Breaking News

Bayden Isroil bilan "dangal" gaplashgan; BMTdan rezolyutsiya yo'q


AQSh va Isroil rahbarlari 18-oktabr kuni Tel-Avivda muloqot qildi
AQSh va Isroil rahbarlari 18-oktabr kuni Tel-Avivda muloqot qildi

Isroilga qisqa safaridan qaytgan Prezident Jo Bayden yahudiy davlat rahbariyati bilan "dangal gaplashdim", deydi.

7-oktabrda XAMAS xuruji ostida qolib, 1400 dan ziyod odamini boy bergan Isroil bu guruhni yo'q qilishga bel bog'lagan va AQSh uni quvvatlamoqda.

Isroil shundan beri zo'r berayotgan hujumlarda G'azo sektorida 3000 dan oshiq falastinlik o'lgan.

“Isroil ahli jabr ko'rdi, bu aniq, ammo hukumat G'azodagi begunoh aholining azobini ham tushunishi kerak", - deydi Bayden.

Amerika prezidenti deydiki, falastinliklarning "boshqa boradigan joyi yo'q". Isroil ham o'zini himoya qilishi kerak, deydi Bayden, ham arab aholini uqubatdan xalos etishi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, insonparvarlik yordami yetkazish uchun Misr bilan kelishilgan va ko'makni BMT agentliklari tarqatadi. Uning ogohlantirishicha, XAMAS bu ishlarga to'sqinlik qilsa, o'z xalqi manfaatlariga qarshi qadam tashlagan bo'ladi.

Baydenning aytishicha, uzoq kutilgan yordam yuk mashinalarida hafta oxirigacha manzilga yetib borishi kerak. AQSh bu mojaroga harbiy safarbar etmaydi va Isroilning biror harakatida unga askar qo'shmaydi, deydi Bayden.

Isroilga borishidan oldin Bayden Isroilni G'azoga bostirib kirmaslikka undagan. Tel-Avivda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan muloqot qilgan prezident undan bu maslahatiga qanday munosabat eshitganini oshkor etmayapti.

Bayden xulosa qilishicha, bu hafta G'azoda kasalxonaga bomba tashlagan tomon Isroil emas, falastinlik eksremistlardir.

Yahudiy davlat xurujda falastinliklarning "Islomiy jihod" to'dasini ayblagan. Guruh buni inkor etmoqda. Oq uy bu voqea yuzasidan tekshiruv davom etayotganini bildirgan.

G'azo sektori kasalxonalarida, 17-oktabr, 2023
G'azo sektori kasalxonalarida, 17-oktabr, 2023

AQSh Falastin ahliga 100 million dollarlik gumanitar yordam yetkazadi. Biroq Vashington Isroil bilan yelkadosh, deydi prezident.

“Terroristlarga bosh egmaysiz. Qonunlaringizga bosh egasiz. Mojaro paytida bu boradagi qonunlarga amal qilasiz", - dedi u Isroilga safari paytida.

Bayden Amerikaning o'zi terroristlarga qarshi kurashda xatolar qilganini tan olib, muvaffaqiyatlarga erishilganini ham aytadi.

“Rahbariyat oldida hamisha og'ir qarorlar turadi. Izchillik zarur. Murakkab masalalar. Aniqlik kerak. Haqqoniy fikrlab, tahlil qilishingiz kerak. Maqsadingiz yo'lida konkret qadam tashlashingiz kerak", - deydi Bayden.

Bayden Tel-Avivdan Iordaniyaga o'tib, qirollik, Misr va Falastin rahbarlari bilan gaplashishni rejalagan edi. Biroq G'azodagi portlashlar sabab bu reja bekor qilingan.

Vashingtonda Falastinni quvvatlovchi namoyishlar, 18-oktabr, 2023
Vashingtonda Falastinni quvvatlovchi namoyishlar, 18-oktabr, 2023

XAMAS Isroilni terrorizmda, tinch aholini qirayotganlikda ayblaydi. Netanyaxu esa odamlar "bizdan emas, terroristlardan g'azablansin", deya XAMASga ishora qilmoqda.

Amerika nazarida XAMAS Falastin ahlini aks ettirmaydi. Isroilga ko'ra, guruh ataylab odamlar orasida yashiringan.

G'azoda har kuni o'nlab insonlar nobud bo'layotganiga qarshi namoyishlar dunyo bo'ylab avj olib, Qo'shma Shtatlar, Turkiya, Livan, Eron va Tunisda minglab insonlar ko'chada.

Bayden ma'miriyati omma kayfiyatini tushunishini bildirsa-da, Isroil o'zini himoya qilishga haqli, degan pozitsiyasida qat'iy.

G'azoda Isroil hujumlarida jon bergan bolala, 18-oktabr, 2023
G'azoda Isroil hujumlarida jon bergan bolala, 18-oktabr, 2023

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish fikricha, hujumlarni darhol to'xtatib, XAMAS qo'lidagi asirlarni ozod etish bilan shug'ullanish kerak. Isroil Falastin aholisiga gumanitar ko'mak uchun yo'l berishi lozim, deydi u.

BMT Xavfsizlik kengashida Braziliya tanishtirgan rezolyutsiya loyihasi AQSh tomonidan vetoga uchragan. Hujjatda zo'ravonlik qoralanadi, garovdagilar zudlik bilan ozod qilinishiga va insonparvarlik yordami uzatishga chaqiriladi.

AQSh nazarida rezolyutsiya loyihasi xom va ayni damda Yaqin Sharqda ketayotgan jadal diplomatiyani hisobga olmaydi. Sa'y-harakatlar samara berishi kerak, deydi Vashingtonning BMTdagi elchsi Linda Tomas-Grinfild.

Yevropa Ittifoqi ham Isroilning G'azoga suv, yegulik va energiya ta'minotini kesganini qoralab, buni xalqaro qonunlarga zid harakat, deya baholagan.

Isroil G'azo shimolida yashovchilarga janubga ketishni buyurgan. 600 mingcha odam mashina va piyoda uyini tashlab chiqqan.

Biroq Isroil shimolda ham, janubda ham hujumlarni to'xtatmayapti. XAMAS nishonda ekani aytilsa-da, har kuni tinch aholi vakillari halok bo'lmoqda.

Yahudiy hukumatga ko'ra, XAMAS ataylab turar joylardan turib faoliyat yuritadi, o'z xalqini qalqon sifatida qo'llaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG