Qori Baryal mamlakat bo'ylab uyushtirilgan ko’plab portlashlar va xudkushlik hujumlarida ayblanib, 15 yildan ziyod Vashingtonning Afg'onistondagi "eng ko'p qidirilayotgan" Tolibon va Al-Qoida rahbarlari maxsus ro'yxatida bo’lgan.
AQSh harbiylari hisobotlariga ko'ra, Baryal va u boshqargan jangarilar Kobul va uning atrofidagi viloyatlarda "qo'lbola portlovchi qurilma ishlab chiqarishni nazorat qilish, o'z joniga qasd qilish uchun xodimlarni tayyorlash va umumiy hujumni rejalashtirish hamda amalga oshirish" bilan shug’ullangan.
2021-yilning noyabrida, AQSh va NATO kuchlari Afg‘onistonni tark etganidan ikki oy o‘tib, Tolibon Baryalni Kobul viloyatiga gubernator etib tayinladi. 2022-yil mart oyida u Kobul shimoli-sharqidagi Kapisa provinsiyasi gubernatori bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining yaqinda e'lon qilingan hisobotida Baryal Tolibonning Al-Qoida bilan "aloqador" yetakchilaridan biri sifatida qayd etilgan. Hisobotda Baryaldan tashqari Nuriston gubernatori Hofiz Muhammad Og‘a Hakim va Tolibonning razvedka bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tojmir Javod tilga olingan.
“Tolibon homiyligida Al-Qoida aʼzolari Tolibon xavfsizligi va maʼmuriy tuzilmalarida lavozimlar va maslahatchi rollarini oldi”, deyiladi BMT Xavfsizlik Kengashining tahliliy koʻmak va sanksiyalar monitoringi guruhi iyun oyi boshida chiqargan hisobotda.
Hisobotda yana aytilishicha, Afgʻonistonda 400 ga yaqin “Al-Qoida” jangarisi mavjudligi va terrorchi guruh “operativ salohiyatini tiklayotgani”ga oid alomatlar bor.
Tolibon bu hisobotni rad etib, uni “noxolis va haqiqatdan yiroq” deb atadi.
Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning “Twitter”da e’lon qilgan bayonotida aytilishicha, guruh o‘z majburiyatlariga qat’iy amal qilmoqda va Afg‘oniston hududidan mintaqa, qo‘shnilar va dunyo davlatlariga hech qanday tahdid yo‘qligiga va hech kim bu hududdan boshqalarga qarshi foydalanishiga ruxsat bermasligiga kafolat beradi”.
Tolibon Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy ham Afg‘onistonda terrorchi guruhlar mavjudligini rad etdi.
“Afgʻonistonda terrorchi guruhlar yoʻq. Ular mamlakatda faoliyat yurita olmaydi, biz ularning Afg‘onistonda faoliyat yuritishlariga ruxsat bermaymiz”, - dedi u may oyida Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda.
AQSh rasmiylari uzoq vaqtdan beri Tolibonning Al-Qoidadan uzoqlashgani haqidagi da'volariga shubha bilan qaraydi. O‘tgan yili iyul oyida AQSh uchuvchisiz uchog‘i “Al-Qoida” yetakchisi Ayman al-Zavohiriyni o‘ldirganida, u poytaxt Kobulning markaziy mahallalaridan birida yashayotgani aniqlangan edi.
Qo'shma Shtatlarga ko’ra, Zavohiriyning Afg’onistonda bo'lishi Tolibonning AQSh va Taybon o'rtasida imzolangan 2020-yilgi Doxa kelishuvini buzadi.
Demokratiyalarni himoya qilish jamg'armasi katta ilmiy xodimi Bill Rodjioning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Al-Qoida va Tolibon rahbarlarini, jumladan, amerikalik askarlarni o'ldirgan Baryalni lavozimga tayinlash bilan Tolibon tinchlik shartnomasini "ochiqdan-ochiq buzmoqda".
Uning qo’shimcha qilishicha, “Tolibon” Al-Qoida va boshqa terrorchi guruhlar bilan aloqalari haqida “doimo yolg‘on gapirgan” va guruhning bayonotlariga “ishonib bo‘lmaydi”.
Rodjioning aytishicha, Afg‘oniston yana terrorchi guruh uchun tayyorgarlik markaziga aylanishi mumkin.
“Al-Qoida umid qilishi mumkin boʻlgan hamma narsa shu. Ular xavfsiz boshpanaga ega. Ular mamlakatni to‘liq nazorat qilayotgan Tolibon tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda”, — deydi u.
Ammo ba'zi ekspertlar mamlakat yana xorijlik jangchilarni o'ziga jalb etayotganiga ishonmaydi.
Afg‘onistonni yillar davomida yoritgan jurnalist Sami Yusufzoy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Al-Qoida a’zolari hozir Afg’onistonda asosan arablardan iborat va atigi bir necha afg’on Tolibon a’zosi “majburiyat tufayli” qo’shilgan.
“Ular oʻsha yerda yashayotganlari uchun bu afg’onlar Al-Qoida bilan aloqada boʻlgan va ularga haq toʻlagani uchun Al-Qoidani himoya qilgan”, - deydi u.
Boshqa mintaqaviy ekspertlarning ta'kidlashicha, mintaqada Tolibon va AQSh boshchiligidagi kuchlar o'rtasidagi uzoq davom etgan harbiy to'qnashuv turli guruhlar o'rtasida mo’rt ittifoqlarni yuzaga keltirgan.
Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashi sobiq matbuot kotibi Rahmatulla Andarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tumanlardagi Tolibon guruhlari 20 yildan ortiq vaqtdan beri Al-Qoida a’zolarini o’z safiga qabul qilib keladi.
“Shuning uchun ularni ajratish qiyin. Nafaqat Al-Qoida, balki Pokiston Toliboni bilan ham”, - deydi u.
Andarning qo‘shimcha qilishicha, ba’zi afg‘onlar Al-Qoida bilan hamkorlik qilmoqda, biroq ular orasida guruh a’zolari ham bor.
“Ularning dunyoqarashi, maqsadlari va yondashuvlari bir”, - deydi u.
Afg‘onistonning Kapisa viloyatiga gubernator bo’lib qaytib kelgan Baryal endi Tolibon hukumatining rasmiy vakili sifatida mahalliy hamjamiyat bilan aloqalarini ko‘rsatuvchi videolarni “Facebook”da joylab bormoqda.
Facebook Forum