Breaking News

Xitoy, Eron va Pokiston terrorizmga qarshi kurash to'g'risida gaplashib oldi


Gvadar porti, Pokiston
Gvadar porti, Pokiston

Xitoy, Eron va Pokiston terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy xavfsizlik bo’yicha Pekinda birinchi bor uch tomonlama maslahatlashuv o’tkazdi.

Tahlilchilarga ko’ra, Pokiston janubi-g’arbidagi Balujiston kun tartibiga qo’yilgan bo’lishi mumkin. Tabiiy resurslarga boy, ammo qashshoq mintaqa Xitoy tomonidan moliyalashtirilgan, ko’p milliard dollarlik Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori (XPIK) dasturida markaziy o’rin tutadi.

“Xitoy, Pokiston va Eron o’rtasida uch tomonlama xavfsizlik mexanizmining o’rnatilishi ularning Balujistondagi xavfsizlik yuzasidan xavotirlarini aks ettiradi”, - deydi Vashingtondagi Vilson markazi tadqiqotchisi Baqir Sajjad.

Uning aytishicha, Balujiston barqaror bo’lishi u yerda XPIK loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun juda muhim.

“Ushbu davlatlar o’rtasida hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni yaxshilashga hissa qo’shishi, Eronda boshpana topgan isyonchilar faoliyatiga qarshi turishi mumkin”, - deydi Sajjad.

Balujistonda, Pokistonning Eron bilan chegaradosh viloyatida, taqiqlangan baluj guruhlari anchadan buyon isyonchilik faoliyatini olib boradi.

Islomobodning da’vosi shuki, isyonchilar Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusining davomi bo’lmish XPIKni barbod qilish maqsadida transchgeraraviy hujumlar uyushtirishda Eron hududidan foydalanadi. Tehron buni inkor etib keladi.

XPIK dasturi doirasida Pokiston bo’ylab, Arab dengizidagi Gvadar portigacha bo’lgan hududda yo’llar va elekstrostansiyalar qurilgan.

Baluj isyonchilar bu loyihalar mahalliy aholini tabiiy resurslardan mahrum qiladi deya iddao qilib, Balujistonda ishlayotgan xitoyliklarga qarshi qonli hujumlar uyushtirgan.

Xitoy va Pokiston rasmiylari bu iddaolarni rad etib deydiki, taraqqiyot loyihalari qashshoqlikdan azob chekayotgan mintaqaga va Pokistonga iqtisodiy farovonlik olib keladi.

Balujiston Eron janubi-sharqidagi Siston va Balujiston viloyatiga tutash bo’lib, u yerda Eron xavfsizlik kuchlari sunniy jangarilarga qarshi amaliyotlar olib boradi. Tehronga ko’ra, Islomobod transchegaraviy terrorizmga qarshi yetarlicha chora ko’rmayapti.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning chegaradagi uchrashuvi, 18-iyun, 2023
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning chegaradagi uchrashuvi, 18-iyun, 2023

O’tgan oy Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ikki davlat o’rtasidagi qariyb 900 kilometrlik chegaraga borib, yangi bozor va elektr uzatish liniyasi ochilishida qatnashgan.

Marosimda so’zlagan har ikki rahbar iqtisodiy va chegara xavfsizligi bo’yicha hamkorlikni kuchaytirishga va’da bergan.

Xitoy ham Eron bilan iqtisodiy hamkorlikni oshirmoqda. 2021-yilda ikki mamlakat 25 yillik strategik sheriklik shartnomasini imzolagan. Biroq Eron rasmiylarining aytishicha, hujjatda sarmoya yoki xavfsizlik bo’yicha aniq majburiyatlar belgilanmagan.

Pokiston, Eron va Xitoy qo’shni Afg’onistonda terrorchilik hujumlari ko’payayotganidan ham xavotirda. Hujumlarni asosan “Islomiy davlat” guruhi o’z zimmasiga oladi.

Uch davlat Tolibon bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirib, bu tahdidni yengishga yordamlashmoqda.

Pokiston va Xitoy tashqi ishlar vazirligi uch tomonlama maslahatlashuvni har yili o’tkazishga kelishib olinganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG