Breaking News

OPEK davlatlarining neft ishlab chiqarishni yana qisqartirishi nimani anglatadi?


Saudiya Arabistoni boshchiligidagi OPEK tashkilotiga a’zo davlatlar kutilmaganda neft ishlab chiqarishni yana qisqartirishga qaror qilgani jahon iqtisodiyotining istiqboliga oid xavotirlarni kuchaytirdi.

Rossiya ham neft qazib olish bo’yicha qisqartirishlarini yil oxirigacha davom ettirishini ma'lum qildi. Nazariy jihatdan, neftni qayta ishlash zavodlariga olib kelinadigan neftning kamayishi haydovchilar uchun benzin narxining oshishini anglatadi hamda AQSh va Yevropada inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin. Bu Rossiyaga Ukraina urushi tufayli qo’yilgan G'arb sanksiyalarining ta'sirini kamaytirishga ham yordam berishi mumkin.

Aksariyati OPEK neft karteliga kiruvchi neft ishlab chiqaruvchi davlatlarning ishlab chiqarishni kuniga 1 million barreldan ko'proq miqdorga qisqartirish qarori sayohat va sanoat uchun kamroq yoqilg'iga muhtoj bo'lgan global iqtisodiyotning sekinlashuvi fonida xalqaro benchmark xom neft narxi tushib ketishi ortidan qabul qilindi.

Bu oktabr oyida e'lon qilingan kuniga 2 million barrellik qisqartirishga qo'shimcha bo’ldi. Ikki qisqartirish dunyo bo'ylab yetkazib beriladigan jami neftning taxminan uch foizini tashkil qiladi.

Nega neft ishlab chiqarish qisqartirilmoqda?

OPEKning asosiy a'zosi bo’lgan Saudiya Arabistoni yakshanba kuni bu qaror neft narxi yanada keskin tushib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun "ehtiyotkorlik" chorasi ekanini aytdi.

Saudiya Arabistoni Energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon kelajakdagi talabga ehtiyotkorlik bilan yondashib, neftga bo'lgan ehtiyojning ehtimoliy kamayishi oldidan ta'minotni shunga moslash yo’lidan bormoqda.

Neft narxi o'tgan yozda bir barrel uchun 120 dollardan chiqqan edi. O’tgan oyda esa u 73 dollargacha tushib ketdi. Yakshanba kungi qaror e'lon qilingach, narxlar ko'tarildi. Dushanba kuni xalqaro benchmark Brent markasidagi neft 6% ga o'sib, taxminan 85 dollarni tashkil etdi.

Ba’zi banklarning qulashi, Yevropa iqtisodiy o‘sishining sustligi va Xitoyning COVID-19 dan tiklanishi ko‘pchilik kutganidan ko’ra uzoqroq davom etishi sababli AQShda retsessiyasi yuz berishidan qo‘rqib, neft ishlab chiqaruvchi davlatlar pandemiya va 2008-2009 yillardagi global moliyaviy inqiroz davridagi kabi narxlarning to‘satdan tushib ketishidan xavotir olmoqda.

Kapital bozorlari bo‘yicha tahlilchi Muhammad Ali Yasinning aytishicha, ko‘pchilik OPEK+ a’zolarining 4-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishigacha bunday o’zgarish yuz berishini kutmagan edi. Qaror ishlab chiqaruvchilarning shoshilayotganini ko’rsatadi, deydi u.

"Bu hamma uchun, menimcha, kuzatuvchilar va bozor ishtirokchilari uchun ajablanarli bo'ldi", - dedi u.

Endi maqsad neft narxining doimiy ravishda bir barrel uchun 70 dollardan pastga tushishiga yo’l qo’ymaslikdir; chunki narxning bu qadar pastga qulashi ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotlar uchun "juda salbiy" bo'ladi, deya qo’shimcha qildi Yasin.

Oktabr oyida neft ishlab chiqarishni kuniga 2 million barrelga qisqartirishga oid qarorning bir qismi qog'ozda qolib ketdi, chunki ba'zi OPEK+ davlatlari o'zlariga ajratilgan ulushni to’liq ishlab chiqara olmayapti. Kuniga 1,15 million barrellik yangi qisqartirish o'z kvotalarini bajarayotgan mamlakatlar o'rtasida taqsimlanadi - shuning uchun u oktabr oyidagi miqdor bilan bir xil hajmdagi qisqartirishni tashkil qiladi.

Hukumatlar qarorni odatdagi OPEK+ doirasidan tashqarida e'lon qildi. Saudiya Arabistoni kuniga 500 000 barrellik qisqartirish bilan yetakchilik qilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Iroq, Ummon, Jazoir va Qozog'iston esa kichikroq qisqartirishlarlar bilan hissa qo’shmoqda.

