Bayden ma'muriyati va Kongress AQShning azaliy hamkori Saudiya Arabistonini neft bahosini ataylab oshirayotganlikda ayblab, jazolash harakatida.
OPEC+, 23 davlat ishtirokidagi tashkilot, neft ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi mamlakatlar uyushmasi, o'tgan hafta Rossiya manfaatlari uchun xizmat qiluvchi qaror qabul qildi. Neft ishlab chiqarish hajmini 2 million barrelga qisqartirdi (hozirda kunlik kvota taxminan 42 million barrel). AQSh bunga qarshi.
Saudiya Arabistoniga ko'ra, bu qaror iqtisodiy omillarga asoslangan.
Kongressning ko'plab a'zolari esa qirollikni Rossiyaga sotilganlikda ayblab, unga qurol uzatishni darhol to'xtatish kerak deya talab qilmoqda.
Oq uy bu va boshqa takliflarni ko'rib chiqishga tayyor.
“Biz Saudiya Arabistonining qilmishiga yarasha javob beramiz. Kongress tanaffusdan qaytsin, chora ko'ramiz", - deydi Prezident Jo Bayden.
Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Bob Menendez fikricha, Saudiya Arabistoni OPEC+ da Kremlni quvvatlab, uning Ukrainadagi qonli urushini ham yoqlamoqda. Lekin bugun BMT Bosh Assambleyasida Saudiya Arabistoni Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchiligini qoralovchi rezolyutsiya uchun ovoz bergan. OPEC+ ning yana bir a'zosi bo'lmish Birlashgan Arab Amirliklari ham shunday qilgan.
“Mojaroning har ikki tarafida bo'la olmaymiz. Yo biz tomondasiz, yo Rossiya tomonda. Urush jinoyatlarini amalga oshirib, butun boshli davlatni dunyo xaritasidan o'chirib tashlashga urinayotgan davlatga yordamlashsangiz, biz bilan emassiz, bizga qarshisiz. Saudiya Arabistoni, afsuski, shu yo'lda", - deydi Menendez.
U va boshqa demokratlar Kongressni qirollik va AQSh orasidagi harbiy hamkorlikni kamida bir yilga muzlatishga undamoqda.
“Saudiya Arabistoni OPEC+ doirasida eng katta kuch va neft ishlab chiqarishni kamaytirish qarorida uni ayblash asosli. Biz jim turmaymiz', - deydi demokrat senator Richard Blumental.
“Saudiya Arabistoni o'tgan ikki yildan beri bizning manfaatlarimizga zid qadamlar tashlamoqda. Donald Tramp prezidentligi davrida qirollikni erkalatib, o'zidan ketishiga turtki berdi. Biz Saudiyaning xavfsizligini ta'minlashda yordamlashsak-da, ular bizni yordam bermay, aksincha zarar keltirmoqda. Prezident Bayden ularga nimaga qodirligimizni eslatib qo'yishi kerak", - deydi demokrat qonunchi Ro Xanna.
Blumental deydiki, qirollik qurol olish uchun Amerikadan yaxshiroq hamkorni topa olmaydi. Vashington uning adabini berishi kerak, deydi senator.
“Neft ishlab chiqarishni bizning saylovlar arafasida kamaytirish ataylab qilinayotgan ish", - deydi tahlilchi va sobiq rasmiy Aaron Deyvid Miller.
“Saudiya Arabistoni bu qadam bilan Prezident Baydenning nufuzi va quvvatlovini pasaytirish payida, toki demokratlar kuchini yo'qotsin. Xalqaro hamjamiyat Putinga qarshi, Saudiya esa neft bozorida Kremlni quvvatlamoqda".
Respublikachilar orasida ham qirollikka nisbatan munosabat salbiylashgan. Har ikki partiya a'zolari qirollikni oldindan huquqbuzar va zolim tuzum deya tanqid qilib keladi.
Ekspert Brayan Katulis deydiki, AQSh va Saudiya Arabistoni orasidagi rishtalar buzilgani aniq.
“OPEC+ doirasida o'tgan ikki yildan beri qilingan qarorlar bizga faqat zarar keltirdi", - deydi Katulis.
Blumental va Menendez respublikachilar bilan masalani muhokama qilib, 8-noyabrdagi saylovlardan keyin takliflarni ovozga qo'yishni rejalamoqda. Kongress a'zolari ungacha o'z okruglarida.