AQSh Rossiya o´z neftini Shimoliy dengiz yo`li orqali Xitoyga tashiyotganini diqqat bilan kuzatib turibdi.
Ukraina bosqinidan so’ng sanksiyaga olingan Rossiya uchun Xitoy asosiy hamkorga aylandi, jumladan, Arktika yo´nalishida ham.
“Bu yerdan hech kim ziddiyat qidirayotgani yo´q, ammo vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz”, - deydi bu borada AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi “Amerika ovozi” savoliga javoban.
Bu yil Rossiya kemalari Shimoliy dengiz yo’li orqali Xitoyga muntazam qatnadi.
Nord Universiteti Shimoliy qutb logistika markazi ma´lumotiga ko`ra, o’tgan yil Arktika orqali Xitoyga neft tashilmagan.
Arktika instituti asoschisi Malte Xumpertning aytishicha, sanksiyalar Rossiya neftiga ehtiyojni kamaytirar ekan, Xitoy asosiy xaridorga aylandi; Moskva Pekinga Arktika eshiklarini ochmoqda.
“Avval Yevropaga jo’natilgan resurslar endi Osiyoga, asosan, Xitoyga yetkazilmoqda”, - deydi u “Amerika Ovozi”ga.
Bu Moskvaning pragmatik tanlovi, chunki Shimoliy dengiz yo`li Suvaysh kanalidan o’tuvchi an’anaviy yo’nalishga nisbatan tezroq, suzib o’tish ham oson, muzliklar kam.
Ammo trafik oshishi jiddiy ekologik xavf tug’diradi, ayniqsa Moskva neft tashish uchun korpusi muzlardan muhofazalanmagan kemalardan foydalana boshlashini e’lon qilishi ortidan.
“Agar yuk Sharqiy Arktikada to’kilsa, suv uni AQSh tomon oqizadi, neft xalqaro chegaralardan o´tadi, bu xavotirli vaziyat ”, - deydi Qutblarni o’rganish instituti direktori Rebekka Pinkus.
Rossiyadan Xitoyga neft eksporti 2022-yilga nisbatan o’rta hisobda 23 foizga, kuniga 400 ming barrelgacha oshgan.
Jon Kirbi Xitoyni Ukraina bosqini ortidan Rossiya neftiga qo’yilgan 60 dollargacha bo’lgan narx cheklovini buzmaslikka chaqirdi.
Ammo ayni paytda Rossiya nefti barreli 80 dollar atrofida sotilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Buning ortidan AQSh Moliya vaziri Janet Yellen cheklovlardan samara kamligini tan oldi.
Rossiya-Xitoy munosabatlari
G’arb energetik kompaniyalari, jumladan, "Shell", "British Petroleum" Rossiyani tark etishi ortidan Moskva Arktikani o’zlashtirishdagi loyihalari va Shimoliy dengiz yo’lidagi terminallarini moliyalashtirishda Xitoyga bog´lanib qolmoqda.
Arktika bilan chegaraga ega bo’lmasa-da, 2018-yilda o`zini “Arktika atrofi” davlati sifatida e´lon qilgan Xitoy Rossiya energetik loyihalarini moliyalash orqali Arktikadagi ishtirokini oshirish, qit’a tabiiy boyliklariga yo´l topish, geosiyosiy nufuzini mustahkamlash harakatida.
Avval Xitoyning bu maqsadiga Shimoliy muz okeani qirg’oqlarini 53 foizini nazorat qilayotgan, qutbdagi nufuzini keskin himoyalab kelayotgan Moskva to‘sqinlik qilib turgan edi.
Ammo Ukraina bosqini tufayli sanksiyaga olingan Rossiya ayni paytda qarshilikka tayyor emasdek.
“Biz hozir Moskva Xitoyning barcha talablarini bajarish darajasida zaiflashayotganini kuzatib turibmiz”, - deydi Pinkus.
Oq uy vakili Jon Kirbiga ko’ra, Moskva va Pekinning Arktikadagi hamkorligi muqaddam xavotirlarga sabab bo´lmagan:
“Biz ozod va rivojlanayotgan Arktika mintaqasini ko’rishni istaymiz. Undan Arktika bilan chegaraga ega barcha davlatlar manfaatdor bo’lishi kerak”, - deydi Kirbi.
Arktika mintaqasi bilan sakkiz davlat - AQSh, Rossiya, Kanada, Daniya, Islandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya chegaradosh.
Ularning hammasi iqlim o’zgarishi, dengiz yo’llari va tub aholi huquqlariga oid masalalarni muhokama qiluvchi Arktika Kengashiga a´zo.
Arktika Kengashi Ukraina bosqini ortidan Moskva bilan hamkorlikni to’xtatgan edi.
Kengash mulozimlaridan biri Morten Hyoglundning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, avgust oyida ishchi guruhlar faoliyatini qayta tiklashga qaror qilingan.