Breaking News

Tolibon siyosiy partiyalarni shariatga zid deb taqiqladi


Tolibon Afg’onistondagi barcha siyosiy partiyalarni taqiqlab, ularning faoliyatini shariatga zid deb ta’kidladi. Bu Tolibon hokimiyatga qaytishining ikki yilligini nishonlayotgani manzarasida ro’y bermoqda.

“Mamlakatda siyosiy partiyalar faoliyat yuritishi uchun shariatda asos yo’q. Ular milliy manfaatlarga xizmat qilmaydi, xalq ham ularni qadrlamaydi”, - deydi Tolibon Adliya vaziri Abdul Hakim Sharai.

Ikki yil oldin, Tolibon Afg’onistonni egallashidan avval 70 dan ortiq katta-yu kichik partiyalar vazirlik tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan edi.

Toliblar birlashish, yig’ilish va so’z erkinligini cheklashda, faqat tarafdorlariga bu huquqlarni berganlikda ayblanadi. Ular tuzgan hukumat qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishini, aksariyat ayollarning ishlashini taqiqlagan.

Afg’on matbuoti ham kuchli bosim ostida. Ko’plab kanallar va nashrlar yopilgan, yuzlab jurnalistlar vatanini tark etgan.

BMT va boshqa tashkilotlar Afg’onistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yomonlashayotganini qayd etib kelmoqda. Tolibonni ular cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan.

2021-yilda Tolibon Afg’onistonni egallashi ortidan yetakchi partiyalar rahbarlari va siyosatchilar mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Ko’pchiligi Tolibonni kuch bilan hokimiyatdan ag’darishga chaqirgan bo’lsa-da, bu taklif xalqaro miqyosda tarafdor topmadi.

Xotin-qizlarni haq-huquqlardan ayirgan va inklyuziv hukumat tuzmagan Tolibonni hozirgacha hech bir davlat tan olmagan.

Afg’onistonlik siyosiy sharhlovchi Toriq Farhodiyga ko’ra, Tolibon siyosiy partiyalarsiz Fors ko’rfazi davlatlaridan o’rnak olmoqda.

“Siyosiy nuqtai nazardan qanchalik noto’g’ri ko’rinsa-da, aytish kerakki, partiyalar bugungi Afg’onistonda keraksiz bo’linishlarni keltirib chiqarishi mumkin, bu mamlakatga kerak emas”, - deydi u.

BMTga ko’ra, uzoq yillik urush va qurg’oqchilik aholining uchdan ikki qismi yordamga muhtoj bo’lgan mamlakatda gumanitar inqirozni yanada kuchaytirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG