AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroilda bir kun bo’lib, mamlakat rahbarlari va XAMAS jangchilari tomonidan o’ldirilgan va o’g’irlangan isroilliklar yaqinlariga dalda berib, vataniga qaytib ketdi.
Amerika rahbari Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni qamalga olingan G’azoga Misr orqali gumanitar yuk kirishiga ruxsat berishga ko’ndirishga muvaffaq bo’ldi. Sektorning 2,2 million aholisi suvdan, oziq-ovqat, yoqilg’i, elektr quvvatidan ayrilgan. Bayden, shuningdek, Qo’shma Shtatlar G’azo Sektori va G’arbiy Sohildagi falastinliklarga gumanitar yordam uchun 100 million dollar ajratishini ma’lum qildi.
Netanyaxuning aytishicha, XAMAS garovdagi odamlarni ozod etsagina Isroil gumanitar yukning o’z hududi orqali ham o’tishiga ruxsat beradi.
“G’azoga yo’llarni zudlik bilan ochish kerak. Rafahdagi koridorni imkon qadar tez ochish lozim. Hamma narsa chegarada turibdi, G’azoga kirishga tayyor”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining G’arbiy Sohil va G’azodagi idorasi vakili Rik Piperkorn.
Tinch aholi - Isroilning XAMASga zarbalari qurboni
Isroil bir milliondan ortiq g’azolikka sektorning shimoliy qismini tark etishni buyurgan. Yarim million odam shahardan chiqishga muvaffaq bo’ldi.
“Urush boshlanganidan uch kun o’tib havo hujumida bir qarindoshim, uning onasi va besh farzandidan iborat oilasi o’ldi. Farzandining kattasi 13 yoshda, kichigi 2 da edi. Portlashda tilka-pora bo’lishdi. Dafn etish uchun jasadlari ham qolmadi”, - deydi “Oksfam” tashkilotining Rafahga qochgan vakili Fido al-Araj.
Bugun sektorning Xon-Yunus shahri yana Isroil hujumiga uchradi. Uch qavatli imoratda bir necha ayol farzandlari va onalari bilan yashagani, 12 kishining o’lgani ma’lum.
7-oktabrdan beri salkam 3500 falastinlik o’ldirilgan, yaralanganlar soni 12 mingdan oshib ketdi. Zahara shahrida ham butun qolgan imoratlar deyarli yo’q.
Qo’shma Shtatlar chorshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashida Braziliya tashabbusi bilan gumanitar tanaffus taklif etgan rezolyutsiya loyihasiga veto qo’ydi. Shundan keyin Rossiya Bosh Assambleyadagi 193 mamlakat elchilarini favqulodda maxsus sessiyaga to’planishga chaqirdi. Bosh Assambleyada hech bir davlatda veto vakolati yo’q.
Isroil qo’shni Livanni ham o’qqa tutmoqda. “Hizbulloh” javob beryapti. AQShning Livandagi elchixonasi fuqarolariga mamlakatni tark etishni tavsiya qildi.
Ayrim kuzatuvchilar “Hizbulloh” Isroilga qarshi katta hujum boshlasa, AQSh mintaqaga safarbar etilgan aviatashuvchi kemalaridan Livan va Eronni nishonga olishini taxmin qiladi.
“Hizbulloh” XAMASga qaraganda ancha qudratliroq ekani aytiladi.
“Hizbulloh”ning 200 mingga yaqin raketasi bor. Birinchi bo’lib raketalari joylashgan joylar nishonga olinadi. AQShda ana shunday salohiyat bor”, - deydi “Xeritij jamg’armasi” deb nomlanuvchi Vashingtondagi tahlil markazidan Dakota Vud.
Putinning ogohlantirishi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mojaroga tobora qattiqroq tortilmoqda.
