Breaking News

Al-Ahli kasalxonasiga kim hujum qildi?


Seshanba kuni G’azodagi al-Ahli Arab kasalxonasi hujumga uchrab, kamida 500 odam o’lgan. Rasmiylar qurbonlar soni bundan ancha ko’p bo’lishini taxmin qilmoqda. Hujum paytida hududdagi yagona nasroniy kasalxonada boshqa joylardan ko’chirilgan yuzlab odam bo’lgan.

Xalqaro hayot - 18-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:20 0:00

G’azo Sog’liqni saqlash vazirilgi va butun musulmon dunyosi hujumda Isroilni aybladi, Isroil esa “Islomiy jihod” Isroil tomon otgan raketalardan biri adashib kasalxonaga tushganini da’vo qilmoqda.

XAMAS harakati Isroilga 7-oktabr kuni hujum qilganidan beri Isroil G’azoni tinmay havodan o’qqa tutmoqda. Shu kunga qadar 3500 dan ziyod falastinlik jon bergan.

AQSh prezidenti Isroilda

Bugun Tel-Avivga borgan AQSh Prezidenti Jo Bayden Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashib, AQSh XAMASga qarshi urushda Isroil bilan birdam ekanini, al-Ahli kasalxonasiga zarbani Isroil bermaganini aytdi.

Amerika prezidenti Iordaniyaga ham borib, Misr, Iordaniya va Falastin Muxtoriyati rahbarlari bilan ko’rishishi rejalangan edi, ammo G’azodagi kasalxonaga hujum ketidan muloqot bekor qilindi.

Netanyaxu Baydenga Isroilni qo’llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Bayden XAMASni Daish jihodchi guruhidan yomonroq deb atadi.

“Oldin aytganimdek, biz o’z xalqini himoya qilayotgan mamlakatingizni qo’llab-quvvatlashda, begunoh insonlar boshiga kattaroq fojia tushmasligi uchun Isroil va mintaqadagi hamkor davlatlar bilan hamkorlik qilishda davom etamiz”, - dedi Bayden.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Isroilning kasalxonaga hujum yuzasidan qilgan bayonotini yolg’on deb atadi.

“Isroil armiyasining so’zlovchisi bir hafta oldingi bayonotida “bemorlarni kasalxonalardan evakuatsiya qilinglar” deb aytgan edi. Kasalxonalar ham ular uchun nishon”, - dedi elchi.

Ko’p musulmon davlatlarda aholi ko’chaga chiqib namoyish qildi, Isroilni urush jinoyatlarida aybladi, ayrim shaharlarda AQSh va Isroil diplomatik vakolatxonalari hujumga uchradi.

Tunisda xaloyiq Amerika va Fransiya diplomatlarini mamlakatdan haydashga da’vat etdi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk voqeani shaffof tergov qilishga chaqirib, al-Ahli kasalxonasiga hujum bilan bir kunda al-Mag’azi qochqinlar lageridagi BMT maktabiga ham zarba berilganini aytdi.

4000 odam jon saqlab turgan maktabga hujumda kamida olti kishi o’lgan.

Yirik xalqaro forumda qatnashish uchun Xitoyga borgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kasalxonaga hujumni dahshatli ofat deb, mojaroga barham berishga chaqirdi. Yevropa rahbarlari hujumga kim qo’l urganini aniqlashga da’vat etdi.

10 kunlik zo’ravonliklarda G’azoda 10 ming odam jarohat olgan, ya’ni har kuni ming kishidan. O’lganlar 3500 dan oshib ketdi.

Bugun Isroil hujumlarida G’azodagi Nuseyrat qochqinlar lageri ham yer bilan tekislandi.

Yaqinlarini so’nggi yo’lga kuzatgan falastinliklar zo’ravonliklarda Qo’shma Shtatlarni ham aybladi.

"Sizning ma’muriyatingiz, sizning milliardlab dollarlaringiz, Isroilga bergan ommaviy qirg’in qurollaringiz bu jinoyatlarga aloqador ekanini avlodlar unutmaydi, tarixga bitiladi”, - dedi G’azoning Xon-Yunus shahridan Mansur Chuman ismli bir odam.

Osama Hamdan ismli XAMAS rasmiysi Livanda tashkil etilgan matbuot anjumanida AQSh va G’arbdagi barcha davlatlarni tinch g’azoliklarga qarshi urushga to’liq mas’ul ekanini aytdi.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak parlamentdagi chiqishida britan razvedkasi G’azo kasalxonasiga hujumga doir dalillarni tahlil qilayotganini bildirdi, yetarlicha dalil bo’lmasidan Britaniya hukumati xulosa chiqarishga shoshilmasligini aytdi.

Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel Isroilni zudlik bilan qamalni bekor qilishga chaqirdi.

"Aholini asosiy infratuzilmadan, suvdan, elektr quvvatidan ayirib, oziq-ovqat yetkazilishiga to’siq qo’yib batamom qamalga olish xalqaro qonunchilikka ziddir”, - dedi u.

“Hizbulloh” Isroilga hujum qilishga jur’at eta oladimi?

Mintaqada zo’ravonliklar kuchaygani sari “Hizbulloh” harakatining mojaroga aralashish ehtimoli oshib bormoqda. Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, mintaqada kattaroq urush boshlanib ketishi mumkin.

Isroil va “Hizbulloh” vaqti-vaqti bilan o’q almashib turadi, biroq to’liq to’qnashuvgacha ish borgani yo’q.

So’nggi bor taraflar 2006-yilda katta urush qilgan. Livan iqtisodiyoti o’shandan beri haligacha o’zini tiklab olgani yo’q. Livanliklarning bir qismi “Hizbulloh” maqsadlarini qo’llab-quvvatlasa, boshqalar yangi urush ularning turmushlarini barbod qilishini aytadi.

“Hizbulloh” Isroilga hujum qilsa, mintaqaga ko’plab jangovar kema va samolyotlarini yetkazgan AQSh Isroilning yonini olishi muqarrar.

Livan nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy beqarorlikdan ham chiqa olmayapti. Siyosiy partiyalar bir yil oldin bo’sh qolgan prezidentlik kursisiga loyiq nomzod bo’yicha kelisha olmayapti. Isroil bilan kattaroq mojaro mamlakatdagi nozik ichki tartibni izdan chiqarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG