Hindiston o'zi raislik qilayotgan Katta Yigirmalikning turizm anjumanini Kashmirda o'tkazib, hududni barqaror va osuda joy sifatida ko'z-ko'z qildi.
75 yildirki, Kashmirni talashib kelayotgan qo'shni Pokiston norozi. Islomobod nazarida Dehli bu ishlari bilan ziddiyatni yanada kuchaytirmoqda.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Bhutto Zardari deydiki, Hindiston xalqaro qonunlar va kelishuvni chetga surgan holda harakat qilmoqda.
Katta Yigirmalik doirasida Dehli bu yil 100 dan oshiq tadbir rejalagan. Unda Hindistonning imkoniyatlari namoyish etiladi.
Mamlakat Tashqi ishlar vaziri S. Jayshankar deydiki, Pokiston bu guruhda emas va uning bu boradagi tanqidlari o'rinsiz.
1947-yildan beri tomonlar uch bor katta urush qilgan. BMTning 1948-yildagi rezolyutsiyasi hamon ijro etilmagan. Unga binoan tomonlar murosa qilishi shart.
Ekspert Komron Buxoriyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bu masala xalqaro maydonda e'tiborda emas, chunki uni yechib bo'lmaydigan jumboq deb hisoblashadi.
"Aholisi ko'p, yadro quroliga ega ikki davlat orasidagi mojaro ekani bilan diqqatga molik albatta",- deya e'tirof etadi Buxoriy.
Hindistonning iste'fodagi diplomati Manju Set fikricha esa masala hal bo'lgan.
"Kashmir - bizniki, azaldan” ,- deydi Set "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Xitoy, Saudiya Arabistoni, Misr va Turkiya Kashmirdagi anjumanga vakil yubormagan. Ular Pokistonni bu borada quvvatlagan.
BMT maxsus vakili Fernand de Varennes tahlilicha ham Hindistonning Kashmirdek mojaroli hududda xalqaro yig'inlar o'tkazishi noto'g'ri va uning nazarida ham Dehli bosib olgan yerlarini shu tariqa qonuniy deya ko'rsatishga urinmoqda.
Kashmir - Janubiy Osiyoda eng uzoq paytdan beri eng qurollangan zona. Buning ustiga Hindistonning o'zi yillardan beri u yerda terroristlar va ekstremistlar faol deb keladi, Pokistonni ularni quvvatlayotganlikda ayblaydi.
Turizm konferensiyasi paytida xavfsizlik choralari keskinlashgan. Buxoriy talqinicha, Katta Yigirmalik Hindistonning Kashmir ustidan da'volarini qabul qilgandek.
“Dehli hudud uning nazorati ostida tinch ekaniga ishontira oldi", - deydi u.
Hindiston Turizm vaziri Kishan Reddi 2022-yilda Kashmirga 18,4 million sayyoh kelib ketganini aytgan. Mahalliy rasmiylar esa ularning atigi 20 ming nafari chet ellik bo'lganini qayd etgan.
Dehli Kashmir masalasini Islomobod bilan muhokama qilishga tayyor, ammo shartu bor: Pokiston terroristlarni moliyalash va rag'batlantirishni darhol bas qilishi kerak. Islomobod "terroristlarga aloqamiz yo'q", deb keladi.
Pokiston o'lkaning uning nazoratidagi qismini "Ozod Kashmir" deb ataydi.
Facebook Forum