Ishlab chiqarishni qisqartirish inflyatsiyani yomonlashtiradimi?

Albatta, bu inflyatsiyani yanada kuchaytirishi mumkin. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, talab va taklif hozir nisbatan yaxshi muvozanatlangan, ya'ni ishlab chiqarishning qisqarishi kelgusi oylarda narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Xom neftni benzin, dizel va samolyot yoqilg'isiga aylantiradigan neftni qayta ishlash zavodlari sayohat talabining yillik o'sishini qondirish uchun yozgi ishlab chiqarishni ko'paytirishga tayyorlanmoqda.

AQShda benzin narxi bir gallon yoqilg’i xarajatining yarmini tashkil etadigan xom ashyoga bog'liq. AAA avtoklubi ma'lumotiga ko'ra, neft narxining pasayishi ortidan amerikalik haydovchilar bir gallon benzin uchun to’laydigan narx 2022-yil o'rtalaridagi 5 dollarlik rekorddan bu hafta 3,50 dollargacha tushib ketgan.

“Rystad Energy” kompaniyasining katta vitse-prezidenti Xorxe Leon tadqiqot eslatmasida aytilishicha, qisqartirishlar, agar to'liq amalga oshirilsa, "allaqachon qisqarishga yuz tutgan neft bozorini yanada toraytiradi". Bu pasayish neft narxini bir barrel uchun taxminan 10 dollargacha oshirib, yozda xalqaro Brent narxi bir barrel uchun 110 dollargacha chiqishi mumkin.

Bu yuqori narxlar inflyatsiyani oshiradi; bu esa markaziy banklarni foiz stavkalarini oshirishni davom ettirishga undaydi. Natijada global iqtisodiy o'sish pasayadi, deydi Leon.

Bu Rossiya uchun nimani anglatadi?

Moskva neft ishlab chiqarishni yil oxirigacha kuniga 500 000 barrelga qisqartirishini ma’lum qildi. AQSh, Yevropa Ittifoqi va Ukrainaning boshqa ittifoqchilari tomonidan keng ko'lamli sanksiyalariga yo’liqqan Rossiya davlat byudjetini qo'llab-quvvatlash uchun, asosan, neft va gaz daromadlariga tayanadi.

Biroq, tahlilchilar fikricha, Rossiyaning bu qarori uning neftiga bo'lgan talabning kamayishiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. G'arb sanksiyalar joriy etilishidan oldin ham Rossiya xom-ashyosidan voz kechdan edi. Moskva o'z neftining katta qismini Hindiston, Xitoy va Turkiyaga yo'naltirishga majbur bo'ldi.

Katta yettilik davlatlari, shuningdek, Rossiya neftining bir barreli uchun narx chegarasini 60 dollar qilib belgiladi. Rossiya ayni paytda o’z neftini chegirma bilan sotmoqda. Yil boshidan beri uning daromadlari kamaygan.

Oq uy nima deydi?

Vashington bu qarordan mamnun emas.

"Biz bozordagi noaniqlikni hisobga olgan holda, hozircha qisqartirishlar tavsiya etilmaydi deb o'ylaymiz ", - dedi Oq uy Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Adrien Uotson.

"Narxlar o'tgan yildan beri sezilarli darajada pasaydi. Yozda o’rnatilgan eng yuqori narxdan bir gallon uchun 1,50 dollargacha kamaydi. Energiya bozorlari iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlashi uchun va amerikalik iste'molchilar uchun narxlarni pasaytirish maqsadida barcha ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar bilan ishlashni davom ettiramiz”, - deya qo’shimcha qildi u.

Rossiya neftini arzonroq narxda Xitoy va Hindistonga sotayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:40 0:00

Oq uyning dastlabki munosabati oktabr oyidagiga qaraganda yumshoqroq bo'ldi, chunki avvalgi qisqartirish AQShda oraliq saylovlar arafasida yuz bergan edi. Prezident Jo Bayden o'sha paytda buning "oqibatlari" bo'lishi haqida ogohlantirgan va demokrat qonunchilar saudiyaliklar bilan hamkorlikni qayta ko’rib chiqishga chaqirgan edi.

“Capital Economics” markazi bosh iqtisodchisi Karolin Beyning aytishicha, qisqartirish "guruhning Rossiyani qo'llab-quvvatlayotganini ko'rsatadi va Bayden ma'muriyatining neft narxini pasaytirishga qaratilgan harakatlariga zid keladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG