Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida turizmni rivojlantirish maqsadida Katta Yigirmalik anjumani o'tar ekan, qo'shni Pokiston va Xitoy norozi. Ular nazarida oldin tinchlikni ta'minlab, hududiy ziddiyatni hal qilish kerak.
2019-yildan beri hudud yarim-muxtoriyat emas. Ungacha Hindiston hukumati Kashmirga o'z taqdirini hal etish uchun ko'proq vakolat bergan edi.
Dehliga ko'ra, hozirda Kashmir barqaror va sarmoya uchun ochiq. Yashil turizm va sayyohlik biznesi kabi sohalar taraqqiy eta olishi uchun sharoit mavjud, deydi rasmiylar.
Kashmirning ma'muriy markazi Shrinagar sokin va toza, deydi xorijlik mehmonlar. Ko'chalarda xavfsizlik kuchlari kam. Aslida esa hukumat ularning sonini oshirgan. Zobitlar ko'rinmas qo'riqchilikka tayyorlangan va harbiylar formada emas, odamlar orasida norasmiy kiyimda harakatlanmoqda.
Do'konlar erta ochilgan, bozorlar gavjum. Biroq forumlar o'tayotgan maskanlarga yo'llarda to'siqlar o'rnatilgan. Shaharda maktablar va boshqa ta'lim dargohlari vaqtincha yopiq.
Tadbirdan bir necha kun oldin Shrinagar favqulodda vaziyat ostida yashadi. Xavfsizlikni ta'minlash uchun maxsus bo'limlar ishga solindi.
Katta Yigirmalikning hind mutasaddisi Harshvardan Shringla deydiki, bunday katta yig'in Kashmir uchun misli ko'rilmagan holat.
"Tayyorgarlik ham shunga yarasha, puxta", - deydi u.
BMT nazarida esa Kashmirdagi tub muammolarni, xususan inson huquqlari bilan bog'liq murakkab vaziyatni chetlab o'tgan holda bunday global anjumanlar o'tkazish to'g'ri emas va haqiqatga ko'z yumishdir.
Hindiston hukumati BMTning bunday yondashuvini qoralagan.
Turizm vaziri Arvind Sinkx so'zlariga ko'ra, "Kashmirda hayot osoyishta va uning potensialini namoyish qilishning biror egri jihati yo'q".
Lekin Kashmir dunyoda eng ko'p qurolli kuchlar safarvar etilgan hududlardan biridir.
1989-yilda bu yerda qo'zg'olon yuz berib, mahalliy guruh Pokiston bilan birlashishni talab qilib chiqqanidan beri Kashmir favqulodda choralar ostida yashaydi. O'nlab ming fuqarolar, askarlar va jangarilar o'lgan.
2019-yildan beri Hindiston xavfsizlik kuchlari Kashmirda yangi va uzoq-muddatni ko'zlagan amaliyotlar boshlagan. Tanqidchilar, norozilik bildirganlar, media va muxolifat doimiy tazyiq ostida. Terrorizm va separatizmga qarshi choralar deya, har oy o'nlab kashmirliklar hibsga olinadi.
Kashmirga chetdan aholini ko'chirish dasturlari ham kengaygan. Hukumat buni jamiyatni rang-baranglashtirish deb izohlaydi. Mahalliy odamlar uchun esa bu siyosat Kashmirni nomusulmonlashtirish va hindlashtirishdir.
Bu yil Katta Yigirmalikni Hindiston boshqarmoqda. Kashmirni qaynoq hududlar qatoridan chiqarib, rivojlanayotgan va barqaror o'lka deb tanishtirish - Dehlining strategik qarori, deydi diplomatlar.
Yiliga Kashmirga millionlab sayyohlar kelib ketadi. Xavfsizlik postlari va harbiylar faoliyati bu yerdagi normal holga aylanib ketgan, deydi mahalliy mutaxassislar. Turizm - tirikchilik manbai ekan, aholi Kashmirning dunyoga ochilayotganidan mamnun.
Hozirda Kashmirni uning qishloq xo'jaligi boqadi. Sayyohlardan kelgan daromad iqtisodning 7 foizi atrofida.
Hindiston rasmiylari deydiki, Kashmirning imkoniyatlari ishga solinsa, u nafaqat mamlakatdagi, balki butun mintaqadagi eng ommabop va sevimli manzillardan biri bo'la oladi.
Kashmir bilan chegaradosh Xitoy va Pokiston esa Hindistonni o'zboshimchalikda va qo'shnilar bilan kelishmay ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirayotganlikda ayblamoqda. Islomobod va Pekinga ko'ra, Dehli dunyo ommasini aldashga urinmoqda, chunki Kashmir taqdiri hali hal etilmagan .
Hindiston Xitoy bilan muloqotda ekanini bildiradi. Pokiston, esa deydi hind diplomatlari, bu borada gapirishga haqli emas, chunki Katta Yigirmalikka kirmaydi.
Facebook Forum