“Ularning bu mojaroga umuman aloqasi yo’q. Ammo ular aloqasi bor deb o’ylaydi. O’rta Yer dengiziga ikkita aviatashuvchi kemalarini yetkazishgan. Tahdid emasku, hozirdan xabardor qilib qo’ymoqchiman. Men harbiy-havo kuchlarimizga Qora dengizdagi betaraf hududni nazorat qilishni buyurdim. MiG-31 samolyotlarimizda “Kinjal” raketalari bor”, - dedi Putin.
Ayrim harbiy mutaxassislar mintaqada mojaro kuchaygudek bo’lsa, AQSh harbiy kemalari ushbu gipertovushli raketalar nishoni bo’lishini taxmin qilmoqda.
Netanyaxu urush jinoyatchisimi?
Bu o’rtada Netanyaxu vaziyatni baholash uchun urush davri uchun tuzilgan harbiy boshqaruv kabineti majlisini o’tkazdi.
"Prezident Bayden bilan uchrashuv chog’ida garovga olingan fuqarolarimizni ozod etishlari kerakligini, Qizil Xoch qo’mitasi vakillari ularning xolidan xabar olishi kerakligini aytdim”, - dedi Netanyaxu.
Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham AQSh va Yevropa rahbarlaridan qolishmaslik harakatida bugun Quddusga bordi, Isroil bosh vaziri va prezidenti bilan uchrashdi, London Isroilning o’zini himoya qilish huquqini qo’llab-quvvatlashini aytdi.
Ispaniyaning ijtimoiy huquqlar bo’yicha vaziri Ione Belarra Isroil rahbarini urush jinoyatlarida ayblab, uni Xalqaro jinoiy sudda javobgarlikka tortishga chaqirdi. Belarra Yevropa Ittifoqi va AQShni Isroilni irqchi va bosqinchi siyosatini olib borishga rag’batlantirayotganlikda aybladi.
BMT tergovchilari Isroil va XAMASning harbiy jinoyatlarga aloqadorligiga oid dalil va ma’lumotlar to’playotganini bildirdi. Har ikki taraf tinch aholini qasddan nishonga olayotganlikda ayblanmoqda.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy yuzlab odamni nobud qilgan G’azodagi kasalxonaga hujumni qoralab, bu “sionist tuzumi”ning oxiri dedi.
Isroil nafaqat G’azo, balki Falastin Muxtoriyati nazoratidagi G’arbiy Sohilda ham harbiy amaliyotlar o’tkazmoqda. Bugun hududda Isroil hujumida kamida sakkiz falastinlik o’lgan.
Isroil armiyasi talafotlari haqida hisobot berdi. Mudofaa kuchlari so’zlovchisi Daniel Xagarining aytishicha, 7-oktabrdan beri 306 ta askar o’lgan, 206 kishi G’azoda garovda saqlanmoqda.
Isroilga qarshi namoyishlar
Qator mamlakatlarda Isroilning G’azodagi hujumlariga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Chorshanba kuni AQSh poytaxti Vashingtonda 200 ga yaqin yahudiy patsifistlar qonunchilar o’tiruvchi Kapitoliy binosiga kirib, G’azoda harbiy harakatlarni to’xtatishni talab qildi. Politsiya tarqalish buyrug’iga bo’ysunmaganlarni hibsga oldi.
Istanbulda esa Isroil va AQSh konsulxonalari binolari yonida mahalliy aholi al-Ahli Arab kasalxonasiga hujum yuzasidan norozilik bildirdi.
Falastin Muxtoriyati va Turkiya hukumati qurbonlarni xotirlash uchun uch kunlik motam e’lon qilgan.
AQShning Chikago shahrida yuzlab odam ko’chaga chiqdi. Ular Isroilni baptistlar kasalxonasini nishonga olganlikda aybladi.
Isroil hujumga aloqadorligini inkor etarkan, XAMAS raketalaridan biri texnik nosozlikka uchrab kasalxonaga tekganini bildirmoqda. Biroq ayrim kuzatuvchilar XAMAS ixtiyorida imoratni butunlay vayron qiladigan kuchga ega raketalar yo’qligiga, XAMASning Isroil tomon otgan raketalarining birotasi turar-joyni tekislamaganiga ishora qiladi.