Breaking News

COVID-19: Yaqin Sharq davlatlarida iqtisodiy ahvol og'ir


Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari
Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari

Koronavirusning global iqtisodiyotga bergan zarbasidan Yaqin Sharq mintaqasi boshqalardan ko’proq ziyon ko’rmoqda.

“Region ikki tomondan zarba yedi”, - deydi Jihod Azur, Xalqaro valyuta jamg’armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari. - Birinchisi, virus Xitoydan tarqalishi bo’ldi – Yaqin Sharq davlatlari savdo va xizmat ko’rsatish sohasida Xitoy bilan yaqin hamkor. Ikkinchisi, neftga talab tushib ketishidir”.

Aviakompaniyalarning faoliyati to’xtagan va deyarli barcha davlatlarda karantin amalda ekan, jahonda neftga talab taxminan 30 foizga kamaygan.

Neft eksport qiluvchi davlatlar hamda AQSh va Rossiya erishgan dastlabki kelishuvga ko’ra, may va iyun oylarida neft ishlab chiqarish kuniga 9,7 million barrelga kamaytiriladi. Bu Rossiya va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi narx urushiga chek qo’yadi, degan umid bor.

Ta’minotni kamaytirish orqali neft ishlab chiqaruvchilar mahsulot narxini oshirmoqchi. AQSh Prezidenti Donald Tramp ishlab chiqarishni kuniga 20 million barrelgacha kamaytirish kerak degan taklifni olg’a surmoqda.

“Citigroup” sarmoya banki neftning o’rtacha bahosi bu yil 36 dollarga, 2021-yilda esa 56 dollarga ko’tarilishini bashorat qilmoqda.

Tahlilchilar fikricha ham 12-aprelda erishilgan kelishuv yetarli emas va neft narxi tushishda davom etishi mumkin.

Tadqiqotchi Jozef Bahutga ko’ra, Saudiya Arabistoni singari mintaqaviy moliyaviy o’yinchilar allaqachon zarar ko’ra boshlagan. Milliardlab dollarga teng yirik loyihalar to’xtab qolishi mumkin.

“Kelasi yillarda jahon iqtisodiyoti inqiroz bilan yuzlashishi ehtimoli bor. Amerika va G’arb bozorlaridagi o’zgarishlarni hisobga oladigan bo’lsak, neft narxi 30-40 dollar atrofida qolishi mumkin”, - deydi Bahut.

“Shunday ekan, Saudiya Arabistonining moliyaviy ahvoli o’ta og’ir. Qirollik yaqin 6-7 oy davomida byudjet kamomadi bilan yuzlashadi. Valiahd shahzodaning iqtisodiy islohotlar dasturi o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi kerak bo’ladi”.

Shahzoda Muhammad bin Salmon neftga tobelikdan qutulish haqida bayonotlar qilib kelayotgan edi.

“Ular kelasi 5-10 yil ichida imkon qadar ko’proq neft sotishga intilmoqda. Chunki undan keyin energiya bozori butunlay gaz, slanets va boshqa manbalar tomon yo’naladi. Saudiya uchun bu oxirgi imkoniyat”, - deydi Jozef Bahut.

Qirollikning taxminan 87 foiz byudjet daromadi neftdan kelar ekan, yaqindan boshlab diversifikatsiya rejalarini tuza boshlagan. Diniy turizm ham iqtisodiyotga kattagina hissa qo’shadi, ammo umra ziyorati koronavirus sabab vaqtincha to’xtatilgan. Yoz oylarida Makka va Madina shaharlariga 2 million musulmon haj safariga borishi kutilayotgan edi. Bu ham savol ostida.

Hisob-kitoblarga ko’ra, ziyoratlar Saudiya Arabistoniga 12 milliard dollar olib keladi, ya’ni mamlakat yalpi ichki mahsulotining 7 foizi. Makka va Madinada xususiy sektor daromadlarining 25-30 foizi haj mavsumi bilan bog’liq.

“COVID-19 ga qarshi ko’rilgan choralar Yaqin Sharq bo’ylab muhim tarmoqlarga, jumladan turizmga zarar yetkazdi, ishlab chiqarish to’xtab qoldi, ishidan ayrilganlar ham anchagina”, - deydi Maha Yahyo, Karnegi Yaqin Sharq markazi direktori.

“Mintaqa davlatlari, ayniqsa Iroq, Suriya, Yaman va Liviya kabi mojaroga yo’liqqan mamlakatlarda pandemiya mavjud tizimlarni yanada zaiflashtiradi”, - deya qo’shadi u.

Koronavirusdan oldin ham regiondagi ko’plab jamiyatlar jiddiy iqtisodiy va siyosiy muammolar bilan yuzlashib turgan edi, ayniqsa sog’liqni saqlash sohasida.

“Bugungi kunda ular iqtisodiyotni rag’batlantirish uchun moliyaga ega emas”, - deydi Yahyo.

Xalqaro valyuta jamg’armasi mintaqaga bevosita yordam ko’rsatmoqda. Jahon bankiga ko’ra, joriy yilda region yalpi milliy mahsuloti 1,1 foizga qisqaradi. Pandemiyadan oldin 2,6 foizlik o’sish bashorat qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG