Breaking News

BMT: Afg'onistonda terrorchi guruhlar jonlanmoqda


AQSh va G’arb kuchlari Afg’onistonni tark etishi ortidan mamlakatda terrorchi guruhlar faoliyati yana jonlangan, deya xabar bermoqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobot.

BMTga a'zo davlatlar razvedka ma'lumotlariga asoslangan holda chiqarilgan hisobotga ko’ra, Tolibon hukmronligi ostida “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” kabi guruhlar erkinroq harakat qilish imkoniyatlarini qo’lga kiritmoqda.

Hisobotda aytilishicha, “IShID - Xuroson” nomi bilan ham tanilgan jangari guruh Tolibon to’liq nazorat o’rnatishga qodir bo’lmagan chekka hududlarda tomir yozmoqda.

“Tolibonning nufuzli arboblariga qarshi hujumlar guruh ruhiyatini oshirdi; Tolibon safidan unga qo’shilayotganlar sonini ko’paytirdi”, deyiladi BMT hisobotida.

Bir yil avval Afgʻonistonda “Al-Qoida”ning bor-yo’g’i bir necha oʻn nafar aʼzo borligi taxmin qilingan bo’lsa, bugun u yerdan turib 30 dan 60 tagacha yuqori martabali guruh yetakchisi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, guruh Afg’onistonda 400 jangari, ularning 1600 oila aʼzosi hamda bir qator yangi tayyorgarlik lagerlariga ega ekani aytiladi.

“IShID-Xuroson” esa, BMT ma'lumotlariga ko'ra, a’zolari sonini 4000 dan 6000 gacha ko'paytirgan. Kamida 13 viloyatda uning qarorgohlari va lagerlari joylashgani haqida ma’lumotlar bor.

BMT hisobotidagi taxminlar qanchalik xavotirli boʻlmasin, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda koʻplab amerikalik rasmiylar bu xulosalarni tasdiqlovchi aniq dalillar ko’rishmaganini aytdi.

"Bu statistika razvedka hamjamiyatimizning bir qator sohalardagi tahlillariga mos kelmaydi", - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Amerika rasmiylaridan biri.

"Bu raqamlar AQSh razvedka hamjamiyati va hamkorlarimiz hamda ittifoqchilarimizning eng yaxshi hisob-kitoblariga mutlaqo mos emas", - dedi Bayden ma'muriyatining nomi oshkor qilinishini istamagan yuqori martabali mulozimi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Unga ko'ra, hozir Afg'onistonda "Al-Qoida"ning o'ntadan kamroq a'zosi bor va AQSh o'sha paytdagi "Al-Qoida" yetakchisi Ayman al-Zavohiriyni o'ldirgandan beri mamlakatda "Al-Qoida"ning yuqori martabali yetakchisi mavjud emas. Al-Zavohiriy 2022-yil iyul oyida AQSh havo hujumi orqali Kobuldagi uyda o’ldirilgan edi.

AQSh, shuningdek, “Al-Qoida”ning amaldagi rahbari Sayf al-Adel Erondagi bazasini tark etib, 2022-yilda Afg‘onistonga tashrif buyurgani haqidagi BMTga a’zo ba’zi davlatlar bergan razvedka ma’lumotlarini rad etdi.

"Bizda Sayf al-Adel kabi shaxslar Afg'onistonga borganiga oid ma'lumotlar yo'q, - dedi yuqori martabali amaldor. – “Al-Qoida” hozir Afg'onistonni faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi yoki mehmondo'st muhit sifatida ko'rayotgani yo’q".

BMT hisobotida “IShID-Xuroson” jangarilari soni 4000 dan 6000 gacha oshgani haqidagi da'vosiga kelsak, bu AQSh razvedka hamjamiyati baholagan yoki taxmin qilganidan bir necha mingga ko'p, deya qo’shimcha qildi AQSh rasmiysi.

U “IShID-Xuroson”ning Qo'shma Shtatlarga hujum qilish imkoniyatlariga ham izoh berib, "terrorchi guruhning buni amalga oshirish qobiliyati so'nggi ikki yil ichida muvaffaqiyatsizlikka uchraganligi aniq", dedi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan amerikalik rasmiylar BMT hisobotida keltirilgan “Al-Qoida” va “IShID-Xuroson”ga oid raqamlar hamda AQSh razvedka hamjamiyati xulosalari o’rtasidagi tafovutni tushuntirib bera olmadi. Ularga ko’ra, BMT sanksiyalar monitoringi guruhining oldingi hisobotlaridagi raqamlar Vashington xulosalariga ancha yaqin bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG