Breaking News

Rossiya muzyorar kemalar bilan Arktikani egallamoqchi


Xalqaro hayot - 21-iyun, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00

Xalqaro hayot - 21-iyun, 2019-yil

Rossiya Arktikani egallash tomon katta qadamlar tashlamoqda. AQSh razvedkasining ogohlantirishicha, Moskvaning shimoliy qutbdagi harbiy va iqtisodiy faolligi sovuq urush davridan beri kuzatilmagan darajaga yetgan. Rossiya portlarini Xitoy bilan bog’laydigan yuk tashish yo’llarini kengaytiramiz, deydi Prezident Vladimir Putin. Shu maqsadda ilg’or texnologiyalar bilan jihozlangan muzyorar kemalar ishlab chiqarilmoqda.

Sankt-Peterburgdagi zavodda bayram. Ishchilar va ularning oilalari deyarli uch yilllik mehnat mahsuli – “Ural”ni kuzatish uchun yig’ilgan. Atom muzyorar kemasi Arktikadagi dengiz yo’llari ustidan nazoratni qo’lga olish tomon yana bir qadam.

“Shimoliy dengiz yo’llarini kattaroq ochish Rossiya uchun muhim. Ushbu yangi kema sharofati bilan bu maqsadga erishamiz”, - deydi Baltika kemasozlik zavodi xodimi Valeriya Ditkovskaya.

Rossiya 2035-yilgacha yana 13 ta muzyorar kema yasashni rejalamoqda. Ulardan to’qqiztasi atom kemalar bo’ladi. Ularni “Rosatom” ishlab chiqaradi.

Arktikada hukmronlik - Pyotr Birinchi davridayoq boshlangan orzu. Sovet davriga kelib esa dengiz yo’llarini ochib, mintaqa resurslarni o’zlashtirish milliy prioritet deb belgilangan. Sovet Ittifoqi qulagandan so’ng bunday rejalar unutildi, lekin Vladimir Putin boshqaruvi davrida yana kun tartibiga chiqdi.

“Arktika bilan olimlar ham, hukumat ham yana qiziqib qoldi. Avvaliga baliqchilik va Osiyo tomon qisqaroq yo’llar muhim ahamiyat kasb etardi, hozir esa Arktika biz uchun tabiiy gaz manbai hamdir”, - deydi Arktika muzeyi xodimi Mariya Dukalskaya.

AQSh Geologiya markaziga ko’ra, dunyo bo’ylab 22 foiz o’zlashtirilmagan neft va gaz Arktika muzlari ostida. Mutaxassislarning aytishicha, iqlim iliqlashishi muzlikdagi resurslarni qo’lga kiritishni osonlashtiradi.

“Harorat o’zgarishi Arktikaga sezilarli ta’sir ko’rsatmoqda. Okean yuzasidagi muzlar 2017-2019 yillar oralig’ida ancha kamaydi”, - deydi Arktika institutidan Aleksandr Makarov.

Shimoliy qutb nazorati Moskva uchun harbiy jihatdan ham muhim. Bu masalada AQSh, Kanada va Norvegiya bilan tortishuvlar davom etmoqda.

“Sovet Ittifoqi davrida ham Arktikada harbiy bazalar bo’lgan. Hozir Rossiya o’sha pozitsiyalarini kuchaytirmoqda xolos”, - deydi Sankt-Peterburg universiteti professori Nadejda Xarlampyeva.

Bahaybat atom muzyorar kemasi yo’lga chiqarkan, unga cherkov ahli oq fotiha berdi. Kemaga tekkan birinchi zarba muzdan emas, shampan vinosi shishasidan. “Ural” Boltiq dengizidan Sharqiy Osiyo sohillari tomon suzadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG