Breaking News

Neft narxi tushib ketishi eksportchilarga qanday ta'sir qilmoqda?


Bir haftacha oldin neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEC) va boshqa hukumatlar ishlab chiqarishni 9,7 million barrelga qisqartirishga kelishib oldi. Bitim ikki yirik eksportchi – Rossiya va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi narx urushiga barham berdi. Biroq pandemiya sabab kelishuv o’z ahamiyatini yo’qotganday.

“Neftga talab ta’minot kelishuvlaridan ko’ra tezroq tushmoqda”, - deydi tahlilchi Ben Kahill.

Virus sabab tijorat to’xtab qolgani neftga talabni pasaytirib, omborxonalar mahsulotga to’ldi va iyun oyida yetkazib berish bo’yicha fyuchers kontraktlar narxi manfiy qiymatga tushib ketdi. Dunyoning aksar qismlarida parvozlar to’xtatilgan, mashinalar garajda turgan va fabrikalar yopilgan bir paytda, neftga kunlik talab 30 million barrelga kamaygan.

Qazib olishni vaqtincha to’xtatish ham xarajat ekani hisobga olinsa, ishlab chiqarish hali-beri to’xtamaydi. Neft omborlari esa to'lib bo'lgan.

G’arb diplomatlari va tahlilchilarning qayd etishicha, neft narxi keskin tushib ketishi qator kompaniyalarni og’ir ahvolga solib qo’ydi. Yoqilg’i daromadiga tayanuvchi Yaqin Sharq davlatlari va Rossiya beqarorlik bilan yuzlashishi xavfi bor.

Osmonga ko'tarilmayotgan samolyotlar
Osmonga ko'tarilmayotgan samolyotlar

“Yaqin Sharq haqida gap ketganda, koronavirus iqtisodiy, siyosiy va harbiy inqirozlar ustiga keldi. Bu bilan, mintaqa jar yoqasiga kelib qolmadimi? Ayniqsa, Saudiya Arabistoni va Iroq neft daromadidan quruq qolgani hisobga olinsa”, - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Julien Barnes-Deysi.

Umid shuki, pandemiyadan keyin iqtisodiy tiklanish tezda ro’y beradi, neftga talab narx oshishiga olib keladi. Ammo zaxiradagi neft kamayishi uchun vaqt kerak va global inqiroz sharoitida xomashyoga talab yuqori bo’lmaydi.

“Narx pastligi neft va gaz kompaniyalariga ulkan zarar keltirmoqda. Ularning aksariyati allaqachon kamomad bilan yuzlashmoqda. Defitsit kengayib boraveradi. Yaqin Sharq yanada chuqurroq iqtisodiy tanazzulga botadi. Fors ko’rfazida geosiyosiy tanglik kuchayishi mumkin”, - deydi Berlindagi “Orient Matters” konsalting firmasi xodimi Deyvid Jalilvand.

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari qisqa fursatda o’z zaxiralaridan foydalanishi, xalqaro kapital bozorlaridan qarz olishi mumkin. Biroq boshqalarda, masalan AQSh sanksiyalari ostidagi Eronda, bunday imkoniyat yo’q, deydi mutaxassis.

Iroq va Eron

O’tgan yili neftdan tushgan daromad Iroq byudjetining 95 foizini tashkil etdi. Byudjet inqirozi sabab davlat xizmatchilari, harbiylar va shia harbiy bo’linmalari a’zolarining maoshini to’lash qiyinlashadi. Aholini asosiy xizmatlar bilan ta’minlash borajiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

Neftni qayta ishlash zavodi, Eron
Neftni qayta ishlash zavodi, Eron

Koronavirus tarqalishidan oldin ham mamlakat siyosiy inqiroz domida edi. Elektr va sog’liqni saqlash sohasida qisqartirishlar siyosiy barqarorlikka ham ta’sir qiladi.

O’tgan yili Eronda yalpi ichki mahsulot taxminan 9,5 foizga qisqargan. 35 foizlik inflyatsiya aholining xarid quvvatini yemirmoqda. Byudjet tushumlarining atigi 30 foizi neft savdosidan kelsa-da, Tehronning moliya borasida imkoniyatlari o’ta cheklangan. Ijtimoiy xarajatlar kamayishi xalq yana qo’zg’alishiga olib keladi.

Saudiya Arabistoni

Muhammad bin Salmon
Muhammad bin Salmon

Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlari, jumladan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon hokimiyatini mustahkamlayotgan Saudiya Arabistoni ham siyosiy bo’hronni chetlab o’tishi qiyin bo’ladi.

Qirollikda zaxira kamayib, byudjet kamomadi o’sib bormoqda. Koronavirus pandemiyasi va neft arzonlashuvi sabab tushumlar kamayib ketgan. Bu esa Salmon rejalagan iqtisodiy islohotlarni chippakka chiqarishi mumkin.

So’nggi oylarda Salmonning vakolatlari oshgan sari qirol oilasining mansabdan chetlatilgan a’zolasi tomonidan tanqidlar ham kuchaydi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra, o’tgan oy saroy to’ntarishiga urinishning oldi olingan.

Rossiya

Rossiyada ham siyosiy risk yuqori. Narxlar pasayishi “iqtisodiyotning darmonini quritib yubordi”, deydi AQSh sobiq razvedkachisi Yujin Rumer.

“Vedomosti” gazetasiga ko’ra, Rossiyaning Urals nefti barreliga 8,48 dollardan sotilmoqda. Bu 1998-yildan beri eng past ko’rsatkich. Mamlakat eksport tushumlarining uchdan ikki qismi va byudjet daromadining 40 foizi neftdan keladi.

Vladimir Putin
Vladimir Putin

Moliya vazirligi yil boshida bayon qilganki, neft barreliga 25 dollar bo’lgan taqdirda ham Rossiya buni 10 yilgacha ko’tara oladi. Bunda byudjetdagi kamomadni qoplash uchun 150 milliard dollarlik valyuta zaxirasini ishga solish ko’zlangan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, ushbu prognoz o’ta optimistik bo’lib, Prezident Vladimir Putinning aholi turmush darajasini ko’tarish haqidagi va’dalari hisobga olinmayapti.

“Hozirgi byudjet barreliga 42 dollarlik neft narxida hisoblangan. 570 milliard dollarga teng valyuta zaxirasi haqiqatan vaziyatni yumshatishi mumkin, ammo qisqa vaqtga”, - deydi tahlilchi Margarita Assenova.

Koronavirus paydo bo’lishidan oldingi bir necha oy davomida mamlakatda turmush qiyinlashib borayotgani yuzasidan namoyishlar avjiga chiqayotgan edi.

“Agar neft narxi ko’tarilmasa, Vladimir Putin ijtimoiy xarajatlarni oshirish va’dasini bajara olmaydi”, - deydi Assenova. Bu, o’z navbatida, konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish orqali Putinning hokimiyatda qolishini qiyinlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG