha ko'p milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan.

Tolibon 2021-yil avgustida hokimiyatni egallagach, G‘arb donorlari bir necha milliard dollarlik yordam dasturlarini to’xtatdi. Natijada mamlakat chuqur iqtisodiy muammolarga duch keldi.

Tolibon rasmiylarining ta'kidlashicha, ular tashqi yordam to’xtashi ortidan paydo bo’lgan bo’shliqlarni to’ldirish uchun ichki manbalardan foydalanmoqda. Tanqidchilar esa Tolibonning asl maqsadlari boshqa ekanini aytadi.

“Tolibon bu shartnomalardan koʻzlayotgan narsa ham naqd pul, ham Xitoy hukumati bilan diplomatik aloqadir”, - deydi Prinston universiteti Jamoatchilik va xalqaro aloqalar maktabi professori Arian Sharifi.

Trillionlab dollarga baholangan Afg‘onistonning o‘zlashtirilmagan mineral boyliklari tarixan xavfsizlik muammolari va infratuzilma yo‘qligi sababli xorijiy sarmoyadorlar e’tiborini jalb qilmay kelgan.

2007-yilda China Metallurgical Group Corp va Afg‘oniston hukumati o‘rtasida 25 yillik muddatga 3 milliard dollarlik shartnoma imzolangan edi. Bu loyiha bo’yicha ish haligacha boshlanmagan.

O'tgan yanvar oyida Xitoyning yana bir shirkati - Shinjon Markaziy Osiyo neft va gaz kompaniyasi Afg'oniston shimolida neft qazib olish uchun 2026-yilgacha 540 million dollar sarmoya kiritishga va'da berdi.

Sanksiyalardan qochishmi?

Tolibonning ko’plab yetakchilari 30 yildan ortiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi sanksiyalar ro'yxatida; ularga xorijliklar bilan biznes qilish va chet el sayohatlari taqiqlangan.

Bir qancha G‘arb davlatlari, jumladan AQSh, Kanada va turli Yevropa davlatlari ham Tolibonga aloqador jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy sanksiyalar kiritgan.

Tolibonning Xitoy kompaniyalari bilan konlar bo’yicha tuzgan shartnomalari mavjud xalqaro sanksiyalar rejimini buzadimi?

"AQSh sanskiyalari, odatda AQSh va ba'zi chet ellik shaxslarga tatbiq qilinadi", - deydi Yangi Amerika xavfsizligi markazi xodimi Aleks Zerden.

"Xorijiy kompaniya Tolibon bilan tranzaksiyani amalga oshirsa yoki ma'lum bir shaxs bilan muomala qilsa va bitim tuzsa, AQSh sanksiyalarini buzgan bo'lishi mumkin", - dedi Zerden "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Mutaxassislar fikricha, AQSh sanksiyalari Tolibon bilan biznes yurituvchi xitoylik kompaniyalarga tegishli emas.

“AQSh tomonidan ikki tomonlama sanksiyalar haqida gap ketganda, AQShning hech bir tashkiloti, xoh u kompaniya yoki jismoniy shaxs boʻlsin, Tolibon bilan hech narsa qila olmaydi. Va buning boshqa davlatlarga aloqasi yo‘q, chunki boshqa davlatlar ikki tomonlama sanksiyalarga amal qilmaydi”, - dedi Sharifi.

Biroq Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining 1988-rezolyutsiyasini qo'llab-quvvatlagan; unda barcha a'zo davlatlar Tolibon aktivlari va iqtisodiy resurslarini muzlatib qo'yish, ularni tashishni rad etish, ularga qurol sotish, yetkazib berish va transit qilishning oldini olishga chaqiriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi, deydi ekspertlar, Afg'onistondagi voqeliklarga javob berish uchun zudlik bilan qayta ko'rib chiqilishi kerak, chunki bu yerda Tolibon hozir yagona boshqaruv organi sifatida ishlamoqda.

Barqarorlik

O'tgan yili AQSh hukumati Afg'onistonning boshqaruv institutlari bilan ma'lum tijoriy operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi imtiyozlar chiqardi. Sanksiya ostidagi Tolibon shaxslariga bevosita foyda keltiradigan faoliyat turlari bundan mustasno.

Xalqaro Inqiroz Guruhining katta tahlilchisi Grem Smitning aytishicha, agar biznes yoki shartnomadan tushgan daromad to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiya ostidagi Tolibon amaldorlarining cho‘ntagiga tushmasa, de-fakto Afg‘oniston hukumatiga yig‘imlar, soliqlar yoki boshqa haqlar to‘lanishi mumkin.

“2022-yil boshida AQSh hukumati bunday kelishuvlarga Amerika qonunchiligiga koʻra ruxsat berilishini belgilab berdi”, - deydi Smit.

Smitning aytishicha, davom etayotgan sanksiyalar va boshqa iqtisodiy bosimlar afg’on bank tizimiga zarar yetkazib, tog'-kon sanoati va boshqa sohalarga yirik sarmoya kiritishni qiyinlashtirmoqda.

“Tog'-kon sanoati oldindan katta investitsiyalarni talab qiladi, foyda olishdan oldin yillar davomida ishlash kerak. Demak, investorlar tavakkal qilib, Tolibon barqarorlikni kafolatlaydi va kelishuvni saqlab qoladi, deb o’ziga katta risk olmoqda”, - deya qo’shimcha qiladi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi va Pekindagi Tashqi ishlar vazirligi izoh so’rab qilingan soʻrovlarga javob bermadi.

Tolibonga ayollar huquqlari va boshqa boshqaruv masalalari bo'yicha bosim o'tkazar ekan, AQSh hukumati ayni paytda Tolibonni ag'darishga intilayotgan aksiltolib guruhlarni qo'llab-quvvatlashdan o'zini tiymoqda.

Tolibonni zaiflashtirish Afg'onistonda ichki urush xavfini kuchaytirishi mumkin; bu esa terror guruhlari gullab-yashnashi va boshqa mamlakatlarni nishonga olish ehtimolini oshiradi, deydi ekspertlar.

"Amerika va uning ittifoqchilari mintaqa barqarorligidan manfaatdor va bu iqtisodiy tiklanishni talab qiladi", - deydi Smit.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG